2. Iqtisodiy mutanosiblik va uning turlari
Milliy iqtisodiyotdagi muvozanatlik uning turli tomonlari va sohalari o‘rtasida mutanosiblik bo‘lishini taqozo qiladi.
Iqtisodiy mutanosiblik – iqtisodiyotning turli tomonlari va sohalari o‘rtasida miqdor va sifat jihatdan ma’lum moslik bo‘lishidir. Bunda tenglik bo‘lishi shart emas. Ular mos keluvchi nisbatlarda (masalan, 2:3, 5:3, 3:1) bo‘lishi mumkin.
Makroiqtisodiy jarayon g‘oyat murakkab va ko‘p qirrali bo‘lishi sababli mutanosiblik turlari ham ko‘p va xilma-xil. Jumladan, professor A.G.Gryaznova va boshqalar iqtisodiyotda muvozanatga erishishni ta’minlovchi beshta asosiy mutanosiblikni ajratib ko‘rsatadilar:
1) resurslarning hajmi, tarkibiy tuzilishi va samaradorligini moddiy ne’matlar va xizmatlar ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasi bilan bog‘lovchi omillar (ishlab chiqarish, mehnat, moliyaviy resurslar) mutanosibligi;
2) jamg‘arish me’yorini, ya’ni ishlab chiqarishning ma’lum hajmiga erishish uchun uni kengaytirishga yo‘naltiriluvchi mamlakat milliy daromadidagi ulushni belgilovchi jamg‘arish mutanosibligi;
3) ishlab chiqarish faoliyatidan olingan daromadlarni ishlab chiqarish omillarining barcha egalari o‘rtasida taqsimlanishi nisbatini belgilab beruvchi taqsimot mutanosibligi;
4) iste’molchi talabi va taklifning hajmi, tarkibiy tuzilishi va qiymati bo‘yicha nisbatini belgilab beruvchi ayirboshlash (sotish) mutanosibligi;
5) tovar va pul massasi o‘rtasidagi nisbatni aks ettiruvchi tovar-pul mutanosibligi1.
Iqtisodiy mutanosibliklarni bu kabi turli ko‘rinishdagi turkumlashlar boshqa manbalarda ham ko‘plab uchraydi. SHunga ko‘ra, ularning barchasini umumlashtirib mutanosiblikning quyidagi guruhlari tarkibiga kiritish mumkin.
1. Umumiqtisodiy tavsifdagi mutanosibliklar. Bunga milliy daromaddagi tarkibiy qismlar – iste’mol fondi va jamg‘arish fondi o‘rtasidagi; iqtisodiyotdagi tovar va xizmatlar massasi bilan pul massasi o‘rtasidagi; aholining daromadlari bilan xarajatlar o‘rtasidagi mutanosibliklarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
2. Tarmoqlararo mutanosibliklar. Milliy iqtisodiyotning muvozanatini ta’minlashda tarmoqlararo mutanosibliklar alohida o‘rin tutadi. Milliy zamonaviy iqtisodiyot juda ko‘p tarmoq va sohalardan iborat bo‘lib, ularning rivojlanishi bir-birini taqozo qiladi. Bir tarmoqda yaratilgan mahsulot boshqa tarmoqda iste’mol qilinadi yoki pirovard mahsulotga aylantirilib, o‘z iste’molchisini topadi. Masalan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarning ko‘pchilik qismi (paxta, g‘alla, pilla, sut va h.k.) sanoatning tegishli tarmoqlarida qayta ishlanib, pirovard mahsulotga aylantiriladi va iste’molchilik tovarlari bozoriga chiqariladi. O‘z navbatida sanoatning ishlab chiqarish vositalari yaratadigan sohalarning mahsulotlari milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari (qishloq xo‘jaligi, qurilish va h.k.)da unumli iste’mol qilinadi. Bu ularning bir-biriga bog‘liqlikda rivojlanishini taqozo qiladi. Tarmoqlararo mutanosibliklarga sanoat bilan qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari o‘rtasidagi mutanosibliklar misol bo‘ladi.
3. Tarmoq ichidagi mutanosibliklar. Tarmoqlararo mutanosiblik va milliy ishlab chiqarish darajasidagi muvozanatlik tarmoqlar ichidagi mutanosiblik orqali ta’minlanadi. Tarmoqlar ichidagi mutanosiblik alohida olingan tarmoq tarkibidagi soha va ishlab chiqarishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ifodalaydi. Masalan, sanoatning ishlab chiqarish vositalari va iste’mol buyumlari ishlab chiqaradigan sohalari, qishloq xo‘jaligining dexqonchilik va chorvachilik sohalari o‘rtasidagi mutanosibliklar va h.k. SHu bilan birga ta’kidlab o‘tilgan sohalarning ichidagi tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasida ham bog‘liqlik bo‘lishi zarur. Masalan, sanoatning qazib olish va qayta ishlash tarmoqlari, chorvachilikning sut va go‘sht ishlab chiqarish sohalari, mashinasozlikda motor, kuzov, g‘ildiraklar va boshqa qismlari, ishlab chiqarishning turli omillari o‘rtasidagi mutanosibliklar va boshqalar.
4. Hududiy (territorial) mutanosibliklar. Iqtisodiy rivojlanish mamlakat ayrim hududlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham taqozo qiladi. YUzaki qaraganda hududlar o‘rtasidagi mutanosibliklarning mamlakat iqtisodiy rivojidagi roli to‘liq namoyon bo‘lmaydi. Lekin alohida hududiy bo‘linmalar (viloyat, tuman, shahar va boshqa hududiy birliklar)ning bir-biriga iqtisodiy va tashkiliy jihatdan bog‘liqligi, ixtisoslashish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va kommunikatsiya nuqtai-nazaridan qaralsa, bu bog‘liqlikning ahamiyati yaqqol ko‘rinadi.
5. Davlatlararo mutanosibliklar. Bu mutanosiblikni ikki holat taqozo qiladi. Birinchidan, dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari xalqaro mehnat taqsimoti orqali bir-biri bilan bog‘langan, ikkinchidan, shu bog‘liqlik orqali milliy ishlab chiqarishning bir qismi chet elliklar tomonidan xarid qilinadi yoki milliy ishlab chiqaruvchilar o‘z iste’molining bir qismini chetdan keltirilgan mahsulotlar hisobiga qondiradi. Bu bog‘liqlik qanchalik katta bo‘lsa, sof eksport hajmi orqali makroiqtisodiy muvozanatlikka shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Qarab chiqilgan mutanosibliklarga erishish orqali milliy ishlab chiqarishning muvozanatli rivojini ta’minlab borishdan quyidagilar ko‘zda tutiladi:
mamlakatda mavjud bo‘lgan iqtisodiy resurslardan samarali foydalangan holda jamiyatning ehtiyojlarini to‘laroq qondirib borish;
to‘la bandlilikka erishish, ya’ni mehnat qilishga layoqatli bo‘lgan va ishlashni xohlaganlarni to‘liq va samarali ish bilan ta’minlash;
narx-navoning nisbiy barqarorligiga erishish va uni inflyasiya ta’siridan xoli qilish;
iqtisodiyotning bir maromda o‘sib borishini etarli darajada investitsiya bilan ta’minlash va muomaladagi pul massasiga bog‘lab borish;
eksport va importni muvofiqlashtirish asosida tashqi savdo balansining faolligiga erishish.
Bu maqsadlar faqatgina ularga intilish bo‘lib, bunga erishish doimiy ekanligini bildirmaydi. CHunki doimiy ravishda mutlaq muvozanatga erishish qiyin, chunki ular buzilib va qaytadan tiklanib turishi orqali iqtisodiy o‘sish notekis boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |