HARAKATLANISh TEZLIGI
transport vositalari va oqimning tezligi ortgani sayin yo’lning o’tkazish qobiliyati unumlashadi, yo’lovchilarning yo’lda yo’qotadigan vaqtlari kamayadi, yuk tashish tezlashadi, iqtisodiy samaradorligi ortadi, lekin yuqori tezlik harakatlanish xavfsizligiga tahdid soladi.
1. Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo’l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo’nalishidagi ko’rinishni hisobga olgan holda transport vositasini belgilangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi kerak.
Transport vositasining tezligi haydovchiga Qoidalar talablarini bajarish, harakatni doimo nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerak.
Ruxsat etilgan maksimal tezlik bilan harakatlanish har doim ham xavfsiz bo’lavermaydi. Haydovchi tanlagan tezlik, yo’lda xavf paydo bo’lganida, transport vositasini to’xtata oladigan darajada bo’lishi kerak. Buning uchun haydovchi ko’rinish masofosiga qarab shunday tezlik tanlashi kerakki, to’xtash yo’li ko’rinish masofasidan o’tib ketmasin (avtomobilning to’xtash yo’li – haydovchi xavfni ko’rib to’liq to’xtagunicha o’tgan masofa).
Harakatlanish paytida, haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo’lgan xavf yoki to’siq paydo bo’lsa, u transport vositasining tezligini to’liq to’xtashini ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to’siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavfsiz aylanib o’tish choralarini ko’rishi kerak.
Xavf – yo’l harakati qoidalarini buzib, bexosdan paydo bo’ladigan transport vositalari, piyodalar va h.k.
To’siq – transport vositasidan tushib qolgan biror-bir yuk, yo’lda buzilib to’xtab turgan transport vositasi va boshkalar.
2. Aholi yashaydigan joylarda transport vositalari tezligini soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Tezlikning bunday cheklanishi faqat kirishi 5.22, chiqishi 5.23 (asosi oq rangda bo’lgan) yo’l belgilari bilan belgilangan aholi yashash joylariga tegishli.
Kirish joyi 5.24, chiqish yo’li 5.25 (asosi ko’k rangli) belgilar bilan belgilangan hududdagi tezlik aholi yashamaydigan joylardagi tezlik chegarasi bilan bir xil bo’ladi.
3. Aholi yashamaydigan joylarda va kirish yo’li 5.24, chiqish yo’li 5.25 belgilari o’rnatilgan hududlarda:
– engil avtomobillarga va ruxsat etilgan to’la vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan;
– shaharlararo qatnaydigan avtobuslarga va mikroavtobuslarga tezlikni soatiga 90 kilometrdan oshirmasdan;
– boshqa avtobuslar, tirkamali engil avtomobilar, mototsikllar, ruxsat etilgan to’la vazni 3,5 tonnadan ortiq bo’lgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 80 kilometrdan oshirmasdan;
– tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
4. Har qanday yo’llarda:
– odam tashiyotgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
– mexanik transport vositalarini shatakka olgan transport vositalariga tezlikni soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan;
– xavfli, og’ir vaznli va katta o’lchamli yuklarni tashiyotgan, tashkiliy jamlanmada harakatlanayotgan transport vositalariga YHXB bilan kelishilgan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
5. Haydovchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
– tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko’rsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish.
Pastlik (nishablik) tomon harakatlanayotgan transport vositalarining tezligi ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko’rsatilgan normadan oshib ketishi mumkin. Bu hol transport vositasining turg’unligi yo’qolib, ag’anab ketishga olib kelishi mumkin;
– tezlikni transport vositasiga o’rnatilgan taniqlik belgi («Tezlik cheklangan»)da ko’rsatilganidan oshirish
Ba’zi maxsus transport vositalari (avtokran, un tashuvchi tsisterna, tsement tashuvchi tsisterna, beton tashuvchi tsisterna, va shu kabilar) ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan yuqori tezlikni chegaralovchi taniqli belgi bilan ta’minlanadi. Yo’l sharoitlari imkon bergan taqdirda ham tezlikni, taniqli belgida ko’rsatilganidan oshirish mumkin emas;
– zarurat bo’lmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish.
Yo’llarning eni cheklangan bo’lib, ayniqsa serqatnov yo’llarda past tezlik bilan harakatlanish tirbandliklar hosil qiladi va avtotransportning ish unumini pasaytiradi (yo’lovchilarning qimmatli vaqtlari, yukni kechiktirib etkazish va h.k.);
– yo’l-transport hodisasining oldini olish zarurati bo’lmaganda keskin tormoz berish.
Zaruratsiz keskin to’xtash ketma-ket kelayotgan transport vositalarining to’qnashuviga olib kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |