Baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish. Quyidagi bir vaqtning o‘zida ikki va undan ziyod xodimlar bilan yuz bergan guruhiy baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi:
- o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar;
- oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar.
Guruhiy, o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak:
- davlat mehnat texnika nazoratchisiga;
- yuqori turuvchi xo‘jalik organiga;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, viloyat (Toshkent shahar) mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasiga;
- baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi ichki ishlar organiga;
- baxtsiz hodisaga uchragan xodimni yuborgan tashkilotga;
- hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashiga.
Guruhiy, o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar yuz berganda N-1 shakldagi dalolatnoma komissiya tomonidan maxsus tekshirish dalolatnomasi tuzilgandan keyin 1 sutka ichida komissiya xulosasiga muvofiq rasmiylashtiriladi.