1.2. Atmosfera qobig’ini o’qitishda amaliy mashg’ulotlar ahamiyati
Yer sayyorasini o’rab turgan havo qobig’iga atmosfera deyiladi. Atmosfera yunoncha yerning bug’ qobig’i degan ma’noni anglatadi. Yerning havo qobig’i har xil gazlarning mexanik aralashmasidan iborat bo’lib, atmosferaning qalinligi 3000 km ga boradi. Atmosferaning tarkibi turli balandliklarda turli xil ekanligini kosmik kemalardan olingan spektral tahlillar ko’rsatmoqda. 100 - 120 km gacha atmosfera tarkibini asosan azot va kislorod, 2500 kmgacha bo’lgan masofada geliy gazi, undan yuqorida esa vodorod gazidan iborat ekanligi aniqlangan. Atmosferaga ko’tarilgan sayin gazlarning tarkibi o’zgarib, siyraklashib boradi. Shuning uchun atmosfera bir biridan gazlarning tarkibi, zichligi harorati bilan farqlanuvchi 5ta asosiy va 4 ta oraliq sferalarga ajratiladi. Havoning Yer yuzasidan qaytgan issiqlik hisobiga isishi troposferada ko‘tarilma va pastlama havo oqimlarini vujudga keltiradi. Bunday oqimlar konvektiv oqimlar deb ataladi. Havoning ko‘tarilma va pastlama oqimlari natijada Yer yuzasi yaqinida murakkab va o'zgarib turadigan barik tizim, ya’ni yuqori va past bosim hududlar vujudga keladi. Havoning harakati turli tezlikda esadigan shamollarni vujudga keltiradi. Troposferada bulutlar hosil bo‘lib, yog'inlar yog‘adi. Troposferada suv bug’i, suyuq va qattiq holatda bo‘lib, ob-havo va iqlimni vujudga keltiradigan barcha jarayonlar mana shu qatlamda ro‘y beradi.Atmosferaning Yer yuzasiga yaqin qismida ekvatorda harorat o'rtacha 26°C, shimoliy qutbda esa 23°C ni tashkil qiladi. Yuqoriga ko'tarilgan sari havoning adiabatik sovishi natijasida harorat har 100 m balandlikda 0,6°C dan (har bir kilometr balandlikda 6°C dan) pasaya boradi va troposferaning yuqorigi chegarasida ekvator ustida -70’Cgacha, shimoliy qutb ustida -45° dan -65°C gacha pasayadi. Havoning qutblarga nisbatan ekvator tepasida ko'proq sovib ketishiga bu yerda havoni baland ko'tarilishi sabab bo'ladi. Harorati, namligi va boshqa o’lchamlari bir xil bo'lgan havoning juda katta hajmdagi bo'laklari havo massalari deb ataladi. Ularning o’lchamlari materiklarning yoki okeanlarning ayrim qismlariga teng bo'ladi. Havo massalari doimo harakatda bo'ladi, shuning uchun ularning xossalari doimo o'zgarib turadi va issiq. quruq, yomg’irli, sovuq ob-havoni olib kelishi mumkin. Troposferada ekvatorial, tropik, mo'tadil, qutbiy (arktika va antarktika) havo massalari ajratiladi. Ular o‘z navbatida qayerda hosil bo'lganligiga ko'ra kontinental va dengiz havo massalari kabi turlarga bo’linadi. Ekvatorial havo massalari ekvatorial kengliklarda vujudga keladi. Yil bo'yi harorati yuqori va sernam bo'ladi. Okean va quruqlik havo massalari bir xil xususiyatga ega, shuning uchun bu yerda dengiz va quruqlik havo massalari ajratilmaydi. Yozda ekvatorial havo massalari subekvatorial mintaqaga bostirib kiradi va ko'p yog'in yog’ishiga sabab bo'ladi. Tropik havo massalari tropik va subtropik kengliklarda okean va quruqlik ustida vujudga keladi. Shu sababli kontinental va dengiz tropik havo massalari kabi turlarga ajratiladi. Kontinental tropik havo tropik kengliklarda materiklar ustida (Sahroyi Kabir, Arabiston yarim oroli, Meksika, Avstraliya), yozda esa subtropiklar va mo'tadil mintaqaning quruq hududlarida (O'rta Osiyo, Qozog'iston, Mo’g'uliston, Shimoliy Xitoy, Katta Havza) ham vujudga keladi. Kontinental tropik havo yuqori harorat va namlikning kamligi bilan ajralib turadi. Quruq hududlardagi havo tarkibida changlar ko'proq bo'ladi. Dengiz tropik havosi tropik kengliklardagi okean ustida tarkib topadi. Issiq va sernam bo’ladi, ammo haroratning yuqoriligi tufayli to'yinish chegarasidan ancha pastda. Natijada okeanlarning tropik kengliklarida bug’lanish ko’p bo’ladi.
Havo harorati meteorologlarning xalqaro kelishuviga binoan soya joyda 2 metr balandlikdagi havo harorati asos qilib olinadi. Dunyodagi barcha meteorologik stansiyalarda harorat simobli va spirtli termometrlar yordamida o’lchanadi. Musbat haroratlar simobli va manfiy haroratlar esa spirtli termometr bilan o’lchanadi. Sababi juda past haroratda simob muzlab qolishi mumkin. Meteorologik qutining eshigi shimoliy yarim sharda shimol tomondan, janubiy yarim shar uchun janubdan ochiladi. Quyosh nuri termometrga ta’sir etmasligi uchun shunday qaror qilingan. Dengiz sathidan yuqoriga ko’tarilgan havo siyraklashib, uning bosimi kamayib boradi. Bosimning 1 mm kamayishi uchun ko’tarilishi zarur bo’lgan balandlik barometrik bosqich deb ataladi. Yer yuzasiga yaqin bo’lgan pastki qismida har 10 metr ko’tarilganda bosim taxminan 1 mm ga kamayadi. Atmosferaning yuqori qismida barometrik bosqich ortib boradi. Atmosfera bosimi meteorologik stansiyalarda yer yuzasidan 2 metr baland bo’lgan meteorologik qutining ichida joylashtirilgan barometr yordamida o’lchanadi. Yer sharining sharsimonligi uchun quyosh nurlari unga bir tekisda tushmaydi va uni turlicha isitadi. Oqibatda havo bosimi ham turlicha bo’ladi. Havoning bosim yuqori bo’lgan joydan bosim past bo’lgan joyga gorizontal harakati shamol deyiladi. Havo bosimi orasidagi farq qancha katta bo’lsa shamol shuncha kuchli bo’ladi. Shamol kuchi Boffort shkalasi yordamida o’lchanadi. Shamolning yo’nalishi flyuger, uning kuchi esa anemometr asbobi yoldamida o’lchanadi. Havodagi namlik miqdori mutloq namlik va nisbiy namlik tushunchalarida ifodalanadi. Mutloq namlik - ma’lum vaqtda havoda bo’lgan suv bug’larining miqdoridir, mutloq namlik gramm hisobida hisoblanadi. Mutloq namlik bir kub metr havoda qancha gramm suv bug’i borligini yoki simob ustunining millimetrlari yoki millibarlar bilan o’lchanadi. Mutloq namlik havo harorati ta’sirida yoki quruqlik yuzasining holati (suv, tog’, cho’l, vodiy va ho kazo) ta’sirida o’zgarib turadi. Harorat ko’tarilgan sari mutloq namlik ortadi. Buni quyidagi misolda yaqqol ko’rish mumkin. Agar ekvatorda bir kub metr havoda 25 mm, tropiklarda 20 mm, cho’llarda 4,5 -5,5 mm mutloq namlik kuzatilsa, qutb o’lkalari sohillarida 2-3 mm namlik bor xolos. Agar yer yuzasida mutloq namlik 6,66 mm bo’lsa, 1000 m balandlikda 0,52 mm, 10000 metr balandlikda esa 0,02 mm namlik bo’ladi. Demak yuqoriga ko’tarilgan sari havoda mutloq namlik miqdori kamayib boradi. Havoning nisbiy namligi - 1 metr kub havodagi mavjud suv bug’i miqdorining uning to’yinishiga nisbatan bo’lgan miqdorini (%- hisobida) bildiradi. Mutloq namlik havo haroratiga to’g’ri proporsionaldir va aksincha, nisbiy namlik haroratga teskari proporsionaldir. Demak nisbiy namlik kichkina bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |