O‘zbekistonda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishidagi eng asosiy vazifa – mamlakatimizning dunyodagi qonun ustuvorligi indeksi yuqori darajada bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olishga erishishdan iborat. Mulk huquqini ishonchli himoya qilish, ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlar huquq va erkinliklarini kafolatli ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratish zarur.
Xususan, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand aholini kasbga o‘rgatish kabi sohalarda ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirish va bu jarayonda loyihalar maqsadi va ko‘zlangan natijadan kelib chiqqan holda belgilab qo‘yilgan bir yillik muddatni ikki yilga uzaytirish, iqtisodiy ajratmalarni ko‘paytirish, NNTlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni yagona kodeks holatida birlashtirish kabi taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlanib, soha mutaxassislari tomonidan atroflicha tahliliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 28 ta chora-tadbir belgilab olindi.
Tabiiyki, mazkur yo‘nalishda mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, bu sohada demokratik tamoyillarga asoslangan holda inson qadriga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
“Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” yo‘nalishining 15-maqsadi “Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” deb nomlanib, unda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish.
“Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish.
Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish.
Sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish.
Sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish.
Nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish.
Sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish.
Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish.
Darhaqiqat, o‘tgan davrda O‘zbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha oldimizda ko‘pgina vazifalar qo‘yildi.
Kelgusida ma’muriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.
Xalqparvar davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish – bog‘cha va maktabdan tortib oliygohgacha, barcha ta’lim muassasalarining, har bir oilaning birinchi navbatdagi vazifasi bo‘lishi darkor.