Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasida opa-singillarimiz, yoshlarimiz ham faol bo‘ladi
Gender masalalari yuzasidan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ancha ilg‘or siyosat yuritmoqda. Shu bois BMT Markaziy Osiyodagi gender platformasini O‘zbekistonda tuzish bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqyapti. Hozirgi kunda mazkur masala yuzasidan BMT bilan muloqotlar olib borilmoqda. Yaqinda yurtimizga BMTning martabali vakilalaridan biri Natalya Germanning tashrif buyurishi kutilayotir. Aynan u bilan ham shu masalada muloqotlar olib boriladi.
Natijada ushbu nufuzli xalqaro tashkilot va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda gender tenglikni faol ilgari surayotgan mamlakat sifatida Markaziy Osiyo platformasini yaratish ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab gender masalasida olib borayotgan saʼy-harakatlarimizni taqdim etish hamda qardoshlar bilan o‘zaro bilim, fikr va tajriba almashishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida ham xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni oliy taʼlimga yana-da ko‘proq qamrab olishga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas.
Mana shunday g‘amxo‘rlik mevasi ham shirin bo‘ladi. Qizlarimiz, ertaga ishlagan yoki ishlamagan taqdirda ham, oliy maʼlumotli bo‘lsa, oqilalik libosini kiyadi, qo‘pol gapirmaydi, bir qo‘lida qaynonasi, bir qo‘lida turmush o‘rtog‘ini ko‘tarib yuradi, chiroyli oilaning dilbar va dono bekasiga, o‘zaro munosabatlarda mohir diplomatga aylanadi. Mustahkam oila qurishda aynan shu jihatlar nihoyatda muhim ekanligini yigitlar ham yaxshi tushunadi, ular ham, o‘z navbatida, o‘ziga yaqin bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va onasini hurmat qiladi, eʼzozlaydi.
Ham uy bekasi, ham mohir dasturchi
Davlatimiz rahbari yil nomini bejiz ilm, maʼrifat, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog‘lab qo‘ymadilar. Buning zamirida ham xalqimiz farzandlarini ilmli qilish, ularning tafakkurini, dunyoqarashini yuksaltirish maqsadi yotibdi. Shundagina raqamli iqtisodiyot ham rivojlanadi. Odamlarda, ayniqsa, bo‘lajak onalarda kelajak taqdiriga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi.
Boisi intellekt va innovatsiya birlashgan joyda ayollar uchun ham yangidan-yangi imkoniyatlar yaratiladi. U hatto uyda o‘tirib ilg‘or AKT yordamida ishlay oladi, o‘qib-o‘rganib, yangi kasblarni egallaydi.
Shuning uchun ham ayni paytda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasida qizlarning faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Natijada axborot texnologiyalari sohasida nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlarning salohiyatini kashf etish eshiklari keng ochiladi. Boz ustiga, qizlarda nozik barmoqlar, nafis tasavvurdan suv ichadigan fantaziya, ijodkorlik bor. Faqatgina ularni yuzaga chiqarish kerak, xolos. Bunday ishlarni nafaqat dasturiy taʼminot, balki zargarlik, telefonlarni sozlash kabi yo‘nalishlarda ham amalga oshirish mumkin.
Bir martalik ishlar masalasi ham dolzarb. Bu borada yangicha qarashlar, tuzilmalarga ehtiyoj bor. Shunday agentliklar, monomarkazlar tashkil qilish kerakki, xotin-qizlarga ham ularning xizmatlaridan birdek foydalanish imkoniyati yaratilsin. Shunda ayollar mardikorligi, ularning zo‘ravonlik qurboniga aylanishlari, aldanishlari, turli salbiy yo‘llarga kirib ketishining oldi olinadi.
Shunday ekan, endi muammolarning oqibati bilan ishlash vaqti o‘tdi. Ularning oldini olishga qatʼiy kirishish vaqti allaqachon kelgan. Buni esa oiladan boshlash kerak va shu bo‘yicha qilinadigan ishlar hali juda ko‘p.
Sababi uzoq yillar davomida mazkur masalaga kompleks yondasha olmadik. Bunday holat hamon mavjud. Har bir davlat idorasi muammo yuzaga kelib, jamiyatimizda ko‘ndalang turganidan keyingina uning oqibatlari bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda. Aslida ularning barchasini oiladagi tarbiyani to‘g‘ri tashkil qilish orqali hal etish mumkin. Odamlarning daxldorlik hissini oshirish, davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, masʼuliyatni his qilishga o‘rgatish esa o‘zaro ahillikni, davlatimizning xalqchil siyosati ostida jipslashishini talab qiladi.
Bunday ezgu ishlarga bag‘rikeng, mehnatkash, zukko, fahm-farosatli, oqila, mehribon onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonaman. Ularning go‘zalligi, yuzlaridagi samimiy kulgi, bayramona ruh, ko‘tarinki kayfiyat esa xalqimizning zabardast insonlari kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat, ilhomiga ilhom qo‘shishi, shubhasiz
XULOSA
Ishonchim komilki, yaqin orada ayollar orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib ko‘rilgan rahbarlar tayinlanadi. Va ular, albatta, jamiyatda, ishda o‘zining munosib o‘rinlarini topishadi. Davlat rahbarining yuksak eʼtiborini, xalqning ishonchini oqlaydi, o‘zining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga harakat qiladi. Gender tenglikning asosiy jihatlaridan biri ham shudir.
Guvohi bo‘layotganingizdek, ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yo‘l ochildi. Bu ayol-ku, ertaga qiynalib qolishi mumkin, degan tushuncha tarixda qoldi. Endi ular mana shunday masʼuliyatli vazifani sharaf bilan bajarishlari kerak, deb hisoblayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |