26-modda. Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi ariza bilan ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan tartibda murojaat qilgan taqdirda, talabgor tomonidan quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
yuridik shaxs uchun — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
talabgor amalga oshirish niyatida bo‘lgan faoliyatning litsenziyalanadigan turi yoki ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda — mazkur faoliyatning kichik turi;
qonunchilikda nazarda tutilgan litsenziya yoki ruxsat berish talablari hamda shartlari talabgor tomonidan bajarilishi mumkinligini tasdiqlovchi boshqa ma’lumotlar.
Talabgor tomonidan taqdim etilgan, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar, vakolatli organ aksini isbotlaguniga qadar, barcha hollarda to‘g‘ri deb hisoblanadi.
Talabgordan ushbu moddada hamda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza talabgor tomonidan maxsus elektron tizim yoki YIDXP vositasida yuborilgan taqdirda, u elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Talabgor noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.
27-modda. Litsenziyalarni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularning to‘g‘riligini tekshirish Litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq maxsus qog‘oz blankalarida rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlar mustasno.
Barcha turdagi litsenziyalarning va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning to‘g‘riligini tekshirish mazkur hujjatlarga tushiriladigan yagona QR-kodni (matrik shtrixli kodni) tegishli reyestrda ko‘rsatilgan axborot bilan solishtirib ko‘rish orqali amalga oshiriladi. Bunda qog‘oz shaklidagi litsenziyalarni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.