REFERAT
Mavzu: O’zbekistonda paxta ishi va uning oqibatlari
Bajardi: 1-1MAT20 talabasi Temirov Miraziz Sayfullo o’g’li
Tekshirdi: Sharipov Shohruz Faxriddin o’g’li
2020-2021-yil
O’zbekistonda paxta ishi va uning oqibatlari
Reja:
1.XX asrning 80-yillarida SSSR davlatidagi siyosiy o’zgarishlar.
2.O’zbekistondagi kadrlar almashish siyosati tamoyillari. O’zbekiston -asosiy paxta ta’minlovchi mintaqa.
3. Qabohat,yoxud “o’zbek ishi”.
4.Xulosa. Bu- tarixning achchiq haqiqati!
XX-asrning 80-yillarida SSSR davlatida ko’plab o’zgarishlar ro’y berdi. Ayniqsa, 1982-1985 yillar bularni o’z ichiga oladi. Leonid Brejnov 1982-yilning noyabr oyida vafot etdi. Ungacha L.Brejnov KPSS MK bosh sekretari lavozimida ish yuritgan edi. 1982-1984-yillarda Yuriy Andropov, 1984-1985-yillarda Konstantin Chernenko Sovet Ittifoqiga rahbarlik qildi. 1985-yil 11-martda Mixail Gorbachyov KPSS MK Bosh sekretari, 2-iyulda Andrey Gromiko SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi lavozimlariga saylandi. Gorbachov 1985-yildan mamlakatda qayta qurish siyosatini boshladi. Bunga sabab, XX asrning so‘nggi choragiga kelganda o‘zida butun boshli xalqlar va millatlarni birlashtirgan sobiq Ittifoq hududida iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi. Ittifoqqa kiruvchi davlatlar fuqorolari ongida mustaqillika bo‘lgan intilish va harakat paydo bo‘lib, o‘sib bordi. Tabiiyki Ittifoq hukumati bunday intilish va harakatlarga toqat qila olmas edi va bor imkoniyatini ishga solib, zo‘ravonlik bilan bo‘lsa ham bu harakatlarni to‘xtatishga kirishdi. Ittifoq rahbarlari fikricha, bu harakatlarni to‘xtatish uchun butun boshli xalqni o‘z domiga tortuvchi siyosat ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etish mo‘ljallangandi. Aynan mana shu siyosat natijasida ,, paxta ishi’’ , ,,o‘zbek ishi ’’ degan uydirmalar paydo bo‘ldi va o‘zbek xalqiga nisbatan bu siyosat amalga oshirildi. Bu tadbirni faqat Markaziy Osiyoga o’tkazilishiga sabab, boshqa mustamlakalarda bu loyiha ish bermasdi. Qo’zg’alon keltirib chiqarishi omillari ko’p edi. Qolgan qismi asosan Boltiqbo’yi va Kavkaz mintaqalarida joylashganligi sababli ularga Yevropa havosining ta’siri bor edi. Shu siyosat bilan ular butun Ittifoq davlatlaridagi noroziliklarni to‘xtatmoqchi bo‘ldilar. XX asrning 80-yillariga kelganda sovet rejimi, uning siyosiy tizimi va xo’jalik yuritish usullari o’zining rivojlanish imkoniyatlarini tugata boshladi. O’zbekiston iqtisodiyoti katta xomashyo va tabiiy boyliklar zaxirasiga ega bo’lishiga qaramasdan SSSRning markaziy hududlaridan ancha ortda qola boshlagan. Ana shunday sharoitda O’zbekistonning o’sha paytdagi siyosiy rahbariyatida iroda, qat’iy jur’at, Sovet Ittifoqi doirasida respublika tutgan mavqeini ochiq-oydin aytib o’tish uchun mardlik yetishmadi. Bu rahbarlar Markaz topshiriqlarini tezroq “uddalash”, respublikaning SSSRga boqimanda ekanligi to’g’risidagi uydirmalarni takrorlashdan nariga o’tishmadi. “Paxta ishi”, “qo‘shib yozishlar” masalasi ham aslida 1983-yilda boshlangan. O‘z Kompartiya MQsining XVI Plenumi va unda Inomjon Usmonxo‘jayevning Markazdan O‘zbekistonga kadrlar bilan “yordam berish”ni so‘rab qilgan murojatidan so‘ng bu ish avj oldi. O‘zbekistonga yuzlab, minglab kadrlar yuborildi. Bular – Anishchev, Ogarok, Klepikov, Satin, Nesterenko, Buturlin, O.Gaydanov, E.Didarenko, Lyubimov, Kalinichenko, Korolyov, Maydanyuk, Mavrin, Litvinenko, Ivanov, Galkin, Kartashyan va boshqalardir. “Paxta ishi” bo‘yicha juda ko‘p guruhlar tashkil qilindi. Mahalliy xalqnig “harakter va psixologiyasi”ni yaxshi bilgan jallodlar bu guruhlarga tub yerlik prokuror va tergovchilarni bosh qilib, ularga “yaxshi konsultatsiya”lar berdilar va shu tariqa sopini o‘zidan chiqardilar. Yuqori saviyada “maslahat” olgan guruh a’zolari amaliy ishga tushib ketdilar. Ular 70-80-yillarda keng tus olgan qo‘shib yozishlar bo‘yicha jinoyatchilarni aniqlab berishlari kerak edi. Haqiqatan ham shu yillarda paxta, chorva va boshqa sohalar bo‘yicha qo‘shib yozishlar davlat rejalarini sun’iy ravishda bajarish usuli bo‘libgina qolmay, millionlab so‘m davlat mablag‘larini suiste’mol qilish va talon-taroj etishning sinalgan usuli edi. Poraxo‘rlik avjiga mingandi. Bunday qo‘shib yozishlar, poraxo‘rliklarning asosiy ilhomchisi va tashkilotchisi Moskvaning o‘zi bo‘lib, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, davlat xo‘jaligi direktorlari, jamoa xo‘jaligi raislari, paxta tayyorlash korxonalari va paxta tozalash zavodlari rahbarlari bu ish bilan bog‘liq edilar.
O‘zbekiston mamlakatning asosiy paxta xomashyosi bilan ta’minlovchi mintaqasi bo‘lganligi sababli qo‘shib yozishlar illati “rivojlangan” joy O‘zbekiston deb qaraldi va qo‘shib yozishlarga qarshi mamlakat miqyosida katta harakatlar boshlanib, O‘zbekiston birinchi nishonga olingan respublikalardan bo‘lib qoldi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, darhaqiqat xalq xo‘jaligidagi qo‘shib yozishlar O‘zbekistonda mavjud bo‘lib, aksariyat hollarda kolxoz va sovxozlarning mansabdor shaxslari tomonidan qo‘shib yozishlar paxta tozalash korxonalarining tayyorlov tashkilotlariga tayyorlanmagan va topshirilmagan paxtani topshirildi deb tovarsiz fakturalarni tuzish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Bunday qo‘shib yozishlarga kolxoz va sovxozning brigadasida, bo‘limida tuzilgan, ichki xo‘jalik hisobga olish ma’lumotlari, so‘ngra zavod paxta punktining tovarsiz yozilgan, bir tomondan – kolxoz va sovxoz tomonidan, ikkinchi tomondan – paxta tozalash sanoati korxonasi tomonidan rejaning bajarilganligi to‘g‘risidagi davlat hisoboti ko‘rsatilgan ma’lumotlarni balanslashtirgan tovarsiz kvitansiyalar asos qilib olingandi. Zavod direktori va buxgalteri ushbu ma’lumotlardan rejani bajarishgani to‘g‘risidagi hisobot ma’lumotlarini oshirish uchun foydalanishgan va ularni respublika paxta tozalash sanoati vazirligiga hamda statistika boshqarmasiga topshirganlar. O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo viloyati sanoatining asosiy yo‘nalishlari ham paxtachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, paxtani qayta ishlash Qashqadaryoda 51 foizga teng bo‘lgan. O‘zbekiston janubida shu jumladan, Qarshi cho‘li, Surxon - Sherobod cho‘llarini o‘zlashtirib, Respublikaning janubida joylashgan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan XX asrning 80 - yillariga kelib, o‘rtacha 1 million tonna paxta yetishtirish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Gektaridan olinishi lozim bo‘lgan hosildorlik yildan - yilga ortib borib, uni bajarishning iloji bo‘lmagandan keyin, qo‘shib yozish degan bir illat paydo bo‘ldi. Markaz o’ylab topgan ,,paxta ishi’’, ,,o’zbeklar ishi’’ siyosatining asorati XX asrning 80-yillaridan boshlab Qashqadaryoda yaqqol ko’zga tashlandi. Birgina 1981-83 yillarda Qashqadaryoda halol mehnat qilib obro’ topgan mashhur kolxoz raislari,sovxoz direktorlaridan,viloyat rahbarlari 36 kishi ishdan bo’shatilib, ma’muriy yo’l bilan jazolandi. Ular orasida shahrisabzlik mashhur raislar A.Turopov, Qurbonov, sovxoz direktori N.Sharopov, Kasbi rayon xalq kontroli qo’mitasinig raisi Ziyod Arabov, O’zbekiston KP Bahoriston tuman qo’mitasining ikkinchi kotibi R.Suyarov, Qarshi tuman paxta tozalash zavodi direktori Tohirovlar bor edi. Mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sohadagi inqiroziy holatlar, avvalo, sovet hukumatining ma’muriy-buyruqbozlik siyosati natijasi ekanligini tergov guruhi mutlaq anglab yetmas edi. Shahrisabz tuman partiya qo’mitasining birinchi kotibi X.Xoliqov S.Jo’rayev bilan birgalikda 4.651.000 ming so’m pulni paxtaga qo’shib yozish hisobiga pora sifatida olganliklarida ayblanganlar. Aslida, bu miqdordagi pulning 3.100.000 so’mi Serpuxovo, Kutaisi, Boku, Orexovo-Zuevo va boshqa shaharlardagi to’qimachilik korxonalariga qabul qilinmagan xomashyo uchun pora sifatida berilgan edi. X.Yunusovaning ilmiy tadqiqot ishida ta’kidlanishicha, SSSR FA olimlari o‘tkazgan hisob - kitoblarga ko‘ra, qo‘shib yozishlar butun mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotning 3 foiziga teng bo‘lgan. Xomashyo yetkazish sohalarida esa, qo‘shib yozishlar 5 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan. Mamlakat iqtisodiyotidagi holatlar boshqa ittifoqdosh respublikalarda ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, 1977- yilda Belorussiya SSRda qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilganligi uchun 1075 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tojikiston SSRning Leninobod viloyatidagi qurilish tashkilotlarida 1983 - 1984 yillarda 700 ming rubllik qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.1 Ozarbayjon SSRda esa 1983- yilning o‘zida 667 sanoat korxonasi va qurilish tashkilotlarida qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgan. Moldaviyada esa qo‘shib yozishlar nihoyatda avj olgan bo‘lsa-da, kishilar tobora ko‘proq mansab kursilarini egallab borganlar.
1983-1987-yillarda Moskva, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) va RSFSRning boshqa shaharlaridan 1000 nafarga yaqin “desantchi” O’zbekitonning partiya, sovet, ma’muriy-xo’jalik organlariga yuqori rahbarlik lavozimlariga ishga yuborilgan edi. O’sha paytda “desantchilar” va 3000 nafardan ortiq tergovchilarga mahalliy rahbarlar va respublika huquq-tartibot organlarining ko’plab xodimlari katta yordam bergan.
1985-1990-yillarda O’zbekistonda “paxta ishi” degan uydirma bo’yicha jami 40 000 kishi tergov qilindi, ularning aksariyati tergov izolyatorlarida prokuror sanksiyasisiz o’tirdi, 5000 nafar kishi esa soxta ayblar bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov jarayonida inson huquqlari toptalib, tutqunlarga kismoniy va ruhiy tazyiq o’tkazildi. Ularning oila a’zolari va qarindosh-urug’lari ham qamoqqa tashlandi. Kadrlarni almashtirish siyosati ayanchli tus oldi.Markaziy matbuotda e’lon qilingan maqolalarda o’zbek xalqi badnom etilib, paxta ishiga ataylab siyosiy tus berildi va u “O’zbek ishi” ga aylantirildi. Bu siyosiy kompaniyani O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbarlari qo’llab-quvvatlashdi.Markazdan yuborilgan kommunistik amalparastlar O’zbekistonning partiya va hokimiyat tizimida asosiy o’rinlarni egallab, o’zbek xalqiga qarshi qatag’onni avj oldirdilr. Qatag’on qilichi eng avvalo O’zbekistonning sobiq rahbari, marhum Sharof Rashidov xotirasiga qarshi ko’tarildi. “Sharof Rashidovchilik” degan sun’iy ibora o’ylab topilib, undan Sh.Rashidovni o’limidan so’ng badnom qilish va shuhratini yerga urishda foydalanildi. Shahrisabzdagi Engels nomli kolxoz raisi Suvonovning so’roq vaqtida bergan ko’rsatmalarida bunday deyiladi; ’’Bizning kolxozimiz 1983-yil noyabr oylari boshida paxta tayyorlash rejasini bajardi. O’sha vaqtdagi obkomning ikkinchi kotibi Golovachev tumanimizda vakil edi. U menga paxtani qo’shib yozishni taklif etdi. Men unga kolxoz yillik rejani bajarganini, dalada esa paxta qolmaganini aytdim. Shundan keyin 8-9 kun davomida Golovachevning ko’ziga ko’rinmay yurdim. u baribir meni topib uyatli so’zlar bilan haqorat qildi. Ikki marta urdi. Men paxtaga qo’shib yozishga majbur bo’ldim, paxta zavodi klassifikatoriga 180.000 ming so’m pul berdim’’. Ko‘rinib turibdiki bularning barchasi mahalliy aholi xohishlariga mutlaqo zid ravishda, qo ‘pol suratda markaz topshirig’i bilan amalga oshirilgan.
Rossiyalik tarixchi, maxsus xizmatlar va SSSR tarixi bo‘yicha o‘nlab kitoblar muallifi Aleksandr Kolpakidi: «O‘zbek ishini kim boshlagan? Gdlyan va Ivanovni hamma biladi. O‘zbekiston KGB raisi Levon Melkumovni deyarli hech kim bilmaydi. Bularning barini Andropov, Melkumov, Gdlyan, Ivanovlar qilishdi. U yerda boshiga ikki marta o‘q uzib, o‘z joniga qasd qilganlar bo‘lgan. Va bu korrupsiyaga qarshi kurash, deb atalgan», - dedi olim tarixchi Fyodor Razzoqovning ushbu mavzuga bag‘ishlangan kitobi bo‘yicha. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet nomenklaturasining ustunlaridan biri - urush faxriysi, harbiy nishonlar kavaleri Sharof Rashidovni qulatishga sabab bo‘lgan o‘zbek ishi - respublikalarda juda salbiy qabul qilingan. Boshqa rahbarlar markazga ishonchini yo‘qotib, sovet davlatining siyosiy asoslarini zaiflashtirdilar.Olim ishonch bildirishicha, Rashidov sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishiga qarshi chiqqani va islom olami bilan munosabatlarni mustahkamlashni xohlagani paxta ishining yashirin sababiga aylangan.«Rashidov har doim Afg‘onistonga qo‘shinlar kiritilishi xato bo‘lganini ko‘rsatib kelgan va urushni tugatishni talab qilgan. U musulmon respublika yetakchisi sifatida bundan manfaatdor bo‘lgani aniq. Bu mamlakatimizning musulmon dunyosi bilan munosabatlariga juda kuchli geosiyosiy zarba bo‘ldi», - dedi Aleksandr Kolpakidi.Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat Rashidovning shaxsiga, balki sovet ittifoqidagi asosiy islom omili sanalgan butun O‘zbekistonga qarshi kampaniya bo‘lgan.«Toshkent o‘zining mashhur kinofestivali bilan Osiyo poytaxti edi. Endi Osiyo poytaxti Shanxay, o‘sha vaqtda Toshkent edi. Faqat Osiyo emas, balki arab davlatlarining ham. U yerga kelishgan, bu shahar mamlakatning oziq-ovqat «eshigi» edi. Va aynan shu respublikaga shunday zarba berildi», - deya xulosa qilgan tadqiqotchi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yangiboy Qo’chqorov” “O’zbek ishi” va “paxta ishi” musibatining ildizi qayerda edi nomli maqolasida shunday satrlarni keltirgan: Darhaqiqat, bu “ish” O‘zbekistonning eng asl farzandlari boshiga og‘ir kunlarni soldi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi In’omjon Usmonxo‘jayev, Oliy Kengash Rayosati Raisi Oqilxon Salimov, Vazirlar Kengashi Raisi Normaxonmadi Xudoyberdiyev bilan birga yuzlab firqa kotiblari, vazirlar, raislar, brigadirlar, paxta zavodi direktorlari, qabul punktlari mutasaddilari nohaq qamaldi. Ularga ota, ona, rafiqa, farzand, qarindosh bo‘lgan minglab odamlar azob chekdilar. Totalitar tuzum tanazzulini ko‘plar janob Gorbachevning nayranglari, ko‘plar GKChP mashmashasi bilan bog‘laydilar. Balki bu diktatura nafaqat Abdulla Qodiriyning begunoh qoni, balki keyingi yuz minglab jabrdiyda insonlarning ko‘z yoshlari uvoliga qolgandir. Kim biladi?
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, XX asr 80 – yillari boshlarida Ittifoq miqyosida boshlangan ijtimoiy – siyosiy muammolar, uning chekka hududlari – O'zbekiston viloyatlarini ham chetlab o'tmadi.Markazning bu muammolarni mahalliy boshqaruv idoralarining mas'uliyatsizligi va boshqa sun'iy ayblovlar evaziga haspo'shlash yo'lidan borishi hamda turl vositalar yordamida respublikada jinoiy ishlarni boshlab yuborishi oqibatida mahalliy aholi va kadrlar qiynoqlarga duchor bo'ldi, ularning haq – huquqi poy – mol etildi “Kadrlar to’dasi” deb nom olgan 400 ga yaqin kelgindilar O’zbekistonni o’z bilganlaricha boshqara boshladilar. Inomjon Usmonxo’jayev rahbarligi davrida O’zbekistonda “O‘zbеklar ishi”, “Paxta ishi” nomi ostida sovetlar qatag’on siyosatining yangi to’lqini amalga oshirildi. Moskvadan yuborilgan Gdlyan va Ivanov guruhi O’zbekistonning boshiga tushgan kulfat bo’ldi. Guruh a’zolari hech kim bilan hisoblashib o’tirmay odamlarni qamash bilan shug’ullandi. Oddiy dehqondan tortib O’zbekiston Kompartiyasi MQ sekretarlari va hukumat a’zolarigacha bo’lgan xodimlarni qamash uchun birovlarni zo’rlab yozdirib olgan bir parcha qog’oz kifoya edi. O’zbekistonda qonunchilik buzildi, o’zboshimchalik va qatag’onchilikning yangi davri avj oldi. Ming-minglab iqtidorli, rahbarlik mahoratini puxta egallagan rahbar kadrlar, paxtakorlar, ter to’kib mehnat qilgan halol kishilar qamoqqa olindi. “O‘zbеklar ishi”, “Paxta ishi” bo‘yicha qancha odamning qamoqqa olinganligi to‘g‘risida turlicha ma’lumotlar bor. Ba’zi manbalarda 22 ming, boshqasida 30 ming, hatto 48 ming odam hibsga olinganligi ko‘rsatiladi. 4,5 mingdan ko’proq kishi sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. O’zbekistonning, o’zbek xalqining sha’ni-shavkati va qadrqiymatini oyoq osti qilindi. Buni anglamagan, ayrim mahalliy rahbar xodimlar o’zboshimcha qonunbuzarlarga yordamlashdilar. . Markaz o’ylab topgan “paxta ishi “, “o’zbek ishi” siyosatining asorati keyingi davrlarda ham yaqqol ko’zga tashlandi. Bu kabi siyosatlarning barchasi mahalliy aholi xohishlari,huquq va manfaatlariga zid ravishda,qo’pol suratda markaz topshirig’I bilan shafqatsizlarcha olib borilgan. Mansabparast Rafiq Nishonov o’rniga O‘zbekistonga 1989-yil 23-iyunda Islom Karimov yangi rahbar etib tayinlandi. Islom Karimov Farg’ona fojealarini bartaraf etish va xalqning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash yuzasidan qat’iy chora-tadbirlar ko’rdi. Islom Karimov boshchiligida yangi davrni boshladi. Rafiq Nishonov esa respublikaga rahbarlik qilgan yillarda qat’iyatsizligi, uzoqni ko‘ra bilmagani tufayli Markazning O‘zbekistonga nisbatan g‘arazli siyosati va qatag‘onlari davom etdi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot og‘irlashdi, millatlararo adovatlar kuchaydi. Haqiqat, adolat keyinroq Islom Karimov O’zbekiston rahbari bo’lgach ro’yobga chiqdi. Islom Karimov tashabbusi bilan “Paxta ishi”ni ko’rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. Pirovardida 3,5 mingdan ko’proq kishi oqlandi, qolganlari avf etildi.
Bu bog’bon shunchaki bog’bon emasdir,
Bu bog’da gul umri xazon emasdir,
Endi o’zbek bo’lish oson emasdir,
O’z o’zidan O’zbekiston bo’lmadi.
O’zbekiston bo’lish oson bo’lmadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.”XX-asrning 80-yillarida O’zSSRni boshqargan davlat rahbarlari.” YODGORALIYEV BOBURJON BAHODIR O’G’LI
2.O’zbekiston tarixi 10-sinf. Qahramon Rajabov ,Akbar Zamonov.
3. Uz.wikipediya.org web sayti.
4.Doniyev Sardorning ” '' Paxta ishi '' uydurmasi yoxud jafokash xalq tarixidan bir lavha” nomli maqolasi.
5.hudud24.uz web sayti.
Do'stlaringiz bilan baham: |