Afg’oniston
Urush yillarida ichki siyosiy hayot keskinlashdi. 1946-yilda kabinet
almashuvi bo‘lib, hukumatga qirolning tog‘asi Shoh Mahmud boshchilik qilaboshladi. Tashqi siyosatda dastlab AQSH bilan yaqinlashish boshlandi. Ammo AQSH janubdagi irrigatsiya inshootlarini vaqtida (1949) tugallamay qo‘shimcha mablag‘ talab qildi Afg‘onistonni noqulay vaziyatda 39,5 mln dollarlik asoratli zayom olishga majbur qildi.
1955-yilda Pokiston Afg‘oniston tovarlarining Pokiston hududi orqali o‘tkazilishini taqiqlab qo‘ydi. Bunday sharoitda SSSR o‘z hududi Afg‘oniston tashqi savdosida tranzit vazifasini o‘tashi mumkinligini ma’lum qildi. 1955-yilda bu masala xususida sovet – afg‘on bitimi imzolandi. M. Zokirshohning 40 yillik hukmronligi davrida mamlakat taraqqiyoti o‘ta sekin rivojlandi. Mamlakatda atigi 300 ta katta-kichik sanoat korxonasi qurildi, xolos. (Uning 140 tasi SSSR yordami bilan qurilgan.) Buning oqibatida mamlakat qoloqligicha, aholi turmush darajasi esa pastligicha qola berdi.
Mamlakatda Afg‘onistonni zamon ruhiga monand davlatga aylantirishni istovchi davlat arboblari ham yo‘q emas edi. Bu arboblardan biri — qirolning qarindoshi Muhammad Dovud edi (1908—1978). U 1953-yildan 1963-yilgacha Bosh vazir lavozimida ishladi. Dovud iqtisodning davlat yo‘li bilan boshqarilishi, mamlakat ichki hayotini erkinlashtirish tarafdori edi. 1956-yilda hukumat 5 yillik reja qabul qildi. Unda asosiy e’tibor sanoat, transport, qishloq xo‘jaligiga qaratildi. 1959-yilda ayollarning chodra yopinib yurishi bekor qilindi.
Dovud hukumatidan keyingi hukumatlar ham (Muhammad Yusuf 1963— 1967, Nur Ahmad Etimodi 1967—1971, M. Shafiq 1972—1973) mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida biror jiddiy o‘zgarish qila olmadilar. Aksincha, iqtisodiy qiyinchilik kuchaydi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash qiyinlashdi. Mamlakatda kuchaygan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar oxir-oqibatda hukmron doiralarda bo‘linish yuz berishiga olib keldi.
Armiya qismlari 1978-yilning 27-aprelida AXDP rahbarligida davlat to‘ntarishi o‘tkazdilar. To‘ntarishni polkovnik Abdulqodir boshqardi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qo‘liga o‘tdi. Bu Kengashga AXDP rahbari N. M. Taraqqiy rahbarlik qildi. B. Karmal unga o‘rinbosar bo‘ldi. Dovud o‘ldirildi. 1977-yilgi Konstitutsiya bekor qilinib, 1978-yil 30-aprelda mamlakat Afg‘oniston Demokratik Respublikasi deb e’lon qilindi. Taraqqiy o‘z mavqeyini mustahkamlash maqsadida SSSR bilan munosabatni yaxshilay boshladi.
1979-yil 25-dekabrda SSSRning qo‘li bilan Amin hukumati ag‘darildi. SSSRga sodiq bo‘lgan va Pragadagi elchilik vazifasidan Afg‘onistonga kelgan B. Karmal prezidentlik lavozimiga o‘tkazildi. 28-dekabrda SSSR o‘z harbiy qismlarini Afg‘onistonga kiritdi. Tez orada bu qo‘shinlar soni 85 ming kishiga yetdi. Jahon jamoatchiligi SSSRning bu harakatini qattiq qoraladi. Ayni paytda sovet – amerika munosabatlari yanada keskinlashdi. 1982-yildan Jenevada bu masalada BMT komissiyasi ishladi.
Poytaxt Kobul shahrida AXDP rahbarlaridan biri, 1986-yilda B. Karmal o‘rniga kelgan Najibullo hokimiyatni saqlab turdi. Ayni paytda muxolifat kuchlar ham o‘z hukumatini tuzdilar. Sibhatullo Mujadaddiy mamlakat prezidenti etib tayinlandi. Muxolifat kuchlar 1992-yilda Najibullo hukumatini ag‘darishga muvaffaq bo‘ldilar. Najibullo BMTning Afg‘onistondagi vakolatxonasida boshpana topdi. Shu tariqa SSSRning Afg‘onistondagi tayanchi quladi. Jahon jamoatchiligi 10 yil davom etgan va mamlakatni vayronaga aylantirgan, millionlab kishilar boshiga cheksiz kulfatlar solgan urush shu bilan tugadi, deb umid qilgan edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Afg‘onistonda fuqarolar urushi davom etaverdi. Buning sababi muxolifat kuchlar g‘alabasidan so‘ng ular o‘rtasida hokimiyat uchun boshlangan kurash edi. Muxolifat kuchlar Afg‘onistonda yashovchi turli etnik (pushtunlar, tojiklar, o‘zbeklar va boshqalar) hamda diniy guruhlarning vakillari edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |