II BOB
YaNGI ARAB ADABIYoTINING ILK ShAKLLANISh DAVRI
(1880-1910)
1. Arab publisistikasi, uning yangi arab adabiyotining vujudga kelishidagi roli (1880-1910).
XIX asr arab adabiyotidagi birinchi mustaqil janr publisistika bo‘lib, uning milliy asosi
arablar hamma asrlarda e’zozlagan, qadimiy va hamisha navqiron notiqlik sa’nati edi.
Arab publisistikasi va matbuotining asosiy o‘chog‘i Misr bo‘ldi. Mamlakatdagi ijtimoiy
iqlim, bosmaxonalarning mavjudligi shunga asos yaratdi. 1828 yilda Muhammad Ali saltanati
davrida birinchi hukumat gazetasi – «Al-Vaqoyi al-Misriya» («Misr yangiliklari») chop etildi,
uni Rifa at-Taxtaviy boshqardi. Misr matbuoti taraqqiyotiga suriyalik muhojir arablar salmoqli
hissa qo‘shdilar. Shuningdek, 1870-1914 yillardagi adabiyot taqdirida muhojir arab ziyolilari
sezilarli iz qoldirganliklarini o‘z vaqtida akademik I. Yu. Krachkovskiy ko‘rsatib o‘tgan edi.
Yevropaga, aksar hollarda Parijga, faqat ayrim siyosiy arboblargina emas, balki arab
Sharqida taqiqlangan nashrlar ham ko‘chirib o‘tilar edi. Masalan, Britaniyaga zid bo‘lgan Yoqub
Sannuning «Abu Naddara zarqo» («Ko‘k ko‘zoynakli odam»), 1877-1910), Jamoliddin al-
Afg‘oniy va Muhammad Abduhlarning «Al-Urvat al-vusqa» («Baqquvat suyanch») gazetalari
ham Parijga ko‘chirilgan edi.
Turk istibdodi zo‘raygan Suriyadan ziyolilarning ommaviy muhojirat qilishi ham ro‘y
berdi. Misrda hozirgacha nashr etilayotgan «al-Ahrom» («Piramidalar»,1876 yildan muharriri
Bishara Takla, 1885 yildan – Ya’qub Sarruf va Foris Nimr), «Al-Hilol» («Yarim oy», 1892 yilda
nashr etilgan, birinchi muharriri Jo‘rji Zaydon) gazetalarining ilk muharrirlari suriyaliklar edilar.
Shu davrda mashhur Suriya publisistlari Adib Ishoq va Abd ar-Rahmon al-Kavokibiy,
shoir, dramaturg, publisist Najib al-Haddod, tarixchi olim, filolog, tarixiy roman janrining
yaratuvchisi Jo‘rji Zaydon, faylasuf Foriq Antunlar Misrda yashab, ijod qildilar.
Aksariyat mashhur publisistlar u yoki bu darajada Jamoliddin al-Afg‘oniy g‘oyalarini va
«islom modernizmi»ni qo‘llab quvatlardilar. Ular milliy-ozodlik harakati va feodalizmga qarshi
kurashga hayrixoh edilar. Ayni paytda Jo‘rji Zaydon kabi siyosiy kurash bilan bog‘lanmagan
«betaraf», sof ma’rifatparvarlikni maqsad qilib olgan adabiyotchilar ham yo‘q emasdi.
Inglizlarni qo‘llab - quvvatlaydigan jurnalistlardan eng ko‘zga ko‘ringani Ya’qub Sarruf bo‘lib,
A.E.Krimskiy uni «Yevropa axborotchisi» deb atagan edi. Ya.Sarruf Sharq va G‘arb
madaniyatlarining yaqinlashuvi tarafdori bo‘lgan.
Publisist yozuvchilar safi ancha keng edi. Ulardan ba’zilarining hayoti, adabiy faoliyati
xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |