XUNNLAR VA ULARNING BIRLAShMALARI (DAVLATLARI) Tarixiy manbalarda xunn(xun) nomi* bilan atalgan qabilalar haqida anchagina ma’lumotlar mavjud2. Xasan Ato Abushiyning (XIX-XX asr boshi) yozishicha, “Xunlar miloddan avvalgi davrlarda Oltoy tog’laridan boshlab Tibet, Chin xududlarining shimoliy g’arb sahrolarigacha hamda Torim nahri va Lubnur(Lubnor) ko’llarigacha, hozirgi Mo’g’uliston sahrolaridan Turkistonu, Qirg’iziston sahrolariyu, O’rol tog’lariga qadar keng yaylovlarga tarqalishgan. Xunlar haqida Xitoy manbalarida qarib 3 ming yil avvalgi davrlardan ma’lumotlar uchraydi. Xitoyliklar ularni “Xyun-yu, Xyun-nu” keyinchalik “Xun” ba’zan “Xen”deb ataganlar. Xunlar Buxoro va Qirg’iz sahrolarini birga qo’shib, avval bir yirik va quvvatli hukmronlik tashkil etganlar. Lekin zamonlar o’tishi bilan ular 3 toifaga bo’linib, “janub xunlari yoki oq xunlar”, “g’arb xunlar”, “shimol xunlar”deb yuritildilar va ular tub joy qabilalar bilan aralashib boshqa nomlar bilan ham atalganlar”1. Turkshunos olim Nasimxon Rahmon ma’lumotiga ko’ra, Sak-iskit turklaridan so’ng Markaziy va O’rta Osiyo mintaqasida Xunlar hukmronlik qilishgan. Bu birlashma yoki davlat tarixda Buyuk Osiyo-Xun imperiyasi nomi bilan miloddan avvalgi VII asrdan milodiy 48-yilgacha mavjud bo’lgan. Bu saltanatning asoschisi Motun(Mochun) hoqon bo’lgan. Bu imperiya keyinchalik ikkiga, ya’ni Shimoliy va Janubiy Xun tarmoqlariga bo’lingan. Shimoliy tarmog’i tarkibiga O’rxun, Talas vohalari va Turkiston hududlari kiritilib, bu hududlarda xunlar miloddan avvalgi 482 yildan 156 yilgacha hukmronlik qilishgan. Shu kabi Chin hududi va Orol dengizi bo’yi, Amudaryo sohillari, Sibir cho’llari, Tangri tog’i va Tibet pasttekisligi kabi hududlar Sharqiy Xun davlatiga qarashli bo’lib, bu saltanat hukmronligi 48-yildan 216-yilgacha yashagan.Ayrim olimlarning yozishlaricha, xitoy solnomalarida eng qadimgi turkiyzabon xalqlar 1756 yildan boshlab “Xun”, “Xunlar” nomi bilan uchraydi. Ular Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi bo’ylari hamda Shimoliy Kavkaz va G’arbiy Yevropa yerlarigacha cho’zilgan hududlarda yashaganlar. Ular ba’zi manbalarda miloddan avvalgi 207 yildan, milodiy 216 yilgacha (423 yil) hukmronlik qilishgan (Q.Mahmudov, Sh.Karimov, R. Shamsutdinovlar). Keyingi davrlarda ular Sharqiy va g’arbiy qismlarga bo’lingan holda siyosat yurgizganlar. Bu birlashmalar tarkibida juda qo’p va turli nomlar bilan atalgan qabilalar kirgan. Yozma manbalarda Sharqiy va G’arbiy hoqonlik tarkibida bo’lgan quyidagi turkiy urug’ va qabilalar nomlari tilga olingan: Ashin, Arg’u, Az, Qirq az, Basmil, Duba(tuba), Dulu, Nushib, Izgil, Kurdanta, Kiton, Sir, Tatabi(tung’uzlar), Tolis, Tordush, Turk, Turgan, Tupuri, To’qri (toharlar), Uyg’ur, O’n uyg’ur, To’qqiz o’g’uz, Uch o’g’uz, O’g’uz, O’tuz tatar, Qarluq, Qimchoq, Quriqan1 kabilar shular jumlasidandir Jumladan, G’arbiy-Ulug’ Xun saltanati (374-469 milodiygacha) asoschisi Badamir (374-400 yy.) bo’lib, keyinroq bu tarixda Attila (434-453 yy.) hunlari nomi bilan mashhur bo’lgan. Bu saltanat doirasiga Sharqiy Rus, Ruminiya, sobiq Yugoslaviyaning shimoli, Mojariston (Vengriya), Avstriya, Chexoslovakiya, Sharqiy va O’rta Germaniya kabi mamlakat xududlari tortilgan. Ikkinchisi, Sharqiy-Oq Xun saltanati nomi bilan atalib, asoschisi Kun xon bo’lgan. Xunlarning ushbu tarmoqlari 386-557 yillarda hukm surgan va shu kabi tarixda Tavg’ach nomi bilan iz qoldirgan qabilalar birlashmasi (davlati) ham bo’lgan. Tavg’ach davlatning asoschisining nomi Shamo xon deb atalgan. Oq Xun va Tavg’achlar haqida keyinrok maxsus fikr bildiramiz. L. N. Gumilevning asarlaridagi ma’lumotlarga ko’ra ham xunlar miloddan avalgi III asrda 24 qardosh qabila birligidan tashkil topgan buyuk davlatni yuzaga keltirishgan. U “xunu” etnosi haqida ham fikr bildirib, xunlarning yuzaga kelishi Mo’g’ulistonning janubidagi, aniqrog’i, janubiy va shimoliy Gobi hududlaridagi aborigen (tub aholisi) Xyanyun va Xunyuy qabilalarning aralashuvi bilan bog’liq deb qaragan2. Tarixiy manbalarda Xitoy imperiyasi bilan Xun davlati o’rtasidagi siyosiy munosabatlar har xil tarzda bo’lganligi qayd etiladi. Asosan, Xitoy imperiyasi Xunlarning kuchayib ketishi tarafdori emas edi. Ular bilan imkoniyat darajasida ma’lum davrlarda siyosiy-madaniy aloqalar o’rnatgan, ammo hamisha raqobatda bo’lishgan. L.N. Gumilevning yozishicha, miloddan avvalgi 200 yilda Mode xon boshchiligidagi Xunlar Lyu Ban boshliq xitoyliklarni yengib, ulardan har yili o’lpon olib turishgan3. Shuning uchun ham Xitoy imperiyasi Osiyo-Xunlari davrida ham, undan so’nggi davrlarda ham turkiy tilli qabilalar bilan aloqa-munosabatlarini olib borishda o’z foydasini ko’zlashgan. Ayniqsa, Xunlarning kuchayib ketishidan hayiqib, turkiy qabilalar o’rtasida o’zaro ziddiyatlar keltirib chiqarishga harakat qilishgan. Shu yo’l bilan ularni Xitoy imperiyasiga tobe yoki ittifoqdosh bo’lishga uringanlar. Umuman, Xitoy imperiyasi Xunlar va ularga qardosh bo’lgan boshqa turkiylarni harbiy jihatdan zaiflashtirish va birlashgan qabilalarning qudratli davlatini parchalab yuborib, ular o’lkasidagi moddiy-iqtisodiy boylikdan manfaatdor bo’lishga harakat qilib kelishgan. Jumladan, Xan sulolasi davrida Xitoy imperiyasi bilan Hunlar o’rtasida munosabatlar yomonlashadi. Shunda Xan hukmdori Udi (milloddan avval 140-87 yy.) xunlarga qarshi harbiy ittifoqchi qidirib, Orol bo’ylaridan Sharqiy Turkiston(massaget qabilalari)tomoniga borgan, ammo o’z maqsadiga erisha olmagan1. Xuddi shunday holat miloddan avvalgi I asr o’rtalarida to’ng’ich Xan sulolasiga mansub Xitoy imperatorlari Buyuk ipak yo’lini o’z nazoratiga olish maqsadida bir-biri bilan ittifoq bo’lgan Xun, Usun, Qang’ar kabi qudratli kuchga ega bo’lgan turk qabilalarini o’ziga bo’ysundirmoqchi bo’ladi. Shu kezlarda xunnlar bilan usunlar va qang’arlar o’rtasidagi do’stlik ittifoqida o’zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. Chunonchi, Xunlarning parfiyaliklar bilan do’stlik ittifoqini tuzishi qang’arlarga ma’qul kelmagan edi. Chunki o’sha davrlarda qang’arlar bilan parfiyaliklar o’rtasida adovat bor edi. Natijada qang’arlar bilan xunlarning do’stlik aloqasiga zil ketadi. Xitoyliklar fursatdan foydalanib qang’arlar bilan do’stlik ittifoqini tuzishga kirishdi2. Oqibatda xitoy qo’shinlari milodan avvalgi 59 yili Tyanshan orqali o’tgan shimoliy savdo yo’lning Yortkentgacha bo’lgan qismini egallaydi. Xitoy usunlarni ham o’ziga ittifoq qilib oladi. Xunlarga qarshi ana shunday tazyiqlar natijasida qudratli Xun davlati inqirozga uchrab, ular birlashmalaridagi qabilalar asta-sekin turli hududlarga ko’chib keta boshlagan.Lekin migrasiya (ko’chish) natijasida borgan yerlarida ular aborigen (tub joy) qabilalari bilan yana yangi-yangi qudratli, jangovar birlashmalarini (davlatlarini) tuza olganlar. Ular tuzgan yangi davlatlar yuqorida qayd etilganidek, manbalarda turli nomlar bilan atalgan. Xitoy va boshqa manbalarda bu kabi juda ko’p ma’lumotlar uchraydi. Akademik A.Asqarovning qator asarlarida, jumladan, “O’zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” kitobida turkiy xalqlarning qadimgi tarixi bo’yicha xitoy manbalaridagi ma’lumolar, jumladan, N.Gumilev, S.V. Kiselov, A.Xo’jayev va boshqa olimlarning fikr va mulohazalarida ham xunlar o’tmishi ishonchli talqin etilgan. Undagi xunlar va ularning nomi haqidagi muhim fikr-mulohazalar asosli dalillar bilan yoritilgan.Bu ma’lumotlardan muhimlarini alohida qayd etish mumkin. Chunonchi, L.N.Gumilevning “Xunnu” asarida yozishicha, eng qadimgi turkiy tilli qabilalar haqidagi ma’lumoilar xitoy tarixiy manbalarida miloddan avvalgi 1764 yildan boshlab uchraydi. So’ng miloddan avvalgi 822 va 304 yillardagi manbalarida ham muhim ma’lumotlar borligi qayd etilgan1. Xitoy tarixiy manbalarida, jumladan, Sima Syanning “Tarixiy xotiralari”ga asoslanib yozilgan “Xitoy tili katta iyerogliflar lug’ati”da shimoliy Xitoy “Shya” hokimligining shimoliy g’arbiy chegaralarida “xu” yoki “xulu” nomli chorvador qabilalar yashardi, degan ma’lumot berilgan. Xuddi shunday ma’lumot Si Yuanning “So’zlar etimologiyasi” lug’atida ham mavjud. Xan sulolasi tarixi “Xunnlar tazkirasi”ning ikkinchi qismida “janubda buyuk Xan, uning shimolida esa kuchli “xu”mavjud deb xunlarga ishora qilgan. Sharqiy Xan tarixchisi Chjeng Shyuan “xu” hozirgi “syunnu”, ya’ni hunn, deb yozgan2.Xitoyshunos olim A.Xo’jayevning yozishicha, manbalarda qo’llangan “xu” va “xulu” turkiycha “hur” atamasining xitoycha talaffuzidir. Xitoy tilida “r”undoshi talaffuz etilmasligi sababli iyeroglif bilan ifodalashda“hur” atamasi “hu”shaklda yozilgan3. (Biz oldingi mavzularimizda “hur” atamasining lug’aviy ma’nosini bir yerda bog’lanib, turg’un turmaydigan, o’ziga-o’zi bek-erkin, ozod holda ko’chib yashaydigan qadimgi turkiy tilli qabilalarga xosligini ta’kidlab, “Avesto” tildagi arya (ariya, oriy)ga mazmunan mos kelishini ham aytgan edik. Oriylardagi jangovorlik ruhiyat, chapdast suvoriylik xususiyati, xuddi shu “xur”, ya’ni xunlarga ham xos bo’lgan. Ular G.A.Hidoyatov aytganidek go’yo harbiylashgan qabilalar sanalgan) Ushbu aytilganlardan kelib chiqib, akademik A. Asqarov quyidagicha xulosaga kelgan: “Shunday qilib, yuqorida nomlari keltirilgan qadimgi xitoy yozma manbalariga ko’ra, shimoliy Xitoy kichik podsholiklarining shimoliy, shimoli-sharqiy va shimoli-g’arbiy chegaralarida mil.avv. III-II ming yilliklar davomida “xu”, “dingling(tingling)”, “tele(chele/chile)”, “di”, “hunn” nomlari ostida chorvador qabilalar jamoalari yashashgan. Bular aslida “hu”avlodlaridir (A.Xo’jayev)4. Milodiy III-IV asrlarda ular “turo” nomi bilan yuritilgan. “Tele” va “turo” aslida bitta nom emas, balki turkiy tilli qabilalarning turli urug’idir. “Di”lar xitoy yozma manbalarida “dingling”, “guyfang” lar, keyinchalalik bu qabilalar Lyuy Simyanning yozishicha, “chile, tele” nomi bilan atalsa, g’arb mamlakatlarida ularni turk deb atashgan, aslida turk va uyg’ur dinglinglar tarkibidadir... Chilelarni xitoylar “Gavche”(qangli) deb ham atashgan. Bu qabilalar turlicha atalsa-da, ularning kelib chiqishi birdir. Manbalarning guvohlik berishicha, dastlab turkiy qabilalarning siyosiy uyushmasiga “Hu”lar, keyin “Di”lar, so’ng esa “Xunn”lar nomi bilan yuritilgan turklar yetakchilik qilishgan. Manbalarda yozilishicha, Hunlar hokimiyati inqirozidan keyin, Atilla (Attilla) bilan G’arbga ketmay, o’z joylarida qolib ketgan turkiy qabilalarga “Turo”qabilasi bosh bo’lib, o’z tarkibiga 44 ta qabilani birlashtirgan. Ularning nomi shimoliy sulolalar tarixida keltirilgan. Ular Xitoy iyerogliflarida davriga qarab, turlicha talaffuz etilgan bo’lsa-da, ularning turkiy etnosga tegishli ekanligi ma’lum bo’ldi. Arxeologik tadqiqotlar natijalari aynan mana shu hududlarda bronza davrida Andronov madaniyati sohiblari yashaganligini tasdiqlaydi. Andronov madaniyati yodgorliklari Janubiy Sibirning g’arbidan O’rol tog’ tizmalarining janubiy-sharqiy mintaqalarigacha yoyilgan. S.V. Kiselyov mil.avv. XVIII asrda Minusinsk past-tekisligi va Yeniseygacha yoyilgan Andronov madaniyati yodgorliklari quyi Volga, Don va Dones cho’llarining Srub madaniyati bilan ko’p jihatdan yaqinligini alohida ta’kidlab o’tadi.Ularning keng tarqalgan yerlari quyi Volgadan to Mongoliyagacha, janubiy-sharqiy O’roldan to O’rta Osiyogacha cho’zilgan cho’l mintaqalari edi (M.P.Gryaznov, Ye.Ye.Kuzmin, N.A. Avanesova). Demak, qadimgi xitoy yozma manbalarida tilga olingan “xu”, “di”, “guyfang”, “tufang”, “rung”, “hunn”va boshqa azim sahro sohiblari qadimgi turkiyda so’zlashuvchi Andronov madaniyati egalariga xos bo’lishgan1. Demak, ana shunday ko’hna tarixga ega bo’lgan xunlar turkiyzabon qabilalardan hisoblanadi. Ular o’zlarining ilk, ya’ni miloddan avvalgi davrlardagi tarixiy jarayonlarda qudratli va jangovar davlatlariga ega bo’lgan bo’lsalar, keyingi davrlarda, milodiy davrlarda ham bu xususiyat ularda saqlanib qolgan. Ularning avlodlari tomonidan milodiy davrlarda ma’lum mintaqalarda yana qudratli turkiy davlatlarni tuzganlar. Lekin ular turli qabila nomlari bilan atalgan. Xunlarning va boshqa qardosh turkiy qabilalar ittifoqlarini, xususan, ahilligini, jangovarlik kuch-qudratini sindirib, o’ziga tabe etish yo’lida Xitoy imperatorlari turli yo’llardan foydalanganlaridek, milodiy davrlada ham bunday tazyiqlar ularning avlodlari tuzgan yangi davlatlarga nisbatan ham davom etgan. Masalan, manbalarda Oq Xunnlar yoki Eftalitlar davlati nomi bilan atalgan qudratli saltanatini Eron davlati zaiflashtirishga va inqirozga uchrashiga sabab bo’lgan. Eron o’sha davrlarda O’rxun-Enasoy vohasida shakllangan qudratli Turk hoqonligi bilan kelishib, Oq-Xun yoki Eftalitlar davlatiga zarba berishni rejalashtirgan. Chunki, Eron ahmoniylari bu davlatning kuchayib ketishidan hadiksiragan. Shu kabi xitoyliklar qudratli Davan, Qang va boshqa turk qabila-urug’lari birlashmalarini zaiflashtirish uchun tazyiq o’tkazishgan... Xullas, qayd etilgan tarixiy ma’lumotlardan ma’lumki, Xunlar ma’lum davrlarda ancha yuqori mavqyega ega bo’lgan qudratli Buyuk Xun(Xunn) imperiyasini tuzganlar. Buyuk imperiya inqirozidan so’ng bu ittifoq tarkibidagi ba’zi qabilalar o’z nomlari bilan yangi siyosiy uyushmalar-hokimlik tipidagi davlatlarini tuzganlar. Yuqorida qayd etganimizdek, Oq Xun yoki Eftalitlar va Tavg’ach, Davan, Qang’ (qang’ar) kabi davlatlar shular jumlasidandir. Bu davlatlarning nomlari asosan birlashmaga asos solgan qabilalr nomi bilan atalgan. Ular dastlab bir necha yirik urug’lar va kichik qabilalar birlashuvidan hokimlik tipidagi mustaqil siyosiy uyushmalar tarzida yuzaga kelib, keyinchalik davlat tipidagi yirik qabilalar birlashmalarga aylanganlar va ancha keng hududlarni o’z ta’sirlariga qaratganlar. Bu holat Xunlarning migrasiyasi tufayli ham ancha oldingi davrlardan boshlangan. Umuman, xunlar ilk turkiyzabon qabilalardan biri bo’lib, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi ba’zi xalqlarining, jumladan, o’zbeklarning ham eng qadimgi ildizi-ajdodlari sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |