Uzoq yillar Xitoy ulkan aholi resurslari ortidan arzon ishchi kuchi manbai bo‘lib keldi. Haligacha ko‘pchilikning fikricha xitoylik hech bo‘lmasa o‘rta ma'lumotga ega bo‘lmagan, arzimagan pulga qanoat qilib ishlayveradigan, o‘zi tashabbus ko‘rsatmay buyurilgan ishni quloq qoqmay bajaradigan ishchi hisoblanadi. Lekin bugungi kunda aslo unday emas. Hozir xitoylik ishchining bahosi juda ko‘pchilik davlatlardagi ishchilardan yuqori. U zamonaviy texnologiyalarni yaxshi tushunadi, har qanday ishni tez o‘rganadi, injiq emas va eng muhimi nihoyatda mehnatkash. Ko‘pchilik xitoyliklar tongda soat 5:00da uyg‘onib, yarim tunga qadar ishlashni odatiy hol sifatida qarashadi. - Xitoyda kommunistik partiya hukmron. Bu yerda mantiq buzilgandek – axir kommunizm g‘oyasi zamonaviy dunyoda yashab qolishga qodir emas, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid mafkura tuyiladi. Ammo Xitoyda buning ham uddasidan chiqishgan. Kompartiya har qanday sohani nazorat qilgani holda erkin bozor tizimiga keng yo‘l ochib bergan. Bu holat «Xitoydagi o‘ziga xos sotsializm» deb ataladi va dunyoning biror davlatida uchramaydi. Sababi o‘z vaqtida sotsializm o‘chog‘i bo‘lgan ittifoq, Kuba kabi davlatlar siyosiy tizimni o‘zgartirmagan holda iqtisodiyotni yangi yo‘sinda rivojlantirishga harakat qilishgan. Ammo iqtisod ham, siyosat ham barbod bo‘lgan.
- Hozirgi kunda Xitoy rahbariyatining bir xil yo‘nalishda davom etishi, ortiqcha va tushunarsiz saylovlarsiz hukumat almashinuvi xorijiy investorlarni cho‘chitmaydi, aksincha ularni jalb qiladi. Chunki har qanday investor o‘z mablag‘i taqdirini o‘ylaydi. Xitoydagi siyosiy barqarorlik uning saqlanishini kafolatlaydi. Xitoyning 1,5 milliarddan ortiq aholisi har qanday ishlab chiqaruvchi-yu xizmat ko‘rsatuvchini ohanraboday tortmay qolmaydi. Ammo chek-chegarasi yo‘q bu bozor imkoniyatlaridan foydalanishning qat'iy shartlari bor. Yirik korporatsiyalar Xitoy bozoriga kirish uchun ishlab chiqarishning hech bo‘lmasa bir qismini shu davlatga ko‘chirishi va o‘z texnologik sirlari bilan bo‘lishishlari shart. Aks holda eshiklar yopiladi. Dastlab majburlikdan bu shartlarga rozi bo‘lganlar hozir o‘z ixtiyorlari bilan ishlab chiqarishlarini ko‘chirmoqdalar. Masalan, Apple korporatsiyasi ishlab chiqarishni deyarli to‘liq Xitoyga ko‘chirgan, asosiy texnologiyalari ham shu davlatda qo‘llaniladi. Hozirda Xitoyda 70dan ortiq yirik iqtisodiy-texnologik hududlar faoliyat yuritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |