Eroziya – lotincha so`z bo`lib, parchalanish degan ma'noni beradi. Tuproq eroziyasi bu-tuproq unumdor qavatining suv bilan yuvilib yoki shamol bilan ko`chib ketishidir. Shunga ko`ra tuproq eroziyasi keltirib chiqaradigan omillarga ko`ra ikki xil bo`ladi. Bu – shamol va suv eroziyasidir. Bundan tashqari eroziya o`zining kechish tezligiga ko`ra ham ikkiga bo`linadi:
1) tabiiy, ya'ni geologik eroziya – bu tuproq zarrachalarining tabiiy omillar ta'sirida yemirilishidir. Bu turdagi eroziya juda sekin kechadi, biz uni qariyb sezmaymiz ham. Tabiiy eroziyaning oldini olish iloji yo`q, lekin u deyarli zarar ham keltirmaydi, chunki bu jarayonda yo`qotilgan tuproq tabiiy ravishda tiklanib ulguradi;
2) sun'iy ya'ni antropogen eroziya tuproqni yemiruvchi jarayon bo`lib, u insonning xo`jalik faoliyati ta'sirida kelib chiqadi. Bunday eroziya tezlashgan eroziya deb ham ataladi. Tez kechadigan bunday eroziya Yer yuzi tuproq qatlamining ofati bo`lib, keyingi 100 yilda u 1 mlrd. gektar maydondagi unumdor tuproqni ishdan chiqardi.
Hozirgi vaqtda dunyo bo`yicha har kuni 3 ming gektardan ziyod tuproq eroziyaga uchramoqda. Tuproqning eroziyaga uchrashdan ayniqsa AQSH, Kanada, Janubiy Afrika, Avstraliya, Hindiston, Pokiston va O`rtayer dengizi bo`yidagi mamlakatlar ko`p zarar ko`rmoqdalar.
AQSH da 1939 yilgi tuproq eroziyasi mamlakatga 400 mln. dollar miqdorida zarar yetkazdi. Saharaning Janubiy chegaralarida keyingi 70 yil orasida 100 mln. gektar unumdor yer sahroga aylandi. Tuproqning ko`plab ishdan chiqishi 1984, 1985 va 1987 yillarda Efiopiya xalqlarini yangi joylarga ko`chishga majbur qildi. Tuproq eroziyasi ayniqsa Xitoyda kuchli bo`lib, bu jihatdan u dunyoda birinchi o`rinda turadi. Bu mamlakatda 150 mln. gektar yer eroziyaga uchragan.
Sun'iy eroziyani keltirib chiqaruvchi asosiy sabab o`rmonlarning kamayib ketishi va yaylovlarda chorvaning me'yoridan ortiqcha boqilishidir. Masalan, Chilida o`rmonlar maydoni mamlakat hududining 60% ni tashkil qilgan kezlarida tuproq eroziyasi uchramagan. Lekin keyinchalik o`rmonlar maydonining 25% gacha qisqarib ketishi oqibatida bu yerda 72% yer eroziyaga uchragan.
Tuproqni eroziyadan saqlashda daraxtzorlarning ahamiyati ayniqsa O`rta Osiyo respublikalarida ko`proq seziladi. Bizning respublikamiz Hamdo`stlik mamlakatlari orasida eng kam o`rmon hudud hisoblanadi. O`rmonlar Rossiyada mamlakat maydonining 42,7%, Boltiqbo`yi respublikalari va Gruziyada – 34-38%, Armaniston, Moldaviya, Turkmaniston va Ozarbayjonda 9-11% ni tashkil qiladi. O`zbekistonda esa bu ko`rsatigich atagi 3,2% ga teng. O`zbekistonning katta maydonini (64%) cho`l hududlari egallagani uchun uning iqlimi quruq va issiq bo`lib, kuchli shamol va chang-to`zonlar, yozning jaramasida ba'zan garmsellar bo`lib turadi. Iqlimning bunday noqulayligi respublika hududining 80-85% da sezilib turadi. O`rmonlar va ixota daraxtzorlarining kamligi oqibatida ular shamol va dovullar yo`lini tusaolmaydi. Shuning uchun ham sug`oriladigan maydonning yarmiga shamol eroziyasi doimo xavf solib turadi. Bunday xavf ayniqsa cho`lga tutash maydonlarda ko`proq. Mutaxassislar fikricha har yili respublikada tuproqning unumdor qatlamidan taxminan 22 mln. tonnasi eroziyaga uchraydi. Faqatgina tog` yonbag`irlarining har gektar maydonidan yilida 525 tonna unumdor tuproq suv bilan yuvilib ketmoqda.
Cho`l va yaylovlarda chorva mollarining me'yoridan ortiqcha boqilishi u joylar tuprog`ini eroziyaga uchratadi. AQSH yaylovlarida olib borilgan kuzatuvlarga qaraganda chorva mollari ko`plab boqilib, o`simlik qoplami siyraklashgan joylarda kuchli yomg`ir paytida gektaridan 16 tonnagacha tuproq yuvilib ketgan, me'yorida boqiladigan maydonlarda esa shunday yomg`ir paytida gektaridan atagi 7 kg. tuproq yuvilgan. Yengil tuproqli cho`l va chalacho`l hududlarida chorva mollarining ko`plab boqilishi u joylar tuprog`ini yalang`ochlab, shamolda qum ko`chish va barxanlar paydo bo`lishiga olib keladi. Atrofimizni o`rab olgan Qoraqum va Qizilqum cho`llarida barxanlar 3-4 yilda paydo bo`lishi mumkin, lekin ularning usti o`simlik bilan qoplanishi 15-20 yilni talab qiladi.
Tuproq unumdorligining pasayishi undagi oziq moddalarining kamayishidan, tuproqning sho`rlanishi, botqoqlanishi, pestitsidlar va mineral o`gitlardan noto`g`ri foydalanish hamda agrotexnik tadbirlarining noto`g`ri o`tkazilishidan kelib chiqadi. Hisoblarga ko`ra bir gektar yerdan 136 ts. kartoshka hosili olinganda u bilan birga tuproqdan 48,2 kg. azot, 19 kg. fosfor va 86 kg. kaliy chiqib ketadi. Shunga o`xshash boshqa turdagi qishloq xo`jalik mahsulotlari ham tuproqdan ko`p miqdordagi makro va mikroelementlarni o`zi bilan olib ketadi. Bularning o`rnini to`ldirib turmaslik, tuproqka yetarli miqdorda organik va mineral o`gitlarni kiritmaslik uning kambag`allashib, unumdorligi pasayishiga olib keladi.
Tuproq unumdorligini pasaytiruvchi jiddiy sabablaridan biri uning sho`rlanishi va botqoqlanishidir. Hozirgi vaqtda dunyoda unumsiz, sho`rlangan maydonlar 20-25 mln. gektardan ortiq. Bu yerlar ko`proq Osiyo, Afrika va Amerikada hamda Yevropaning ba'zi mamlakatlarida uchraydi. Tuproqning sho`rlanishi odatda arid (qurg`okchil) zonalarda, uning botqoqlanishi esa sernam joylarda uchraydi.
Keyingi vaqtlarda tuproqning sho`rlanishi Markaziy Osiyoning Orol dengizi ta'sirida bo`lgan hududlarida ko`payib bormoqda. Qozog`iston Fanlar Akademiyasi tuproqshunoslik instituti mutaxassislarining tadqiqotlari ko`rsatishcha Orol dengizining ko`rib, tuzli sahroga aylangan maydonidan yilida 65 mln. tonnagacha sho`r qum havoga ko`tarilib, atrof hududlar tuprog`iga yog`iladi. Bundan tashqari ma'lum miqdordagi tuz tuproqqa oqar suv bilan ham tushadi. Garchi sho`r yuvish va meliorotsiya tadbirlari o`tkazib turilgan bo`lsada, hozirgi vaqtda O`zbekistonda 1748 ming gektar yer sho`rlangan, shundan 241 ming gektari kuchli sho`rlangan. Sho`rlanish darajasi ayniqsa Qoraqalpog`iston respublikasi, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kuchaymoqda.
Tuproqqa turli xildagi kimyoviy chiqindilar va pestitsidlarning aralashuvi uni ifloslab, hosildorligini pasaytiradi. Ayniqsa kimyo sanoati, neftni qayta ishlash, metallurgiya va tsement zavodlari yaqinidagi yerlar ko`p ifloslanadi. Bunday yerlar tuprog`ida sulfid kislotasi, surma, simob, qo`rg`oshin, ftor kabi zaharli elementlar to`planib, o`simliklarni yaxshi o`stirmaydi. Zararkunanda hasharotlarga qarshi kimyoviy zaharlarning ko`plab ishlatilishi ular bilan birga tuproqdagi foydali tirik organizmlarni ham kirib yuboradi va shu hisobdan tuproqning unumdorligini pasaytiradi. Garchi keyingi yillarda qishloq xo`jaligida kimyoviy moddalarni, shu jumladan turli xil zaharli preparatlarni qo`llash bir muncha tartibga kirgan bo`lsa-da, yaqin o`tmishgacha O`zbekiston tuprog`i dunyoda eng kuchli zaharlangan tuproq hisoblanar edi. 1987 yil ma'lumotlariga ko`ra qishloq xo`jaligida ishlatilgan kimyoviy zaharlarning miqdori gektar hisobiga AQSH da 2-3 kg va sobik Ittifoq hududida o`rtacha 1 kg. bo`lgani holda bu miqdor O`zbekistonda 54,4 kg ni tashkil qilgan. Mustaqillik yillarida respublikamiz qishloq xo`jaligida kimyoviy zaharlardan foydalanish bir muncha tartibga kiritilib, ulardan kamroq foydanilmoqda. 1990 yilda har gektarga ishlatilgan kimyoviy zaharlar 20,6 kg. bo`lgani holda 1993 yilda bu miqdor 13,8 kg gacha kamaytirildi.
Dehqonchilikda almashlab ekish o`rnini monokultura egallashi tuproqdagi tabiiy muvozanatni buzib, oqibatda ekinzorlar tuprog`ida turli kasalliklar, zararkunanda hasharotlar va begona o`tlarning ko`payishiga olib keladi. Masalan, XX asr boshlarida AQSH ning janubida joylashgan Alabama shtatida paxta monokulturasi uzoq vaqt hukm surishi natijasida paxtazorlarda go`za uzun- burunlari paydo bo`ldi. «Meksika qo`ng`izi» deb atalmish bu yeb tuymas hasharotlar tobora ko`payaverib, hosildorlikni keskin kamaytirib yubordi va ba'zi fermerlarni xonavayron qildi. Monokulturaning bunday zararini ko`rgan fermerlar undan voz kechdilar va almashlab ekishni yo`lga qo`ydilar, meksika qo`ng`iziga esa Koffe shaxrida 12 metrlik haykal o`rnatdilar. Sobiq Ittifoq davrida O`zbekistonda hukm surgan paxta yakka hokimligi ham undan hosil yetishtirishda ko`pgina qiyinchiliklar va ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqargan, atrof-muhitni zaharlanishga olib kelgan va Orol fojiasini tezlashtirgan omillardan biri bo`lgan edi. Paxta monokulturasi ba'zi xo`jaliklarda juda kuchli bo`lib, paxta maydonlari umumiy hajmining 80-92% ni tashkil qilar edi. Buning oqibatida paxtazorlarda ko`sak qurti, o`rgimchakkana, trips, singari zararkunanda hasharotlar, ildiz chirish, oqpalak va vilt kasalliklari ko`paygan edi.
Yer resurslarining kamayishiga arid mintaqalarining ba'zi hududlarida hosildor tuproqlarning cho`lga aylanishi ham sabab bo`lmoqda. Agar qurg`okchil mintaqalar Yer yuzi umumiy quruqlik maydonining qariyb yarmini (43%) egallaganini hisobga olsak, ehtiyotsizlik oqibatida juda katta miqdordagi yerni yo`qotib qo`shish mumkin. Ma'lumotlarga ko`ra dunyoda hozirgacha kishilarning xo`jalik faoliyati natijasida 910 mln. gektar «antropogen» cho`llar vujudga kelgan. Bunday cho`llarda biologik jarayonlar izdan chiqib, ekotizimlar buzilgan va tabiiy – iqtisodiy potentsial keskin pasayib ketgan.
Yaylovlardagi o`simlik resurslarining ko`plab ishlatilishi va payhon qilinishi, ularda yo`llar o`tkazish, neft, gaz va suv quvurlari yotqizish, kanallar qazish, aholi punktlari va sanoat korxonalari ko`rish jarayoni, shuningdek insonning boshqa xo`jalik ishlari natijasida qum ko`chish va qum bosish holatlari tezlashadi, suv balansi buziladi, yer sho`rlanadi va tuproq strukturasi buzilib, cho`lga aylanish jarayoni tezlashadi. Mavjud ma'lumotlarga ko`ra Sahroi Kabir keyingi 50 yil ichida o`zining janubiy chegarasi yaqinidagi ekinzorlardan 6,5 mln. gektarini o`ziga «qo`shib» oldi. Shimoliy Afrika cho`llari o`z maydonini har yili 100 ming gektarga kengaytirmoqda. Kosmik tadqiqotlar ko`rsatishcha Liviya cho`li unumdor Nil deltasiga va qo`shni Sudan territoriyasiga yiliga 13 km. tezlikda «kirib» bormoqda.
Yer maydonlarini uning cho`lga aylanishi dunyoning hamma joyida ham kuzatilmoqda. 1985 yilgi ma'lumotlarida keltirilishicha cho`lga aylanish natijasida har yili 50-70 ming kv. km. yer ishdan chiqmoqda. Agar har bir kvadrat kilometr yer 200 ming AQSH dollariga baholanishini hisobga olsak, tuproqning cho`lga aylanishidan dunyo iqtisodiyoti har yili 10 mlrd. dollar zarar ko`rmoqda. Tabiiy sharoiti noqulay bo`lgan hududlardan tashqari unumdor tuproqli yerlari cho`lga aylanish xavfi ostida turgan hududlar ham bor. Bunday yerlar 30 mln. kv. km. ni, yoki Yer yuzi quruqligining 19% ni tashkil qiladi. Xulosa qilib aytganda arid mintaqalar jami maydonining 2/3 qismi cho`lga aylanish xavfi ostida turibdi. Shuning uchun ham bu jarayon hozirgi vaqtda global masalaga aylangan. 1977 y. BMTning sobiq Bosh sekretari Kurt Valdxaym Saxelidagi qurg`ochilikka qarshi Hukumatlararo Komitetga yo`llagan murojaatnomasida: «... 50 yil o`tar-o`tmas Afrika xaritasidagi uchta yoki to`rtta mamlakat butunlay cho`l-u dashtga aylanishi mumkin», - deb yozgan edi.
Cho`llanish jarayonining tezlashuvi BMT ni tobora ko`proq tashvishga solmoqda. 1977 yilda Keniyaning Nayrobi shaxrida BMTning cho`llanish masalasida o`tkazilgan anjumanida cho`llanish va uning oldini olish atroflicha muhokama qilinib, Xalqaro Harakat Dasturi qabul qilindi. Ushbu Dasturga ko`ra joylarda, ayniqsa arid o`lkalarning cho`l va yarim cho`l hududlarida ilmiy tekshirish va qidiruv ishlari olib borilib, yirik gidrotexnik inshootlar barpo etish, yaylovlarga suv chiqarish, ulardagi ko`chmanchi qumlarni mustahkamlash, ixotazorlar barpo qilish singari ko`pgina ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuproqni eroziyadan, cho`llanish, sho`rlanish, botqoqlanish va kimyoviy zaharlanishdan muhofaza qilish
Tuproqni eroziyadan va uning hosildorligi pasayishidan muhofaza qilishda zonalararo va zonalar bo`yicha ko`pgina tadbirlar o`tkaziladi. Zonalararo tadbirlar barcha mintaqalarga taalluqli bo`lib, ular quyidagi ishlardan iborat:
1. Almashlab ekishni tashkil qilish, gidrotexnik inshootlarni barpo etish, ixota daraxtzorlarini ko`paytirish. Bu ishlarni yo`lga qo`yish ayniqsa biz yashab turgan arid sharoitda juda muhimdir. Almashlab ekishda bedaning o`rni ayniqsa salmoqli bo`lib, uning miqdori 30-35% dan kam bo`lmasligi kerak. 1950 yillargacha O`zbekistonda ekinzor yerlar odatda mayda (0,15-0,5 ga) kartalarga bo`lingan bo`lib, ularning atrofi ixota daraxtzorlari bilan o`ralgan edi. Endilikda texnika vositasi bilan yerga ishlov berishni qulay qilish maqsadida kartalar kattalashtirilgan. Lekin bundan qat'iy nazar tuproqni eroziyadan saqlash va o`simliklarni garmseldan asrash uchun ixotazorlar orasidagi masofani 500 metrdan oshirmaslik kerak. Bunda ixota daraxtlari 2-4 qator qilib o`tkazilishi kerak. Ixota hosil qiluvchi daraxtlar sifatida qayrag`och, terak, tol, shumtol, oq akatsiya, gledichiya, zarang, yong`oq, o`rik, jiyda daraxtlaridan, shuningdek mayda bargli yovvoyi jiyda, sariq akatsiya, amorfa va na'matak kabi butalardan foydalanish kerak.
O`zbekiston respublikasi maydonining 64% (28,7 mln. ga) ni qumli cho`l egallashini hisobga olsak, ixota daraxtzorlarining shamol eroziyasidan va cho`ldan esadigan garmsel shamollaridan saqlashdagi ahamiyati yanada ravshan bo`ladi. Lekin shuni afsus bilan qayd etish kerakki, ixotazorlar respublikadagi sug`oriladigan yerlarning atigi 1% ni tashkil qiladi, xolos. Cho`lda yerlarni o`zlashtirish avj olgan yillarda 200 gektar maydonni egallagan 27-qatorli yoz yovon ixotazorlari va Buxoro vohasining muhofaza kamari hisoblangan ko`p qatorli shofirkon «yashil qalqoni» va shunga o`xshash ko`pgina ixotazorlar yo`q qilib yuborildi. Bunga o`xshash noo`rin ishlar talaygina bo`lib, ular o`tmishning achchiq saboqlaridir.
2. Cho`l hududlarini va o`tloqlarni o`simliklar bilan boyitishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, qumlarni zichlashda foydalaniladigan ko`p yillik o`tchil o`simliklarni almashlab ekish.
3. Adirlar va qiyalik yerlar yonbag`irlarini ko`ndalangiga ag`darib haydash. Yer nishab tomonga qarab haydalganida suv uni oson yuvib ketadi. Bunday joylarda, ayniqsa o`simlik kam bo`lgan hollarda, suv eroziyasi kuchayadi, natijada tuproqning unumdor qavati yuvilib, ona jins yer yuzasiga chiqib qoladi. Eroziya natijasida minglab va millionlab tonna tuproq yuvilib ketadi. Masalan, Don daryosiga har yili 4,7 mln. tonnagacha unumli tuproq yuvilib tushishi aniqlangan.
O`rta Osiyoning tog` etaklaridagi lyoss jinslari keng tarqalgan adirlarda suv eroziyasiga uchrash oqibatida yuvilma uyiklar va jarlar hosil bo`lgan joylarni uchratish mumkin.
4.Tog` yonbag`irlarining nishab joylarida ko`pyillik o`tchil o`simliklarni ekib tuproqni suv yuvishidan saqlovchi bufer polosalar yaratish.
5.Tog` yonbag`irlarida, notekis va qumli joylarda daraxtlar va butalar ekib o`rmonlar barpo qilish.
6.Yaylovlar va tog` yonbag`irlarida chorva mollari boqilishini tartibga solish.
Do'stlaringiz bilan baham: |