Sinovli davrdagi tadbirlar
Pandemiya sharoitida daromadlar pasayishi va jamg‘armalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘larni safarbar etishni taqozo qiladi. Bu esa byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablag‘larini jalb etish zaruratini keltirib chiqaradi. Shu ma’noda, Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinganini alohida qayd etish joiz. Chunki ushbu hujjat asosida hukumat tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 1 milliard AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb etilishi belgilab berildi. 2019 yilda iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan A. Banerji, E. Dyuflo va M. Kramer tomonidan davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar amalga oshirayotgan islohotlarning nechog‘liq natija berayotganligi tahlil etildi. Nafaqat O‘zbekiston, balki jahon mamlakatlarida amalga oshirilgan kambag‘allikka qarshi kurash natijalari tahlili bu boradagi tadbirlarni tubdan o‘zgartirish zaruratini ko‘rsatdi. Ya’ni tadqiqotlarga ko‘ra, maktab ta’limida ikki omil — o‘quvchilar qiziqishi va o‘qituvchilar bilan ma’lum muddatli shartnomalar muhim ekanligi isbotlandi.
Aytish kerakki, maktab ta’limidagi muammolar nafaqat kambag‘allikka doir, balki boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalarni ham keltirib chiqarishi ko‘plab tadqiqotlarda isbotlangan. Masalan, 2020 yil 3 mart kuni Toshkent shahrida “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda “Mehr-1” va “Mehr-2” operatsiyalari natijalari tahlil qilindi. Jumladan, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili, professor Baxtiyor Bobojonov o‘zbek ayollarining Iroq hamda Suriyaga ketgani sabablari haqida to‘xtalib, “Eng katta sabab — ularning bilimsizligidir. Ayollarning shahodatnomasiga qarasak, hammasi qoniqarsiz ta’lim olishgan”, deb ta’kidlab o‘tdi.
Ikkinchi omil sifatida sog‘liqni saqlash tizimida odamlarning farzandlari sog‘lig‘i uchun investitsiya qilmasligi yoki uni ortga surib kelishi salbiy ta’sirga ega ekanligi ko‘rsatiladi. Shu bois bolalarni infeksiyalarga qarshi emlashda vaqtinchalik subsidiyalar doimiylaridan ko‘ra samarali ekanligi qayd etiladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tgan “...bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi” degan so‘zlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini anglash qiyin emas.
Bundan tashqari, mikrokreditlash mexanizmini ham yana bir omil sifatida keltirish mumkin. Nega deganda, mazkur usul kambag‘allikka qarshi kurashishda kutilgan natijalarni bermasligi aniqlangan. O‘zbekistonda kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi muhim sabablar nimalar? Quyida shularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |