I BOB
ARAB MAMLAKATLARIDA MA’RIFATPARVARLIK DAVRI
(1800-1880y.)
XIX asr boshlarida siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan arab mamlakatlari ichida
rivojlanganlari Misr va Suriya edi.
Yevropa ta’siri, iqtisodiy rivojlanish yo‘liga kirish bu davrning eng muhim xususiyatidir.
Bu jarayon, o‘z navbatida, sinfiy ziddiyatlarning keskinlashuvi, ozodlik harakatlarining o‘sishi,
ma’naviy hayotdagi ma’lum siljishlar bilan bog‘liq edi. Arablar bu davrni «An-Nahda»
(«Uyg‘onish») deb ataydilar.
Arab «Uyg‘onish»i Yevropa Renessansining sinonimi emas. Bu o‘rinda so‘z, avvalo,
arablarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalaridagi shon-shuhrati va qudratini tiklash haqida
ketayapti.
«An-Nahda» mafkurachilari uyg‘onishning asosiy yo‘li xalqning asriy qoloqligini yengib
o‘tish, ma’rifatni keng targ‘ib etish, diniy ixtilof va bid’atlarni yo‘qotish, shuningdek, iqtisodiy
islohatlarda deb bildilar.
Ammo bu jarayonning boshqa tomoni — Yevropa sivilizatsiyasi, fani, adabiyoti
yutuqlarini o‘zlashtirish masalasi ham bor edi. Arab ma’rifatparvarlik tafakkuri asosi bo‘lgan
madaniy an’analar sintezi ana shu tarzda yuzaga kelgan edi.
Misr va Suriyada XIX asr oxiri, XX asr boshlarida feodal qoloqligidan qutilish, ijtimoiy
munosabatlarning yangi shakllarini o‘rnatish taqozosi bilan Yevropa sarmoyasiga qaramlikka
qarshi kurash fojeali ravishda mamlakatning ingliz istilosi bilan yakunlagan Orabi-poshsho
qo‘zg‘oloni (1881-1882y.), «Osiyo uyg‘onish» davridagi ozodlik harakatining yangi bosqichi,
Misr va Suriyada ilk mulkdorlar siyosiy partiyalarining tashkil topishi, 1908 yildagi «Yosh
turklar» inqilobi kabi arab mamlakatlari hayotidagi muhim voqea va o‘zgarishlar arablarning
milliy uyg‘onishi uchun muhim omil bo‘ldi.
Fanda qabul qilingan an’analarga binoan «Renessans» atamasi Mumtoz o‘tmish davrini
qayta tiklash ma’nosini anglatadi. Bu istiloh mana shu ma’noda Italiyada 14-15 asrlarda paydo
bo‘lgan. Keyingi davrlarda bu atama nafaqat qadimgi yunon madaniyatining qayta tiklanishini,
balki ayrim sharq mamlakatlarida yoki umuman Sharqda qadimgi madaniyatni qayta tiklash
ma’nosida tobora ko‘proq ishlatilmoqda. Ba’zi hollarda «uyg‘onish» atamasi umumiy ravishda
madaniy ko‘tarilish ma’nosida va nihoyat, maxsus ma’noda o‘rta asrlar va yangi davrni o‘zaro
bog‘lab turadigan zamon madaniyati atamasi sifatida qo‘llanmoqda.
Akademik N. Konradning fikricha «Uyg‘onish» («Renessans») Yevropa uchungina xos
bo‘lmay, buyuk sivilizatsiyaga mansub xalqlar tarixiy taraqqiyotining ma’lum bosqichida yuzaga
keladigan umumiy qonuniyatdir.
Misr va Suriyaning ilg‘or mutafakkirlari va siyosiy arboblari Yevropa ma’rifatparvarlari
singari, rasionalizm tamoyillariga asosan arab dunyosining turmush tarzini, xulqi atvori va
odatlarini, oilaviy munosabatlari, tashqi siyosati, davlat muassasalari, dinni tanqid qiladilar va
rasionalizm asosida qayta ko‘rib chiqishga chaqiradilar.
“Musulmon modernizmi” nomi bilan mashhur bo‘lgan diniy oqim arab mamlakatlari
ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynadi. Islomda XIX asr tarixiy taraqqiyoti yuzaga keltirgan tub
o‘zgarish yetilib kelayotgan edi.
O‘rta asrlarda shakllangan ortodoksal musulmon huquqiy maktablari allaqachonlar
eskirib bo‘lgan, XIX asr ehtiyojlari va intilishlariga mos kelmas edi.
Islomni yangilash harakati asoschisi 70-yillarda Misrda yashagan mashhur afg‘on olimi
va siyosiy arbobi Jamoliddin al-Afg‘oniy (1839-1897y.) edi. U musulmon xalqlarni Yevropa
aralashuvidan xoli bo‘lgan yagona xalifalikka birlashtirish g‘oyasini targ‘ib etardi. Bu esa, uning
aqidasicha, zamonaviy islomni ehtiyojlarga moslashtirishni talab qilardi.
Ana shunda musulmonlar bidatlardan xoli bo‘lib, aqlu zakovatlarini bilim nurlari bilan
yoritadilar va o‘z mustaqil tartiblarini joriy qiladilar. Islomni zamonaviylashtirish g‘oyasini «al-
Azhar»dagi shayx Muhammad Abduh boshliq taraqqiyparvar ilohiyot olimlari qo‘llab-
quvvatladilar.
6
Modernistlar islom barcha xalqlar, davrlar va madaniy sharoitlarga mos keladigan dunyo
dini, u zamonaviy madaniyatga zid bo‘ladigan qusurlardan xoli, degan aqidaga suyanar edilar.
Ular Qur’ondan ijtimoiy taraqqiyot uchun asos bo‘ladigan o‘rinlarni topdilar.
Jumladan, Muhammad Abduh Qur’onda zikr qilingan ko‘p xotinlik odati aslida Olloh
tomonidan tavsiya qilinmaganini isbotlashga harakat qildi. Bunga Qur’onning to‘rt xotin olishga
ruxsat beruvchi oyatdan keyin «Agar adolatli bo‘laolmaslikdan qo‘rqsangiz, unda bittasiga
(uylaning)» oyati kelishini dalil qilib ko‘rsatdi.
Modernistlar islom dini milliy-ozodlik kurashiga ham yo‘l berishini ko‘rsatdilar. Shayx
al-Kavokibiy tavhid kalimasi «Lo iloha illaloh»ning mohiyatini sharhlab, odamlar Xudodan
boshqa hech kimga bo‘ysunmasliklari kerak, ular shaxsni ozodlikdan mahrum etuvchi va
tobelikni talab qiluvchilarga qarshi kurashishlari lozim, degan fikrni ko‘tarib chiqdi. Bu g‘oyani
u «Al-Muayyad» («Xudo yorlaqagan») ro‘znomasi va «Al-Manor» («Mayoq)» majallasi kabi
maxsus matbuot organlari orqali targ‘ib etdi.
Islomdagi yangilanish adabiyotda ham o‘z aksini topdi. Yangi ta’limotga suyangan
publisistlar arablarga tarixiy xizmatlarini eslatgan holda, ijtimoiy o‘zgarishlar, siyosiy ozodlik
uchun kurashdilar. Bu g‘oyalar nasr va dramaturgiyada tarixiy roman, tarixiy tragediya
janrlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi, she’riyatda ham tarixiy va vatanparvarlik mavzulari
kuylandi, shoirlar arablar va islomning o‘tmishdagi shuhratini madh etdilar.
Misr. Misrdagi uyg‘onish jarayoniga Napoleonning (1798–1801y.) ekspedisiyasi turtki
bo‘ldi. Mamlakatdagi mavqeini mustahkamlash niyatida fransuzlar Qohirada (1800y) arab tilida
ro‘znoma nashr etdilar, ommaga mo‘ljallangan qiroatxona ochildi. Napoleon Misrda ilmiy
institut va tipografiyaga asos soldi. Misrda maorif ravnaqiga islohatchi hukmdor Muhammad Ali
(1805-1849) sezilarli hissa qo‘shdi. Uning hukmronligida Misr va G‘arbiy Yevropa o‘rtasida
madaniy aloqalar rang-barang shakllarda rivoj topdi. Uning davrida birinchi davlat umumta’lim
maktablari, shuningdek, Rifa at-Taxtaviy (1801-1873) boshchiligida tarjimonlar tayyorlovchi
chet tillari maktabi ochildi. Milliy kadrlar tayyorlash uchun Muhammad Ali 1825 yilda
Fransiyaga ilk bor 46 nafar yosh yigitni texnik va harbiy fanlardan ta’lim olish uchun yubordi.
Tarjimonlar tayyorlovchi maktab direktori «al-Azhar» shayxi Rifa at-Taxtaviy ham
Muhammad Ali tomonidan Fransiyaga jo‘natilgan edi. Sayohat taasurotlarini u «Parij haqidagi
rezyume» kitobida bayon etdi.
Bu kitobda muallif V. Skott, Russo, Rasin asarlarini o‘qib olgan taasurotlari haqida fikr
yuritadi. At-Taxtaviy maktabini bitirgan o‘quvchilar bir qancha ilmiy va harbiy adabiyotlarni
arab tiliga tarjima qildilar.
Livan. XIX asr o‘rtalarida Livan ham Misr singari yangi adabiyotning vujudga kelish
markaziga aylandi. XIX asrning 40-60 yillarida Livanda feodalizm negizlari kurashi tezlashdi,
shahar va qishloqda kapitalistik munosabatlar shiddat bilan o‘sdi, ingliz va fransuz
mustamlakachilarining siyosiy va iqtisodiy jihatdan mamlakatga kirib kelishi kuchaydi.
Livan ma’rifatparvarligi boshida ikki shaxs: Nasif al-Yazijiy (1800-1871) va Butrus al-
Bo‘stoniy (1819-1883) turgan edilar.
Nasif al-Yazijiyning kitobga mehri barvaqt uyg‘ondi. O‘smirlik chog‘idayoq u Qur’onni,
al-Mutanabbiy devonini yod bilardi. Nasif al-Yazijiy Bayrutda yozuvchilik va muallimlik
faoliyati bilan shug‘ullandi, grammatika, poetika, mantiq bo‘yicha kator darsliklar yaratdi. Shoir
sifatida u al-Mutanabbiy ta’sirida bo‘ldi, umr bo‘yi uning asarlarini sharhlash uchun material
yig‘di.
Sharqda va Yevropada al-Yazijiy «maqoma» adabiy janrining so‘nggi yirik vakili sifatida
shuhrat qozondi. U hozir ham mashhur bo‘lgan «Majma ul-bahrayn» («Ikki dengiz qo‘shilishi»)
maqomalar to‘plamining muallifidir. Bu to‘plam filologik jihatdangina emas, etnografik
materialga boyligi bilan ham diqqatni jalb qilgan edi. Konservativ dunyoqarash egasi bo‘lganiga
qaramay (unga Yevropa ta’siri begona edi) al-Yazijiy yangi arab adabiyotining yuzaga kelishiga
ulkan ta’sir ko‘rsatdi. O‘z she’rlari va maqomalari bilan ko‘hna «al-arabiyya la tatanasar» («arab
tilini nasroniylashtirish mumkin emas») tamoyili eskirganini anglatdi. Uningcha har bir arab
7
tilida so‘zlashuvchi nasoro (masihiy), arab millati vakili sifatida o‘z vatanining yangilatishda
ishtirok etishi lozim.
Butrus al-Bo‘stoniy xam Livanda tug‘ildi, Amerika maktabida tahsil oldi. 1863 yilda u
Bayrutda milliy maktab («al-madrasa al-vataniya») ochdi. Bu maktabning maqsadi ta’limni din
va chet el ta’siridan xalos qilish edi. Garchi milliy maktab uzoq yashamagan bo‘lsa ham (u 1876
yilda yopilgan) bu o‘quv maskani arab madaniyatining ko‘pgina arboblarini tarbiyalab
yetishtirdi. Gomer «Iliada»sining arabcha tarjimasi muallifi Sulaymon al-Bo‘stoniy, arab tilining
izohli lug‘ati «Muhit al-muhit» («Okean okeani»), yevropacha andoza bilan tuzilgan, barcha
fanlar bo‘yicha materiallarni qamrab olgan ko‘p jildlik arab qomusi «Doirat al-maorif»
(«Bilimlar doirasi») muallifi al-Bo‘stoniylar shular jumlasidandir. 1870 yildan boshlab Butrus al-
Bo‘stoniy Bayrutda ilm-fanni targ‘ib etuvchi, badiiy adabiyot masalalariga ko‘p o‘rin ajratgan
«al-Janna» («Jannat») gazetasini, «al-Jinon» («Jannatlar») jurnalini nashr eta boshladi.
Suriya. Suriyada ham xuddi Misr va Livandagidek, yangi arab adabiyotining
boshlang‘ich davri ma’rifatparvarlik ruhida edi. XIX asr oxirida Suriyadagi madaniy saviya xiyla
tuban bo‘lgan. Usmonli hukmdorlari arablarni turklashtirish siyosatini olib borar, milliy
madaniyat rivojiga to‘sqinlik qilardilar. Suriya ma’rifatparvarlari, birinchi navbatda, madaniy
merosni qayta tiklash, arab adabiyoti va matbuotini rivojlantirish, arab milliy maktabini yaratish
va rivojlantirish, milliy ziyoli kadrlarni tarbiyalashga intildilar.
Suriya ma’rifatparvari Fransis Marrashning «Kiffat al-mizan» («Torozi pallasi») asari
diqqatga sazovor. Kitobda arab jamiyatining kayta tug‘ilishi tamoyili va g‘oyalari ramziy
shaklda bayon qilingan. Marrash fransuz ma’rifatparvarlari, jumladan Russo g‘oyalarining
targ‘ibotchisi sifatida ham shuhrat topdi. U adolat tantanasi, tenglik, ozodlik, aql tantanasiga
ishondi. Vatandoshlari orasida Marrash ozodlik g‘oyalari, qoloqlik va eskilikka nafrati,
taraqqiyotga intilishi bilan tanildi.
Uning singlisi, taniqli publisist Maryana Marrash ham o‘z zamonasining ilg‘or
ayollaridan bo‘lgan. Moryana gazeta va jurnallar sahifalarida eski urf-odatlarni qoralovchi
maqomalari bilan qatnashardi.
I.A.Krilov masallarining birinchi tarjimoni Rizqulloh Hassuna (1823-1880) arablarning
o‘tmish madaniyatini qayta tiklash, Suriyani Usmonli imperiyasi zulmidan xalos etish g‘oyasini
targ‘ib qildi.
O‘sha yillarda ijtimoiy-siyosiy tafakkur taraqqiyotiga hissa qo‘shgan arboblardan yana
biri Abd ar-Rahmon al-Kavokibiy (1849-1903) edi. Uning «Shaharlar onasi» va «Istibdod
tabiati» asarlari feodal jamiyat tartiblariga qarshi, o‘z vatani mustaqilligi uchun kurash yo‘lini
ko‘rsatdi. Al-Kavokibiy islohatlar bilan bir qatorda milliy mustaqillik uchun inqilobiy kurash
yo‘lini ham ma’qul deb bilar edi.
Qohiradagi al-Azhar musulmon diniy akademiyasi hali ham mamlakat ma’naviy hayoti
tamoyilini belgilab berar edi. Arab dunyosining yangilanishida missionerlik harakatining ham
hissasi bor. Yevropaliklar ko‘p o‘rnashgan Bayrut xristian-mustamlakachilik targ‘iboti
markaziga aylandi. Arab adabiyotining yangi jarayoni ham shu shahardan boshlandi. Amerika
missionerlari matbaa nashrlari va ko‘p sonli maktablari vositasida o‘z madaniy ta’sirlarini yoya
boshladilar. Amerika va Yevropa missionerlari ilmiy adabiyotdan tashqari arablarni o‘z badiiy
adabiyotlari: Shekspir, Bayron, V. Skott, Rasin, Moler, Kornel, Viktor Hugo, A. Dyuma asarlari
bilan tanishtirdilar. 1875 yilda Bayrutda Iezuit kolleji ta’sis qilinib, 1881 yilda u avliyo Iosif
Dorilfununiga aylantirildi; 1885 yilda Bayrutda maronit «donishmandlik maktabi» ish boshladi;
1886 yilda esa Bayrutda Amerika dorilfununi ta’sis etildi.
XIX asrning so‘nggi choragida Rossiya pravoslav Falastin jamiyati ham Suriya va
Falastin arablari uchun bir qator maktablar ochdi. Ular jumlasida Nazaretdagi muallimlar
tayyorlaydigan erkaklar seminariyasi bor edi. Ularda ta’lim olayotgan eng iste’dodli o‘quvchilar
Rossiyaga yuborilardi. Masalan, mashhur Livan adibi Mixail Nuayme Poltava diniy
seminariyasida tahsil ko‘rdi.
8
Missionerlik harakati ham arab mamlakatlarida ijodiy ziyolilarning yuzaga kelishiga
ta’sir ko‘rsatdi. Ammo senzura siquvlari, turk sultoni Abdulhamidning reaksion tuzumi Yevropa
va Amerika missionerlari faoliyati uchun qulay sharoit tug‘dirmas edi.
XIX asrda arab olamini qamrab olgan ma’rifatparvarlik harakati o‘z taraqqiyoti va
tarqalishida hamma joyda bir xil bo‘lmagan. Maqsad va vazifalar umumiy bo‘lsa-da,
ma’rifatparvarlik harakatida uch yo‘nalish yaqqol ko‘zga tashlanadi:
1. Birinchi yo‘nalish vakillari Yevropa ta’siriga qarshi edilar. Ularning arab tili sofligini
saqlash, millatning madaniy merosini ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatgan faoliyatlari ijobiy rol
o‘ynagan bo‘lsa ham, ayni choqda milliy mahdudlik arablarning jahon adabiy jarayoniga
qo‘shilishlariga monelik qildi. Bu yo‘nalishning suyanchi al-Azhar akademiyasi edi.
2. Ikkinchi yo‘nalish vakillari esa o‘zlarining milliy sarchashmalari, manbalarini inkor
etib, hayotning hamma jabhalarida G‘arbga taqlid qilishni afzal bildilar.
3. Faqat uchinchi yo‘nalishga mansub ziyolilar arab madaniyati va Yevropa fani,
adabiyotining uzviy qo‘shilishi tarafdori sifatida maydonga chiqdilar.
9
Do'stlaringiz bilan baham: |