Kurdlar
Suriya (Rojava — Shimoliy Suriya Federatsiyasi) va Iroq hududidagi (Kurd Muxtoriyati) kurd davlat tuzilmalari mintaqadagi mustaqil kuchni tashkil qiladi. Rasman u yerlarda hech kim mustaqil davlatchilikni e’lon qilmaydi (birinchi galda zamonaviy dunyoda ularni hech kim tan olmasligi tayin bo‘lgani uchun), amalda esa Suriya va Iroqning federallashuvi u yerda mustaqil kurd davlatlarining paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu ikki kurd davlati o‘z hukumatiga, byurokratiyasiga, qurolli kuchlariga, parlamentiga ega.
Ikki kurd hukumati bir-biri bilan do‘stona munosabatda emas va hattoki qarama-qarshilikdadir. Gap shundaki, Suriyadagi Rojava “Kurdiston ishchi partiyasi” (Abdulla O‘jalan g‘oyalari tarafdorlari, o‘jalanchilar) nazorati ostidadir, ular Rojava qurolli kuchlari (50 ming kishilik YPG ko‘ngillilari) qo‘mondonligining asosini tashkil etadi. Iroq Kurdistonidagi rejim Arbil shahridagi hukumat nazoratidadir — bu “Kurdiston demokratik partiyasi” (Barzoniy tarafdorlari) hukumatidir. Ularning ixtiyorida 100 kishilik armiya (“Peshmerga”) mavjud. Biroq Iroq Kurdistonidagi rejim bir turli bo‘lmay, ayrim tumanlar boshqa kurd guruhlari qo‘lida hamdir.
Iroq Kurdistoni oddiy kapitalistik davlatdir. Rojavaga, ya’ni Suriya Kurdistoniga kelsak, G‘arbdagi anarxistlar bir paytlar “Kurdiston ishchi partiyasi” rejimini anarxistik yoki libertar-sotsialistik, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mehnat demokratiyasi munosabatlariga qurilgan deb hisoblar edi. Lekin ular bu ta’kid haqiqatga mos kelmasligini sekin-asta tushunib bormoqda. DYP — Rojavaning hukmron partiyasi (“Kurdiston ishchi partiyasi”ning bo‘linmasi) o‘z maqsadi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri mehnat demokratiyasi qurishni belgilamaydi, sinfiy kurashni inkor qiladi, yollanma mehnatga qarshi chiqmaydi, xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlaydi. Rasman uning maqsadi dunyoviy demokratik davlat qurishdir. Rojava liberal konstitutsiyaga ega bo‘lib, u yerda yuqoridagilarning barchasi ifodalangan.
Shu bilan birga, “Kurdiston ishchi partiyasi” Rojavada mehnatkashlarning o‘z-o‘zini boshqarish iqtisodiyotining (kooperativlarning) va joylarda turmush tarzi masalalarini hal qila oladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiyaning rivojlanishini qo‘llaydi. Nazariy jihatdan, kelajakda bu sotsial inqilob uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ammo hozircha Rojavada sotsial inqilob yo‘q, nufuzli mahalliy hokimiyat organlari bor. Mahalliy kooperativlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya institutlari (TEV-DEM) oddiy hukumatga, shuningdek, kurd ko‘ngilli qo‘shilmalari harbiy qo‘mondonligiga (u ham “Kurdiston ishchi partiyasi” nazorati ostida) bo‘ysunadi. Kurd ko‘ngilli armiyasining barcha qo‘mondonlari shu partiya a’zolaridir. Rojava hukumati deyarli soliq to‘plamaydi, balki neft qazib chiqarish va uni sotish hisobidan mavjuddir. Hukumat mablag‘ining 70 foizi qurolli armiyani moliyalashtirishga sarflanadi.
Rojava va Iroq Kurdistoni o‘zaro kelishmaydi, lekin ba’zan IShIDga qarshi qo‘shma operatsiyalar o‘tkazadi, negaki IShID ularning yerlariga da’vo qiladi. Kurdlarning Iroq va Suriyadagi hukumatlari hamda hukmron partiyalari AQShning mintaqadagi asosiy ittifoqchilaridir. Ular AQSh va NATO mamlakatlaridan harbiy ko‘mak oladi, shuningdek, IShIDga qarshi operatsiyalar chog‘ida ularning aviatsiyasi tomonidan havodan qo‘riqlanadi. Bu barcha tomonlar birinchi navbatda IShIDga qarshi ekanligi bilan tushuntiriladi.
Iroq kurdlari yirik neft zaxiralarini nazorat qiladi. Rojava rahbariyati nazorati ostida ham ko‘pgina neft konlari bor. Bu neftga ularning raqiblari — IShID, Asad va Suriya muxolifati ham da’vo qiladi. Rojava va Asadning munosabatlari ziddiyatlidir. Ba’zan bu — qurolli betaraflik, boshqa tomondan esa, tomonlar o‘rtasida ba’zan harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |