Xayolning xususiyatlari. Xayolning muhim tomonlaridan biri - uning ijod va shaxs munosabatining yaxlit holda talqin qilish xususiyatidir. Ijod shaxsning ichki imkoniyatlari va zaxiralarining ro‘yobga chiqishining asosiy shartlaridan biridir.
Shu sababdan shaxs o‘zining ijodiy faoliyati bilan, birinchidan, yaratuvchilik qudratini amaliyotda namoyish qiladi. Ikkinchidan, u ijod ta’sirida yangi fazilatlarni egallaydi, nafosat, badiiy ijod, texnik qobiliyat, kashfiyot, ijtimoiy muammolarni integratsiya qilib, differensiallashtiradi. Uchinchidan, jahon faniga o‘z hissasini qo‘shadi va sivilizatsiyaga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, ijtimoiy taraqqiyotni harakatlantiruvchisiga aylanadi. Ijod davomida shaxs motivatsion, emotsional, irodaviy barqarorlik, xarakterning mustahkamligi va boshqa individual-tipologik xususiyatlari samaradorligiga, sifatiga munosib ravishda ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Ijod xususiyatlari bilan shaxsning xususiyatlari o‘rtasidagi uyg‘unlikning yuzaga kelishi ikki yoqlama ta’sir o‘tkazish mexanizmi sifatida muhim rol o‘ynaydi, ya’ni faoliyatda shaxs o‘zining yangi qirralarini ochadi, uning fazilatlari esa ijodiy izlanishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishini ta’minlaydi.
Xayol shakllari to‘g‘risida tushuncha. Xayolning asosiy shakli xayolot yoki fantaziya deb nomlanadi, lekin chet el psixologiyasida xayolning sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Fantaziya inson ongida in’ikos etila boshlagandan e’tiboran borliqning qiyofasini o‘zgartirishga yo‘nalgan bo‘ladi. Shuningdek, fantaziya insoniyat dunyosi uchun ma’lum bo‘lgan omillarga nisbatan yangi nuqtayi nazar qaror topishiga imkon beradi hamda badiiy asarlarni, ilmiy bilish jarayonlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Odatda, bolaning asosiy faoliyati o‘yinga aylana borgan sari bog‘cha va kichik maktab yoshi davrida u jadal rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Ma’lumki, ta’kidlangan yosh davridagi bolalar uchun fantaziya obrazlari ularning o‘yin faoliyati uchun dastur tariqasida vujudga keladi: bola o‘zini kosmonavt sifatida his qiladi; konstruktor rolini bajaradi; o‘zini personaj xulq-atvori bilan taqqoslaydi; rolli, sujetli o‘yinlarda muayyan rollarga kirishadi va hokazo.
Xayolning o‘zi faoliyatning har xil turlarida tarkib topadi va faoliyatni amalga oshirish va uyushtirish uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Bolaning xayoli tashqi tayanchlarga (o‘yinchoqlarga) asoslanuvchi faoliyatdan so‘zlar bilan sodda hamda badiiy ijodiyotni amalga oshirishga sharoit tug‘diradigan ichki faoliyatga o‘sib o‘tadi. Bola nutqni egallash munosabati bilan shaxslararo muomalaga kirishgandan so‘ng uning xayoli ham taraqqiy etadi. Nutq faoliyatining rivojlanishi tufayli bolada ko‘rmagan, eshitmagan narsa va hodisalarni tasavvur qilish imkoni yaratiladi. Xuddi shu bois bola cho‘plardan
ot, stuldan harakatlanuvchi texnikani yaratish imkoniga ega bo‘ladi. Bunda fantaziya ijtimoiy tajribaning biri sifatida gavdalanadi. Badiiy fantaziya obrazlari (Bilmasvoy, Buratino, No‘xatpolvon, Qorqiz, Qorbobo, Jodugar kampir va hokazolar) ijtimoiy tajribalarni o‘zlashtirish va bilish vositasi ekanligi tadqiqotchi psixologlar tomonidan dalillab berilgan. Katta yoshli odamlar esa atrofmuhitni va shaxslararo munosabatlarni faol ijodiy izlanishlari tufayli o‘zgartiradilar.
Orzu xayol shakllaridan biridir. U shaxsning o‘zi uchun eng yoqimli istiqbol obrazlarini xayolida (tasavvurida) yaratishda gavdalanadi. Orzu insonning ehti yojlari, xohish-istaklari, intilishlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, uni kelajakda faoliyatni amalga oshirishga undaydi. Shaxsning ijodiy faoliyati mohiyatida fantaziya ishtirok etmasdan iloji yo‘q, chunki hamisha ham uning amaliy xatti-harakatlarida xayol jarayonlari ro‘yobga chiqavermaydi. Aksariyat hollarda xayol jarayonlari shaxs amalga oshirishni istaydigan obrazlar shaklida mujassamlashadi hamda ichki faoliyat turiga aylanadi. Shaxsni kelajakka undovchi, uning xohish-tilaklarini aks ettiruvchi obrazlar majmuasi orzudeyiladi. Orzu shaxsning atrof-muhitni, ijtimoiy voqelikni o‘zgartirishga yo‘naltirilgan ijodiy kuchlari va intilishlarini turmushga tatbiq etishning asosiy shartlaridan biridir. Shu bilan birga, orzu shaxsiy va ijtimoiy hayotni ilmiy faraz qilish elementlaridan hisoblanadi. Mamlakatimizda taraqqiyotni oldindan ko‘ra bilish, oldiga biror aniq maqsad qo‘ysa va shu maqsad sari intilish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun orzu batamom tugallanishi ma’lum bir sabablarga ko‘ra kechiktirilgan faoliyatga undovchi motiv (sabab) tariqasida yuzaga kelishi mumkin. O‘zlari uchun zarur ehtiyoj his qilgan ajdodlarimizning orzulari: uchar gilamlar; oynayi jahon; elektr chirog‘i; o‘zi yurar arava va hokazolar ko‘rinishida gavdalanganligini shohidi bo‘lamiz.