Kirish. XIX-asrning oxirida AQSH kapitalizmi imperializm bosqichiga o`tdi. Mamlakat ichida kapitalning kontsentratsiyalashuvi va bank kapitalining sanoat bilan qo`shilib ketishi davom etdi. AQSH trestlar hukmron bo`lgan klassik mamlakatga, monopolistik kapitalizm mamlakatiga aylanaverdi. Quyidagi raqamlar sanoatning o`sishini va kontsentratsiyalashishini ko`rsatib turibdi. Korxonalar soni 1899-1914 yillarda ko`payib, 208 mingtadan 275 mingtaga yetgan bo`lsa, shu korxonalarda ishlagan ishchilar soni qariyb ikki baravar ko`paydi. 4713-ming kishidan 7036 ming kishiga etdi. Sanoat korxonalariga band qilib qo`yilgan kapital qarib uch baravar ko`paydi. 8975 ming dollordan 22791 ming dollorga etdi.
AQSH sanoat ishlab chiqarishi hajmi jihatidan Yevropa mamlakatlarini orqada qoldirib ketdi. 1909 yilgi ma`lumotlarga qaraganda sanoat mahsulotining qiymati 20 milliard dollordan oshiqroq bo`ldi. Bu esa, Buyuk Britaniya sanoat mahsulotining qimmatidan qariyb 2,5 baravar va Germaniya sanoat mahsulotining qimmatidan 2 baravar oshiq edi.
Ayrim sanoat tarmoqlaridagi rivojlanishni Yevropa mamlakatlaridagi xuddi shunday sanoat tarmoqlari rivojlanishiga doir ma`lumotlar bilan taqqoslab qarasak, AQSH sanoatining o`sishini tag’in ham ravshanroq ko`ramiz. Chunonchi birinchi jahon urushi arafasida AQSHda ishlab chiqarilayotgan toshko`mirning, cho`yan va po`latning miqdori Angliya, Fransiya va Germaniya erishgan jamiki miqdoriga teng edi. Sanoatning boshqa hal qiluvchi tarmoqlarida ham AQSH, Angliya, Fransiya va Germaniyadan o`zib ketib, birinchi o`rinni mustahkam egallab oldi.
Birinchi jahon urushidan so'ng millionlab oddiy amerikaliklarning ahvoli deyarli o'zgarmadi. Yirik sarmoya daromadlarining o'sishi ularning moddiy ahvoliga hech qanday ta'sir ko'rsatmadi. Jamiyatning boy va qashshoq tabaqalari daromadlari orasidagi farq aql bovar qilmas dara-jaga yetdi. Buning oqibatida mamlakatda ish tashlashlar avj oldi, ishchilar sinfining faolligi jihatidan AQSh G'arb mamlakatlari orasida yetakchi o'ringa chiqdi.