Buning sababi nima?
Biz har qancha dinimizni ulug‘lamaylik, din davlatdan, davlat esa dindan ayro-ayro degan tushuncha shuurimizda hukm surdi. Mustaqillikning o‘tgan 25 yilida milliy tariximiz haqida, o‘zbek xalqining kelib chiqishi haqida tarixchilarimiz qanday tushuncha bera oldi? Hatto tilimiz tom ma'noda davlat tiliga aylana olmadi. Hamon rus tili o‘z gegemonligini saqlab keladi. Millat tarixi va milliy timsollar haqida kim o‘ylab ko‘rgan? Biz hatto turkiy qavmdanmiz deyishga botina olganimiz yo‘q. Tarixiy qahramonlarimiz «tasniflandi». Buni qarangki, millatimiz tarixi To‘maris, hatto Amir Temurdan keyin boshlangan, degan noto‘g‘ri talqinga ko‘nikib yashaymiz. Millat g‘ururi suv ichadigan barcha buloqlar loyqalatilgan. Oqibatda chala kommunist va chala odamlar jamiyati paydo bo‘ldi. Biz o‘zimizni men buyuk bir millat vakili, ajdodim olamni zabt etgan, deb o‘ylashdan chekladik. Tarixni buzdik, millat ruhini so‘ndirdik.
Milliy tariximizni hamon tiklay olganimiz yo‘q. Bu esa tushunchalar mustabid zamonda hukm surgan mahdud holida qolishiga olib keldi. Bugun aqli raso har bir odam bu holga boqib hayratlanadi. Endi ayting, yuragida milliy g‘urur bo‘lmagan, qonida vatanga muhabbat olovlanmagan elat nima qila oladi?..
Endi bugun biz yashayotgan jamiyatda «hukmronlik» qilayotgan umuminsoniy e'tiqod masalasini ko‘rib chiqaylik. Bizda bugun davlat boshqaruvidan tashqaridagi, ya'ni odamlar ko‘ngilli tarzda ergashib ketadigan ikkita mafkuraviy vosita mavjud. Bu — din va «ommaviy madaniyat». Diniy mutaassiblik butun dunyoda bo‘lgani kabi bizda ham bor va bundan ko‘z yumish qiyin. Uning oqibati esa hammamizni o‘ylantiradigan muammo. Ikkinchi masala ham keltirib chiqaruvchi oqibati bilan birinchisidan qolishmaydi. Biz shu o‘rinda bularga qarshi uchinchi bir e'tiqod darajasidagi Bosh g‘oya — milliy davlatchilik, ya'ni milliylik, milliy iftixor, milliy birdamlik g‘oyasini o‘rtaga qo‘yamizki, bu g‘oya mohiyat e'tibori bilan taraqqiyotga xizmat qiladi, tom ma'nodagi vatanparvarlikni shakllantiradi. Milliylik diniy mutaassiblik, jaholat va «ommaviy madaniyat»ga qarshi tura oladi. Birlik g‘oyasi diniy mutaassiblikni yenga oladigan va unga bas kela oladigan qudratli kuchdir. Faqat milliy birlik g‘oyasigina xalqimiz ongiga asrlar osha singgan va bugun o‘z ta'sirini ko‘satayotgan diniy mutaassiblik ta'sirini kesishga va hatto uni yengishga xizmat qiladi. Qolaversa, bu prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan yangi davlatchilik siyosati — yangi O‘zbekistonni yaratishda muhim qadam bo‘ladi. Ya'ni, Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Gurjiston kabi milliy ruhi butun, dunyoda o‘z milliy ovozi va qiyofasiga ega bir davlat paydo bo‘ladi. Bu bosqich mohiyat e'tibori bilan mustaqillikni qo‘lga kiritishdan aslo kam emas. Shu yo‘l bilan Shavkat Mirziyoyev birinchi prezidentimiz boshlab bergan yo‘lning davomchisi emas, balki mustaqil tarzda milliy O‘zbek davlatchiligining asoschisi — chin ma'noda millat lideriga aylanadi.
Buning uchun, birinchi navbatda, davlatning o‘zi islohotchilikni qo‘lga olishi kerak bo‘ladi. Takliflar quyidagilardir:
1. Eng avvalo, poytaxt markazida Millat maydoni deb ataluvchi, muazzam ansambl yaratish lozim. U mafkuraviy, hududiy va salobati jihatidan Mustaqillik maydonidan yuksakroq bo‘lmog‘i kerak. Mustaqillik maydoni maqomiga ko‘ra siyosiy-mafkuraviy bir maydondir. U bizning mustabidlik zulmidan ozod bo‘lganimiz sharafiga bunyod etilgan. Lekin minglab yillik tarixga ega buyuk millatimiz faqat qaramlikda yashagan emas, balki uning shavkatli va dunyo xalqlari havas qiladigan shonli o‘tmishi, o‘lmas qahramonlari, ular ko‘rsatgan mislsiz jasoratlar, buyuk va betimsol madaniyati bor. Maydon ana shu o‘tmishimizni, ana shu qahramonliklarni, ana shu madaniyatni aks ettirishi maqsadga muvofiqdir. Milliy qahramonlarimiz, tariximizdagi shonli sanalar, milliy ornamentlarimiz, bezaklar, qadim joylar va toponimlar bu yerda o‘z aksini topishi kerak: uni kezgan odamda o‘zini millat tarixini kezib chiqqanday, asl sarchashmalardan suv ichganday, undan kuch-quvvat olganday taassurot qolishi zarur. Maydon o‘rtasiga shunday mahobatli yodgorlik o‘rnatish kerakki, u millatimiz qudratidan dalolat berib tursin. Undan To‘maris, Shiroq, Alp Tegin, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Madaminbek va Ibrohimbek kabi buyuk qahramonlar, doston va afsonalar qahramonlari, o‘tgan tengsiz ajdodlarimiz haykallari o‘rnatilishi, bizga g‘urur beradigan osori atiqalar joy olishi va millatning o‘zligini, uning tarixiy rivojlanish bosqichlarini, millat qahramonlari va buyuk farzandlarining millat va bashariyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ifoda etuvchi muazzam ansamblni tashkil etishi kerak. Maydonni kezgan odam butun boshli millat tarixiga guvoh bo‘lsin. Millat ma'naviyat ustunlaridan bahramand bo‘lsin va kuch olsin. O‘ylaymizki, maydonga bosh shior qilib Temur bobomizning «Bizkim mulki Turon, Amiri Turkistonmiz, bizkim millatlarning eng ulug‘i, Turkning bosh bo‘g‘inimiz» degan so‘zlarini yozib qo‘yish joiz. Ehtimol, O‘rxun-Enasoy bitiklaridan ham foydalanish maqsadga muvofiqdir?!
Maydon xalq erkin kirib sayr etadigan, ma'naviy ozuqa oladigan mo‘'tabar maskanga aylansin.
Dunyo mamlakatlariga nazar solsak, ko‘plab davlatlarning ana shunday milliy ruh va g‘ururni o‘zida mujassam etgan mashhur maydonlari borligiga guvoh bo‘lamiz. Xitoydagi 70 ming kvadrat metr hududni egallagan Tyananmen maydoni (Pekin), Indoneziyadagi Medan Merdeka (Jakarta), AQShdagi mashhur Tayms-skver (Nyu-York), Ispaniyaning bosh maydoni bo‘lmish Plaza Mayor (Madrid) kabilar shular jumlasidandir.
2. Maydon mohiyat e'tibori bilan mamlakatimizning bosh maydoni — millatimiz yuragiga aylanmog‘i kerak. Maydon sahnida Avestoyu Afrosiyobdan tortib, bugungi kunimizgacha bo‘lgan tarix o‘z aksini topmog‘i, milliy qahramonlarimiz va shu tuproqda iz qoldirgan tarixiy ajdodlar siymosi, ularning qilgan ishlari aks etishi lozim.
3. Ansambl tarixiy sanalarga qarab hududlarga ajratilsa, har bir davr ijtimoiy hayoti, madaniyati, harbiy san'ati, o‘sha davrda yashagan ajdodlarimiz turish-turmushi yorqinroq o‘z aksini topadi. Bundan tashqari, ansamblda shunday bir pavilon bo‘lishi kerakki, bu umumturkiy o‘zlik tariximiz — turkiy qavmlar tarixi, ular yaratgan madaniyat va san'at (masalan, Qo‘rqut ota bitigi) shu o‘rinda bizning o‘rnimiz, shonli o‘tmishimiz haqida hikoya qilsin.
4. Maydonni ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan qadim yodgorliklar, san'at asarlari, tosh haykallar nusxasi, milliy ornamentlarimiz bilan bezash o‘rinli bo‘ladi.
5. Agar maydon markazi — Milliy yodgorlik yoniga bayrog‘imizni tiksak unga yanada ko‘rk beradi. Bu bayroq ulug‘vorligi jihatidan mamlakatimiz bosh bayrog‘i bo‘lishi lozim.
6. Mazkur maydonda zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar ularning bebaho ishlari ifodasi o‘z aksini topgan hududlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, islom dini rivoji, falsafa, tariqat, fizika-matematika, astronomiya, adabiyot, musiqa, harb san'ati, me'morchilik, geografiya, jadidchilik kabi yo‘nalishlarni ifodalovchi alohida pavilonlar yaratish lozim.
7. Xalqimizning tarixiy buyukligi timsoli bo‘lgan ushbu ulug‘vor maydon zamonaviy shart-sharoit va xavfsizlik ta'minlangan shunday ziyoratgoh bo‘lsinki, mamlakatga kelayotgan sayyohlar «albatta bir ko‘rish shart» deya oshiqsin. U yerga tashrif buyurgan har bir xorijiy mehmon qanday zaminga kelganini, bu yurtning egasi qanday buyuk xalq ekanini ich-ichidan chuqur his qilsin. U buyuklikning timsoli bo‘lib abadiy yashnab tursin.
Do'stlaringiz bilan baham: |