[Birinchi] toifaga Muhammad (sallallohi alayhi vasallam) otini umuman eshitmagan va shuning uchun kechiriladigan kishilar kiradi.
[Ikkinchi] toifaga uning otini eshitgan, uning fazilatlari va ko‘rsatgan mo‘‘jizalarini biladigan kishilar mansubdir. Bu kishilar islom zaminiga qo‘shni hududlarda istiqomat qilishadi va o‘zlarini musulmonlar deb bilishadi. Ular kofir va mulhidin (inkor qiluvchi) lardir.
Ana shu ikki toifa o‘rtasida uchinchi toifa (vakillari) bor. Ular Muhammad (sallallohi alayhi vasallam) nomini eshitgan. Ammo uning fazilatlari va tiynatidan bexabardir. Ular buning o‘rniga bolaligidan boshlaboq, xuddi bizning farzandlarimiz, meni Alloh yuborgan, deb xiyonatkor bir tarzda payg‘ambarlik da'vo qilgan Al-Muqanna[372] ismli yolg‘onchining gapini eshitganday, men Muhammadman, deb payg‘ambarlik da'vo qilgan soxtakorlarning safsatalarini eshitishadi. Mening nazarimda, bular [uchinchi toifaga mansub kishilar] birinchi toifadagilar qatoriga qo‘shiladi. Garchi ular payg‘ambar nomini eshitgan bo‘lsa-da, aslida rasullohning tabiatiga xos bo‘lmagan fazilatlarni unga xos deb eshitgan. Bu hol izla(ni)sh uchun hech bir turtki bermaydi[373].
Hindistonning 18-asrda yashagan eng mashhur musulmon ilohiyotshunosi Shoh Valiulloh ad-Dehlaviy yetarli darajada musulmon bo‘lmaganlar ham muvaffaqiyat (Allohning marhamati) ga erishishi mumkin, deb ta'lim bergan. U Qur'onning "Al-A'rof" (ruhlar oxiroqibat jannat saodatiga erishiladigan joyga o‘tiladigan "devor")[374] sifatidagi mashhur esxatologik xususiyatlariga munosabat bildirar ekan, o‘zining biografi so‘zlari bilan aytganda, mana bunday deb yozadi:
Allohning nomasini olmagan, shuningdek, tog‘ tepasida Ul zotga e'tiqod qilmasdan, yoki uning mavjudligini ham bilmasdan, xuddi faqat o‘zining tabiiy ehtiyojlarini qondirishni o‘ylaydigan mollar singari yashayotgan kishilar ham A'rofda yashovchilar orasida bo‘ladi. Ular islom yorlig‘ini olgan bo‘lsalar ham, johilliklari sabab, dindan foyda ola bilmagan. Ular teran fikrlashga to‘sqinlik qilgan sharoitda unib-o‘sgan, tarbiyalangan. Ular faqat mana bunday bilimga qodir edi: musulmonlar falon-falon narsalarni tanovul qiladi, falonfalon narsalar esa yeyish uchun harom qilingan [...]. Ular xuddi to‘rt oyoqli jonivorga o‘xshab, Alloh xususida hech qanday tushunchaga ega emas. (Shuning uchun) Ularni ayblab ham, [islomni rad etish uchun] yollab ham bo‘lmaydi[375].
Kalom ilmi doirasida Qur'on vahiysiga javoban Bag‘dodiy va boshqalar tomonidan rivojlantirilgan G'azzoliy va Dehlaviy ta'limoti «keng miqyosli umid»ga yo‘l ochib berishi shubhasiz. Ilohiyotshunoslar Muhammadga ummat bo‘lish sog‘lom e'tiqod va hayot muqaddasligi uchun maksimal imkoniyatlar yaratib berishini olqishlar ekan, Allohning marhamati islom chegaralaridan nariga ham yoyilishi mumkinligini xuddi musulmonchilikdan oldingi dinlarning ba'zi bir islom ta'limotidan bexabar qavmlar to shu kungacha e'tiqod qilib kelayotgan shakllari chin ma'noda yakkaxudolilik g‘oyalari va ilohiy adolat printsipini saqlab qolganiday, osongina qabul qilishlari mumkin. Bunday qavmlarga kelsak, ular uchun nasx tushunchasi o‘ta nazariydir. Ilohiyotshunoslar o‘z asoschilarining haqiqiy qarashlari nimadan iborat ekanini bilib olish uchun bunday din shakllarini tadqiq qilib, ulardan ba'zilari boshqalariga nisbatan sofroq holda saqlanib qolganini, ular islomning mavjudligi o‘z individual tarafdorlarining pirovard taqdirini qoralaydi, deb hisoblamasligini bilib olishlari mumkin. Shu o‘rinda, erkak yoki ayolning o‘z madaniy muhitida mavjud bo‘lgan diniy tutimlarga qanchalik rioya qilayotgani sifatini baholash mezonini faqatgina Alloh bilguvchidir, degan aqidaga amal qiladigan mulohazali agnostitsizm[376]ning ahamiyati beqiyosdir.
Ko‘rib chiqanimizday, Qur'on pirovard fikrni aytishni Allohning zimmasiga yuklaydi, «Moida» surasining 48-oyatida aytilganiday, Ul zotning o‘zi dinlararo munozaralarga oydinlik kiritadi, deb hisoblanadi. Hadisda, ushbu oydinlik kiritilgandan so‘ng har bir payg‘ambar o‘z qavmi uchun shafoat qiladi, hatto chiqarilajak salbiy ilohiy hukmni bekor qilishga tiyiqsiz johillik ham bahona bo‘lolmasa-da, u yumshatilishi yoki har bir qavm himoyachilarining esxatologik himoyasidan so‘ng rahm qilinib, gunoh kechirilishi mumkin, deyiladi. Binobarin, Muso adashgan yahudiylar uchun marhamat so‘raydi, Iso esa xristianlarning yonini oladi. Bundan tashqari, Hazrati Muhammadning yakka o‘zi marhamatli payg‘ambar va Buyuk Ahdning mujaddidi sifatida qiladigan Buyuk shafoat oldingi din tarafdorlarining ham gunohini so‘rab olish uchun islom dini chegaralaridan tashqariga ham yoyiladi[377]. Bu hol postmodern yevangellashtirish[378] deb tushunilmasligi kerak; bu Alloh rahmatining Rasululloh orqali zuhur bo‘lishidir.
Ushbu muhokamalar qanday soterilogiya (najotshunoslik)ni yaratishi mumkin? Shunisi aniqki, oldingi sahifalarda bayon etilgan teologik tushunchalarni oddiy zamonaviy ma'noda "inklyuziv", ya'ni hamma narsani o‘z ichiga qamrab olgan, deb bo‘lmaydi. Islomning tarixdagi ko‘p marta ro‘y bergan xaloskorlik interventsiyalari to‘g‘risidagi dalolatlarini hisobga olsak va agar biz "muslim" atamasini dinga e'tiqod qilish ma'nosida tushunadigan bo‘lsak, musulmon bo‘lmagan va "anonim musulmonlar"ga g‘amxo‘rlik qilishda ishtirok etishga zarurat yo‘qligi ma'lum bo‘ladi. Garchi Rasululloh pirovardida ularga najot, o‘zlari amal qila oladigan darajada Allohga ibodat qilish yo‘lini topib bersada, bu Muhammad shaxsidan "anonim tarzda", ya'ni ontologiya yo‘li bilan emas, aksincha, tabiiy ilohiyotshunoslikdan, ularning o‘z din asoschilaridan yetib kelgan ta'limotlar orqali, ya'ni epistemologik yo‘l bilan hosil bo‘ladi. O'sha dinlarning yo‘riqnomalari yo nasx qilingan, yoki yo‘q bo‘lib ketgan, ammo ularning xudoning birligi va odilligiga oid umumiy ta'limotlarini Ul zotning mavjudligi va tabiiy tartibning afzalliklari haqida xulosa chiqarish yoki uni mustahkamlash uchun esga olish mumkin. Ular musulmonlar emas, ammo ilohiyotshunoslar aytmoqchi, musulmonlar qatorida ajr yoki jazo oladilar. Binobarin, kalom ilmi hech qachon oldindan belgilab qo‘yiluvchi rahmat yoki o‘limdan so‘ng musulmon bo‘lish singari chalkash nazariyalarni rivojlantirishga ehtiyoj sezmagan. Shafoat qilish aqidasi, tabiiy sabab kuchlari xususidagi moturidiya oqimi vakillarining nekbinligi, tarix va jug‘rofiyani bir-biridan keskin farq qiladigan turli bo‘laklarga bo‘lib yuboruvchi alohida shaxsga nozil bo‘ladigan vahiydan ko‘ra har bir payg‘ambar kelishi bilan tafsilotlari tuzatiladigan mantiqiy vahiyning davriy jarayoni xususidagi qat'iyat Boshqaning falohi (najot topishi) masalasini nisbatan sodda deb hisoblaydi.
Garchi bu musulmon bitiklarining oldingi nomalarni nasx qilgani xususidagi kafolatini saqlab qolsa-da, bunday keskin bo‘lmagan nasx (oldingi ilohiy matnlarni tuzatish) nasx ilohiyotshunosliklarining plyuralistlar qayta-qayta iqtibos oladigan eng katta xavflaridan biri: manmanlik gunohini bartaraf etishi mumkin. Masalaga g‘azzoliycha qarash yukning asosiy qismini ayni shu bobda obdan ta'rifi berilgan musulmon bo‘lmaganlar zimmasidan olib, musulmonlarning yelkasiga yuklaydi. Bu bilan bien-pensant [379] musulmon musulmon bo‘lmagan qo‘shnisi uchun falohdan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda nasx og‘ir mas'uliyatni bajarolmay qolishdan qo‘rqish emas, g‘alabalar asosi deb tushunilsa, muloqotga yaramaydigan salbiy ma'no kasb etib qoladi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, har bir kishining o‘z qavmini najot tarixining markazida turadi, deb da'vo qilishi xatodir. Bu muqarar sur'atda manmanlikka, kelishmovchilikka va ziddiyatga olib boradi. Bu hol G'arb xristianligining aksariyat mazhablarida o‘zlarini boshqa mazhablardan mutlaq ustun deb da'vo qilish bilan ko‘zga tashlanayotgan bir paytda boshqa dinlarning asoslarini keskin rad etmagan yozma aqidalarga ega bo‘lgan hamda shu sababli asrlar davomida diniy tinch-totuv yashash darajasini saqlab qola olgan islom singari dinga e'tiqod qiladigan qavmlar bunday yo‘l tutmadi. Bunday qavm bugungi kunda Boshqaning hurmatini joyiga qo‘yadigan ilohiyotshunosligini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilishi mumkin. Hamma narsa o‘zaro qorishib ketgan dunyoda yashash oson emas, ammo dinlarning o‘z-o‘zini tushunishining, xuddi shuningdek, shaxsning o‘z-o‘zini tushunishining asosiy jihatlaridan voz kechishga majburlamaslik ehtiyoji Boshqani yovuzlashtirmaslik, tarix va dunyoni moniy[380]chasiga qabul qilmaslik imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |