Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishlari, mamlakatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni kelgusida yanada kengaytiramiz. Yana bir muhim masala – Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta’minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart. Biz jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishni o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga yetishning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu maqsadda dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qo‘shni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimizni yanada kuchaytiramiz. Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, chet davlatlarning muhtaram elchilarini samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Ularning barchasiga yaqin hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, mas’uliyatli faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilayman. Aziz va muhtaram yurtdoshlar! Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonchim komil, ana shu olijanob maqsadlarga erishishda davlat organlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolarimiz o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Konstitutsiyaga amal qilinishining kafili sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman. Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o‘zi o‘rtaga qo‘yadigan dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Siz, azizlarni Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini ko‘rishni tilayman. Yaratganning o‘zi yurtimizni balo-qazolardan asrasin, ezgu ishlarimizda doimo madadkor bo‘lsin!
Do'stlaringiz bilan baham: |