Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida muhim vazifalar belgilab berildi.
Hujjat bilan davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Komissiyaga “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Ushbu dasturda 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, shuningdek, “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyillari va “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirish kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub isloholarning ma’no va mazmuni ruhi mujassam etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, poytaxtimizda “Istiqlol” majmuasini tashkil etish va u yerda mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasini barpo etish, Toshkent shahrida bunyod etilayotgan yer usti metro halqa yo‘lini “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” deb nomlash, “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish, o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomini hamda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlarni nashr etilishi belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ilmiy va ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblari, jumladan, maqom va baxshichilik san’ati vakillari, iste’dodli yosh ijrochilardan iborat ijodiy guruhlari tashkil etiladi.
Bayram arafasida istiqlolni tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkaziladi.
«Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» mavzusida insholar tanlovi haqida
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 dekabrdagi PQ-4926 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» mavzusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot kutubxona markazi umumiy o‘quv zali sektori va Nukus shahri 27 sonli maktab o‘qituvchilari bilan birgalikda o‘quvchilar o‘rtasida insholar tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda maktabning 9-10 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Tanlovda insholarni baholash uchun maktab o‘qituvchilaridan jyuri a’zolari saylandi va o‘quvchilar tomonidan yozilgan insholari baholandi. 1 o‘rinni 10 sinf o‘quvchisi Joldasbaeva Baxtigul, 2 o‘rinni 9 sinf o‘quvchisi Jaksilikova Albina, 3 o‘rinni 9 sinf o‘quvchisi Muratbaeva Aysuliw egalladi. Tanlov g‘oliblari Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot kutubxona markazi tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |