Yer - umumiy uyimiz
Keling bugun hammamizning umumiy uyimiz bo'lmish Ona Zaminimiz, Ona Yerimiz, ya'ni Yer sayyorasi haqida gaplashamiz. Yer sayyorasida 7 milliarddan oshiq odamlar va 9 millionga yaqin o'simlik, hayvonot va hashorat turlari istiqomat qiladi. Hozirga qadar bizga ma'lum ma'lumotlarga ko'ra Yer sayyorasi insoniyat uchun yashash mumkin bo'lgan Quyosh sistemasidagi yagona sayyoradir.Hajmi va massasi jihatidan Yer katta sayyoralar ichida Yupiter, Saturn, Uran, Neptundan keyin beshinchi o'rinda turadi. Demak, biz har bir qatlam hayot mavjud bo'lishi uchun hamohanglikda ishlovchi o'ziga hos sayyorada istiqomat qilamiz.
Har yili 22 aprel kuni nafaqat katta, balki chinakam umumjahon bayrami - Xalqaro Yer kuni - bizning umumiy shinam uyimizning kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram 2009 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasining 63-sessiyasida tashkil etilgan va 2010 yildan buyon 22 aprel sanasida nishonlanib kelinmoqda. Bosh assambleyaning 63-sessiyasi Prezidenti Migel d'Eskoto Brokman: “Ushbu Xalqaro kunning rezolyutsiyasida e'lon qilinishi Yer va uning ekotizimlari bizning uyimiz, insoniyatni hayot bilan ta'minlash, shuningdek, BMTning atrof-muhit bo'yicha konferentsiyasida qabul qilingan majburiyatlarning tasdig'idir” deb ta'kidlagan edi. Shu sababli, hozirgi va kelajak avlodlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ehtiyojlari o'rtasida adolatli muvozanatga erishish uchun tabiat va Yer sayyorasi bilan uyg'unlikni ta'minlash kerak. Qarorda, shuningdek, "Ona Yer" atamasi ko'pgina mamlakatlarda qabul qilinganligi, u sayyora, uning ekotizimlari va odamlar o'rtasidagi munosabatni aks ettirishi ta'kidlangan. Bosh assambleya BMTga a'zo barcha davlatlarni, xalqaro va nodavlat tashkilotlarni "Xalqaro Yer kuni" ni nishonlashga taklif qilib, ushbu kun har yili ko'plab mamlakatlarda nishonlanayotganiga e'tibor qaratmoqda. Dunyo miqyosidagi ushbu tadbirning asosiy maqsadi - jamiyat va sayyoradagi har bir odamning e'tiborini Yer muammosiga, uning atrof-muhit muammolariga jalb qilish va insoniyat sayyorani qutqarish oldida turgan qiyin vazifalar haqida bilish imkoniyatini berish.
An'anaga ko‘ra O‘zbekistonda Xalqaro Yer kuni ushbu kunda turli xil tabiat tadbirlari va aksiyalarini o‘tkazadigan jamoat tashkilotlari kuni hisoblanadi. Har yili aynan shu kunda jamoatchilik orasida ona sayyoramizni asrab-avaylash, tabiatni saqlash va ifloslantirishni kamaytirish mavzularida targ'ibot ishlari keng miqyosda olib boriladi. Kislorod manbai bo'lmish daraxt ko'chatlarini ekish, tozalikni saqlash kabi yirik tadbirlar o'tkaziladi.
Inson omili tufayli yildan yilga holati yomonlashib borayotkan ona Yerimizni saqlab qolish o'z qo'limizda ekanini unutmasligimiz kerak. Shunday ekan, bugundan, hozirdan zaminimizni ifloslantirishni kamaytiraylik, sayyoramiz uchun zarar keltiradigan ishlardan tiyilaylik. Asosiy maqsadimiz - Ona Yerimizni, tabiatimizni kelajak avlodga to'la to'kis yetkazib berish va uni asrab avaylashga o'rgatishdir!
Shodiya Olloyorova, maktabgacha ta'lim yo'nalishi 3-kurs talabasi
Do'stlaringiz bilan baham: |