2. Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va ob‘ektiv zarurligi
Soliq tushunchasi iqtisodiy kategoriya sifatida davlatning paydo bo’lishi va uning faoliyati davomiyligi bilan bevosita bog’liqdir. Shu o’rinda soliq kategoriyasi davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiy voqelik sifatida yuzaga chiqishini ta‘kidlash lozim. Soliq tushunchasi tor ma‘noda davlat ixtiyoriga soliq to’lovchilardan majburiy tartibda undiriladigan pul tushumlarini ifodalaydi. Demak, soliqlar bevosita davlatning paydo bo’lishi bilan bog’liq bo’lib, davlat o’zining vakolatiga kiruvchi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi. Soliqlarning amal qilishi ob‘ektiv zaruratdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi barcha sub‘ektlar ham real sektorda faoliyat ko’rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki faoliyati iqtisodiy samarasiz bo’lgan sohalar (mudofaa, tibbiyot, fan, maorif, madaniyat va boshq.) ham mavjudki, ularning rivojlanishi soliqlarning ob‘ektiv tarzda amal qilishini ob‘ektiv zaruriyatga aylantiradi.
Soliqlarning amal qilishini bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida ikki holat bilan ifodalash mumkin: birinchidan, davlatning qator vazifalarini mablag’ bilan ta‘minlash zarurligi, ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari.
Davlatning bajaradigan funktsiyalari va vazifalari ko’p bo’lib, bozor iqtisodiyoti rivojlana borishi bilan ba‘zi ijtimoiy himoyalangan bozor munosabatlariga mos kelmaydigan vazifalar yo’qola borsa, yangi vazifalar paydo bo’la boshlaydi. Bularga bizning respublikamizda kam ta‘minlanganlarga ijtimoiy yordam ko’rsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini tashkil qilish kabilar kiradi. Davlat kuchli ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni amalga oshirish uchun pensionerlar, talabalar, ko’p bolali onalar va boshqalarni mablag’ bilan ta‘minlash zarurligini anglab, ayrim cheklangan tovarlar bahosidagi farqni byudjet hisobidan qoplaydi, bundan tashqari mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta‘minlanganlarga moddiy yordam ko’rsatadi. Shu bilan birga, davlat jamiyat a‘zolari osoyishtaligini saqlash maqsadida o’zining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga ham mablag’ sarflaydi, qolaversa, fuqarolar xavfsizligini saqlash, mamlakatda tartib-intizom o’rnatish, uni boshqarish funktsiyalarini bajarish uchun ham ko’plab mablag’ yo’naltirishga majburdir. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba bo’lgan soliqlarni ob‘ektiv zarur qilib qo’yadi.
Qayd etish lozimki, hozirga qadar davlatning funktsiyalarini bajarish uchun lozim bo’lgan moliyaviy mablag’-larni shakllantirishning soliqlardan boshqa usuli jahon amaliyotida qo’llanilgan emas. Demak, hukmron kuch sifatida davlat mavjud ekan, moliyalashtirish usuli sifatida soliqlar amal qiladi. Ma‘lumki, jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat bo’lib, ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishli, bu holat soliqlarning iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.
Soliqlar majburiy to’lovlarni ifoda etuvchi pullik munosabatlarni ifoda etuvchi kategoriyadir. Soliqlar to’g’risidagi qarashlar tarixan ob‘ektiv va sub‘ektiv omillarning ta‘sirida shakllangan. Soliqlarga doir turli ta‘riflarni tahlil qilish, ularning konkret iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot jarayonidagi mohiyatini asoslash, soliqlarning iqtisodiy rolini va soliq qonunchiligiga asos bo’lgan soliq tamoyillarini belgilash hamda soliq tizimida, jamiyat taraqqiyotida mavjud bo’lgan soliqlarning tutgan o’rnini aniqlash zarurdir. Chunki davlat paydo bo’lishi bilan soliqlar jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlarning zaruriy talablaridan biri bo’lib hisoblanib kelgan. Davlat tuzilishi shakllari rivojlanishi bilan bir vaqtda soliq tizimi o’zgargan va takomillashtirilgan. Soliq tizimining o’zgarishi va takomillashtirilishi soliqlarning turlari, miqdorlari va yig’ib olish usullari xilma-xil bo’lganligi bilan asoslanib kelgan. Masalan, Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti tarixida soliqlar aholidan shaxsiy mol-mulk, yerdan olingan hosil, uy hayvonlari va boshqalar uchun «zakot» sifatida olingan.
Tarixan soliqlar, davlatni saqlab turish uchun zarur bo’lgan majburiy to’lovlar sifatida vujudga kelgan. Soliqlar davlat faoliyat ko’rsatishining moddiy asosini tashkil etadi, ularning iqgisodiy tabiati xuddi shu yerdan kelib chiqadi.
Bozor munosabatlarining shakllanishi davrida soliqlar korxonalarning iqtisodiy faoliyatini tartibga solishning ham bilvosita quroli hisoblanadi.
Soliqni to’lash xo’jalik yurituvchi sub‘ektlar va fuqarolar bilan davlat o’rtasida yangidan yaratilgan qiymatni taqsimlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Biror-bir jamiyatni soliq tizimisiz tasavvur qilish mumkin emas. Chunki soliqlar byudjet daromaddari (pul fondi)ni tashkil etishning asosiy vositasi bo’libgina qolmay, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, ishlab chiqarishni rag’batlantirishda investitsiyalarni ko’paytirishga, raqobatbardosh mahsulotni ko’paytirishga, kichik biznesni rivojlantirishga, xususiy korxonalar ochish bilan bog’liq bo’lgan bozor infratuzilmasini barpo qilishga, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga va shu kabilarga xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat o’zining ichki va tashqi vazifalarini, har xil ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan mablag’larning asosiy qismini soliqlar orqali to’playdi. Jumladan, soliqlar respublika va mahalliy byudjetlar daromadini shakllantiradi, davlat ijtimoiy dasturlari uchun moliyaviy negiz yaratadi, soliq to’lovchi shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini boshqaradi, ularning tabiiy resurslardan unumli foydalanishga bo’lgan intilishini rag’batlantiradi, narx belgilashga ta‘sir ko’rsatadi, aholining turmush darajasini tartibga solib turadi, imtiyozlar yordamida esa aholining kam ta‘minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |