XIX ASRDA QOʻQON XONLIGI VA ROSSIYA OʻRTASIDAGI DIPLOMATIK ALOQLARI
Xudoyberdiyev Navroʻz Toshpo‘lat o‘g’li
Sharq svilizatsiyasi va tarixi fakulteti II bosqich talabasi
(+998946381703)xudoyberdiyevnavroz23@gmail.com
Ilmiy rahbar: Askarov Mirzohid ( phD, dots.v.b)
Annotatsiya: Ushbu maqolada XVIII asrda Qoʻqon xonligi tashkil topishi va XIX asrda Rossiya imperiyasi bilan olib borgan diplomatik aloqalari tahlil qilinadi.Shuningdek maqolada Qoʻqon xonligi va Rossiya imperiyasining elchilik aloqalarining maqsadi ham yoritiladi.
Annotation: This article analyzes the formation of the Kokand khanate in the 18th century and its diplomatic relations with the Russian empire in the 19th century. The article also discusses the purpose of the embassy relations between the Kokand khanate and the Russian empire.
Kalit soʻzlar: Olimxon, Umarxon, Qulmamat Mamadiyorov, Nerpin, Mojatinov, Sulton Bukay, Lavrov, I.A.Veydemeyr, Graf Rumyansev, Petropavlovsk, Shukurbek, Orenburg, Omsk, Glaznep, Filipp Nazarov, Soatbek Sultonbekov,
Qoʻqon xonligining chor Rossiyasi bilan aloqalari oʻzining murakkab va mazmunli tarixiga ega. Mahalliy manbalardan “Muntahab ut-tavorix” (Muhammad Hakimxon), “Hulosat ul-ahvol” (Abu Ubaydulloh Toshkandiy) asarlarida hamda arxiv va mavjud adabiyotlarda bu mavzu keng yoritilgan. Maʻlumki, 1709-yili Fargʻona Buxoro amirligidan ajralib chiqdi va oʻz mustaqilligini eʻlon qiladi. Sekin asta oʻz hududini kengaytira boshlaydi. Olimxon 1805-yilda oʻzini xon va davlatini Qoʻqon xonligi deb eʻlon qiladi. Endilikda qoʻshni davlatlar bilan, shu jumladan Rossiya bilan ham, doʻstlik aloqalarini va xalqaro savdoni yoʻlga qoʻyish maqsadida diplomatik munosabatlarni oʻrnatishga harakat qila boshlaydi. Qoʻqon xonligi bilan shugʻullangan oʻzbekistonlik tarixchilar Olimxon (1800-1810) va Umarxon (1810-1822) davrlarida Qoʻqon-Rossiya diplomatik munosabatlar rivojlanganligiga e’tibor berganlar. F.Gʻafforov qisqa boʻlsa ham oʻzining “Qoʻqon xonligining Rossiya bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari tarixi” ga bagʻishlangan tadqiqotlarida Qulmamat Mamadiyorovning birinchi elchi ekanligi haqida ma’lumot bergan. U Qoʻqon xoni Olimxon Toshkent shahrini 1809-yilda bosib olganidan keyin Rossiya bilan aloqa oʻrnatishga intilganligi yozadi1.
Lekin F.Gʻafforov Qoʻqon xonligining Olimxon davrini yoritishda chalkashliklarga yoʻl qoʻyadi. 1810-yili Rossiya hukumati rus savdogarlari va sanoatchilarni oʻylab, Oʻrta juz qozoq sultonlarida birini Qoʻqonga yuborib, xonni ruslar bilan doʻstlik munosabatlarini oʻrnatishga davat etgan2. Rossiyaning tashqi siyosati arxivida saqlanаyotgan 1805-yilgi hujjatlarida yozilishicha: Turkistonga Rossiyadan kelgan Nerpinning ish yurituvchisi Mojatinov rahbarligidagi savdo karvoni haqidagi ma’lumotni olgan Olimxon ruslar bilan savdo va doʻstlik munosabatlarini oʻrnatmoqchi boʻlganligi aytilgan. Olimxon Sulton Bukayga xat yozib, rus savdogarlariga hamroh boʻlib, savdogarlarni Qoʻqonga olib kelishini soʻraydi. Sulton Bukay Olimxonga general Lavrov va rus savdogarlari bilan gaplashib koʻrishga vada beradi. Sulton Bukay oʻz javobida karvon yoʻli togʻu toshlar orasidan oʻtishi va Qozoq juzlari tomonidan xavf borligini aytadi. Ushbu yoʻlning Toshkent orqali oʻtishini ham aytib oʻtadi. Olimxonga Toshkent begi bilan yarashish kerakligini takidlaydi. Ana shundan keyin savdon karvonlari bexatar yoʻlga chiqishi mumkinligini aytadi. Rossiyaning tashqi siyosati arxivida saqlanyotgan noyob hujjatlariga qaraganda, Sulton Bukayning oʻgʻli Gʻozi Sulton Olimxonning iltimosini yozma ravishda I.A.Veydemeyrga yetkazadi. So‘ngra Rossiya savdo vaziri Graf Rumyansev bundan xabardor bo‘lgach, Sibir infanteriyining inspektori general-mayor Lavrovga koʻrsatma berib, rus savdogarlarini bu ishga jalb qilib, Qoʻqonga yuborishni maslahat beradi. Olimxon 1805-yilda Toshkent, Qozogʻiston janubiy hududlari va Turkistoni bosib olishidan maqsad - Qoʻqon-Rossiya munosabatlariga toʻsqinlik qilganligi uchun degan xulosaga kelamiz. Sababi maʻlumki Rossiya savdogarlari xavf-xatarsiz yetib kelishi kerak edi. Ayni vaqtda rus savdogarlari Qoʻqon davlati haqidagi maʻlumotlarni va u yerdagi savdo-sotiq holatini aniqlab kelish topshriladi. Bu esa Rossiya savdo maydonini kengaytirishga yordam berish mumkinligini takidlaydi. Olimxon shu davrdan boshlab Toshkentdan Gʻarbiy Sibir orqali rus davlatiga boradigan karvon yoʻllari orqali Qoʻqon elchilarini rus davlatiga yuborishga harakat qilgan. Polkovnik Strukov rus hukumatiga yuborgan raportida Qoʻqon xoni Olimxon Toshkent orqali Rossiya bilan oʻrtadagi aloqalarini darhol bogʻlab kengaytirishga harakat qilayotganligi haqida yozgan edi. Oʻz navbatida Rossiya imperiyasi ham Qoʻqon xonligi bilan aloqa oʻrnatishdan manfaatdorligi haqida arxiv maʻlumotlari mavjud. Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirish uchun Qoʻqon xoni Olimxon Toshkentdan Rossiyaga qaytayotgan rus savdogarlari bilan birgalikda toshkentlik Rahmatullaboy boshchiligida oʻz elchilarini Petropavlovskga yuboradi. 1810-yilda Sibir liniyasi boshligʻi general-letenant savdo-sotiqni rivojlantirish taklifi bilan Qoʻqonga Sulton ismli oʻrta juz sultonlaridan birini yuboradi. Glaznepning oʻzaro savdo aloqalarini yanada rivojlantirish haqidagi taklifi Qoʻqonda xayrixohlik bilan qabul qilinadi. Oʻrta Osiyoda yirik xonlik hisoblangan Qoʻqon bozolarida Rossiya mollariga talab kuchli edi. Rossiyada Qoʻqon xonligi mollari uchun ham bozor mavjud edi. 1811-yil aprel oyida Sibir orqali tarjimon Mamadiyarov boshchiligidagi rus vakillari Toshkentga tashrif buyurishadi. Toshkentda 11 kun turganlaridan soʻng Qoʻqonga o‘tib ketadilar. Rus elchilari Qoʻqon xonligi bilan elchilik munosabatlarini jonlantirish va savdo aloqalarini kuchaytirish taklifi bilan kelgandi. Bular savdoga doir masalalarni oʻzaro kelishib olish uchun Qoʻqon xonidan Rossiyaga elchilar yuborishini soʻraganlar. Rus elchilarining taklifiga binoan 1812-yilda Qoʻqon xoni Umarxon Shukurbek Otaliq boshchiligidagi oʻz elchilarini Rossiyaga yuboradi. 1812-yil fevral oyida Peterburgda Qoʻqon elchilarini rus imperatori qabul qiladi. Elchi boshligʻi Shukurbek oʻz xoni nomidan imperatordan Sibir shaharlari orqali oʻzaro savdoni kengaytirish va xonlik savdogarlarini Rossiya shaharlarida erkin ravishda savdo-sotiq qilishlariga ruxsat berishini soʻragan. Petropavlovsk, Omsk va Semipalatinskda yashovchi qoʻqonliklarning uylariga harbiy kishilar qoʻyishni toʻxtatishni talab qiladi. Yana shunday maʻlumotlar bor, unga koʻra Orenburgda Shukurbek Otaliqning oʻldirilishi va hokim tomonidan unga xun talab qilgan. Qo‘qon xonligi Sankt-Peterburgga elchi yuborishadi va u yerda elchilar yaxshi qabul qilinadi. Lekin yurtlariga qaytayotganida ulardan biri kasal bo‘lib, yo‘lda vafot etadi. Ikkinchisi esa Petropavlovskda rus qochqini tomonidan oʻldiriladi. 1813-yil 14-iyulda Omsk qal’asining boshligʻi general-leytenant Glazanepga xat yuborib bu voqeadan noroziligi, oʻldirilgan elchi uchun xun talab qiladi. Bazi manbalarda 1813-yilda Qoʻqon xonligiga rus elchilari tashrif buyuradi. Biroq, elchilarining kim ekanligi, maqsad va vazifalari haqida hech narsa deyilmagan. Rossiyalik tarixchi N.Xalfinning “Россия и ханства Средней Азии” kitobida yozilishicha Qoʻqon elchsi oʻldirilishi va davlat aloqalarini tiklash uchun Filipp Nazarovni yuboradi.3 H.N.Bobobekov “Народные движения в Коканд ском ханстве и их социально-экономические и политические предпосылки”nomli monografiyasida 1813-yili general-leytenant Glazanep topshrig’iga binoan F.Nazarov yuborilganligi va shu orqali nizo bartaraf etilganligini takidlaydi. N.Xalfinning aytishicha Filipp Nazarovdan keyin XIX asr 20-yillarining oxirigacha Qo‘qondan Rossiyaga birorta elchi yubormagan4. 1822-yili Qoʻqon xoni Muhammad Alixon davrida Rossiyaga yuborilgan elchilarining birontasi qabul qilinmagan. 1825-yilda elchi boʻlib borgan Soatbek Sultonbekov shunday deb yozadi, “bundan uch yil avval Hazrati oliylari imperatorga maktub bilan yuborilgan qoʻqonlik elchilarni qabul qilmay qoʻydi. Yoʻllarda esa qozoqlar toshkentlik savdogarlarni talaganlar. Bu ahvoldan Qoʻqon xoni ranjigan, ruslardan barqarorlik soʻraganlar. Ammo aniq javob boʻlmagan va elchilar Semipalatinskdan vatanlariga qaytishga majbur bo‘ladi”. Bu faktlar H.N.Bobobekov asaridan keltirilgan. F.Gʻaffarovning tadqiqotlaridagi maʻlumotlariga koʻra, 1824-yil iyul oyida Qoʻqon xoni Muhammad Alixon oʻz elchilari Gʻaniyat Xoʻja Zulfiqorov va Xonkeldi Boboxonovlarni Sibir linyasiga yuboradi. Birgalikda qaroqchilarga qarshi kurashish va savdogarlarga qulay sharoit yaratish boʻyicha taklif yuboradi. Muhammad Alixon tomonidan 1828-yilda yuborilgan elchilar yaxshi kutib olinadi. Bu elchilik haqida ayrim maʻlumotlar S.Soatovning “Oʻzbekiston SSR tarixi” da ham mavjud.
F.Gʻaffarovning toʻplagan maʻlumotlarida, 1827-yili Muhammad Alixon K.Fozilbekovni elchi sifatida Rossiyaning poytaxti boʻlgan Sankt-Peteburgga yuborgani yozilgan. Mazkur elchining asosiy maqsadi Rossiya va Qoʻqon xonligi oʻrtasidagi davom etayotgan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga iborat boʻlgan. Ayniqsa choyga talab oshishi sababli Rossiya orqali koʻproq choy olib kelishni soʻraydi. Chunki Qoʻqon-Xitoy urushi savdogarlarning yoʻlini toʻsib qoʻygan edi. Muhammad Alixon Rossiya imperatori Nikolay I ni taxtga oʻtirishi munosabati bilan tabriklash uchun maxsus elchilarini tayyorlayotganini maʻlum qiladi. Muhammad Alixon 1828-yilda yuborgan elchilarni Sankt-Peterburgda yaxshi kutib olishadi.
1829-yilda Madalixon Sankt-Peterburgga elchilar yuborgan va oʻz yorligʻida ikkala mamlakat oʻrtasidagi savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish kerakligini qayd etgan. Ushbu elchilar vatanlariga qaytayotganida, ular bilan birga Rossiya elchisi xorunjiy Potanin ham kelgan. Qoʻqonda besh hafta yashagan Potanin 1830-yil 16-yanvarda Rossiyaga qaytib ketadi. Potaninning Qoʻqonga tashrifi ikki mustaqil davlat oʻrtasida jiddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan. Chunki u qoʻqonlik elchilarni vatanlariga kuzatib qoʻyish bahonasida Rossiya hukumatining maxfiy topshirigʻi bajarganligi koʻrinib turardi. 1841-yili Muhammad Alixon Rossiyaga Miyon Xalil Eshon Sohibzodani elchi qilib yuboradi. Elchi Sankt-Peterburgda yaxshi kutib olinadi, deyarli barcha talab va iltimoslariga ijobiy javob olib vataniga qaytayotganida, Buxoro amiri Qoʻqonni bosib oladi. Bundan xabar topgach Eshon Sohibzoda qoʻrqib, Semipalatinsk shahrida qolib ketadi. Eshon Sohibzoda Qoʻqonda tinchlik oʻrnatilgandan soʻng oʻz vataniga qaytib keladi. Rossiya imperatori berib yuborgan sovgʻalarni Sheralixonga topshiradi.
1847-yil 28-noyabrda Qoʻqon xonligining Mulla Abdulla mufti boshchiligida diplomatik vakillari yorliq bilan Omskga joʻnab ketadi. Vakillar har ikkala mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni davom ettirish asosida savdo karvonlarining yoʻllardagi daxlsizligini taʻminlash, qaroqchilarga qarshi kurashish choralarini koʻrish, chegalarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va chor Rossiyasi Sirdaryoning quyi oqimida qoʻrqogʻonlar qurishini toʻxtatishini iltimos qilgan5. Yo‘ldoshboy Mirzajonov elchligi Qoʻqon xoni Xudoyor va Rossiya imperiyasining tajovuzkor siyosati kuchayib borishini, munosabatlarini yaxshi tomonga oʻzgartish maqsadida qilayotgan hati-harakatlari behuda boʻlib, ijobiy natija bermasligi aniq ekanligini bayon etgan. Xudoyorxon 1853-yili oʻz elchilarini sovgʻa va yorliq bilan Rossiyaga yuborganligini va ular iyul oyining boshlarida Omsk shahriga yetib keladi. Ularning asosiy maqsadi Rossiya bilan doʻstlik aloqalarini tiklash va Qoʻqon xonligida zulm oʻtkazgan qipchoqlar jazolanganligi va xonlikda tinch-totuvlik oʻrnatilganligi haqida maʻlumot bergan. Rossiya imperatori Gʻarbiy Sibir general-gubernatorga qoʻqonliklar iltimosni rad etib, Rossiya manfaatini ko‘zlagan holda elchilarni Omskdan nariga yubormasdan xon yorligʻini olib qolib, sovgʻa-salomlarini olmasdan, vatanlariga qaytarib yuboradi6. Mirjanov avvallari karvon boshi sifatida Rossiyada bir necha marta boʻlgan. Bu safar esa u Qoʻqon xonining rasmiy elchisi sifatida Rossiya imperatoriga xat, beshta zotli ot va bir necha toʻp matolardan iborat sovgʻalar olib kelgandi.
Mirjanov Omskga kelganda norasmiy yigʻilishda ochiqdan-ochiq oʻz fikrini bayon qiladi. Unga qaraganda elchining kelishidan asosiy maqsad Orenburg hokimining hatti-harakatidan noroziligini bildirib, agarda bundan rus imperatorining xabari boʻlmasa va unga notoʻgʻri xabar yetkazilgan boʻlsa, Rossiya imperatorini ogohlantirib, Qoʻqon xoni nomidan bu kelishmovchilikni bartaraf etishni soʻraydi. Ammo, Yo‘ldoshboy Mirjonov boshchiligidagi elchilik ham muvaffaqiyatsizlik bilan tuganlandi. Buning asosiy sababi - rus generallari Oqmachitga harbiy yurishga va maxfiy tayyorlik koʻrishayotgani edi. Qo‘qon xonligi yuborgan elchilarni Rossiya hukumati orqaga qaytarib yuborishdi. Natijada 1853-yilning iyul oyida diplomatiya qoidalarini buzgan holda Rossiya generallaridan Perovskiy katta kuch bilan Sirdaryo sohillari sari siljib bordi va Oqmachitni bir oyga yaqin qamal qilib, bir necha kunlik shiddatli va shafqatsiz hujumlardan keyin qal’ani bosib oladi. General-mayor Padurovning rasmiy ma’lumotlariga qaraganda, 1853-yil 29-iyul kuni Oqmachit jangida 300 nafar qoʻqonlikdan 212 (erkaklardan 206 ta, ayollardan 4 ta va bolalardan 2 ta)si halok boʻladi. Rossiya qo‘shinlari Oqmachitni bosib olgandan soʻng Qoʻqon xonligiga nisbatan ochiqdan-ochiq zoʻravonlik siyosatiga oʻtib oladi va o‘z diplomatiyasini ham shunga moslab olib boradi. 1858-yil bahorida Qoʻqon xoni Xiva xoniga elchi yuborib chor hukumatining bosqinchilik harakatlariga qarshi harbiy yordam so‘rab elchi yuboradi. Ammo Xiva xoni unga qattiy rad javobini beradi. 1859-yil 19-yanvarida yozilgan maxfiy xatda (Sibir korpusining bo‘lim komandiri va Sibir general-gubernatorining ”Записка”sida)yozilishicha, ”Chu daryosining yuqori qismlarini bosib olish va bunga oldindan tayyorgarlik ko‘rish” rejasi Rossiya imperatori Nikolay I farmoyishiga binoan koʻrib chiqiladi. Muhokamada harbiy ishlar vaziri knyaz Dolgorukov, graf Perovskiy va infanteriy generali G.Gosford ishtirok etadi. Ular bir ovozdan To‘qmoq, Pishpak, Avliyoota, Suzoq, Turkiston va unga qarashli boʻlgan atrofdagi yerlarni qoʻshib Sirdaryogacha bosib olishga qaror qilishadi. Katta obroʻga ega boʻlgan, xalqning ishonchini oqlagan, puxta siyosatchi Mallaxonning taxt tepasiga kelganidan xavfsiragan rus generallari yuqoridagi bosqinni uzogʻi bilan bir yil ichida 1860-yilda 1861-yilgacha bosib olishga harakat qildi7.
1867-yildan boshlab Qoʻqon xonligining Rossiya bilan diplomatik munosabatlari asosan Toshkentda hal qilinadigan boʻldi. Oʻrta Osiyo xonliklari bilan oʻzaro bitimlarga imzo chekish vakolati Turkiston general-gubernatori K.P.fon Kaufmanga berilgan edi. Xonliklar Rossiya bilan emas, balki Turkiston general-gubernatori bilan shartnoma tuza boshlagan.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Qoʻqon xonligi va Rossiya imperiyasi diplomatiyasi Umarxon davrida yoʻlga qoʻyildi. Muhammad Alixon davrida esa aniqroq qilib aytganda 1831-yilda buzila boshladi. Qoʻqon xoniligining Rossiya imperiyasi bilan olib borgan diplomatiya asosan siyosiy, iqtisodiy, savdo-sotiq va elchilik munosabatlaridan iborat bo‘lgan. Rossiya imperiyasining Qoʻqon xonligi bilan olib borgan diplomatiyasining asosiy maqsadi oʻzlari ishlab chiqargan sanoat mahsulotlarini sotish va harbiy missiya boʻlib, xonlikka yuborgan elchilari orqali Qoʻqon xonligining tashqi va ichki siyosiy ahvoli, qoʻshining soni va yoʻllarni oʻrganish bo‘lgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Qoʻqon xonligini bosib olish bo‘lgan. 1841-1842-yilda Buxoro amirligi Qoʻqon xonligini bosib olishi Rossiyaga rejasini amalga oshirishiga turtki boʻladi. Buxoro amiri Amir Nasrullo Qoʻqon xonini va uning qarindoshlarini oʻldiradi. Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligining kuchsizlanib qolganini koʻrishadi va xonlikka tegishli shahar va qalʻalarni bosib olishni rejalashtiradi. Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligini bosib oladi va 1876-yil 19-fevralda rasmiy farmon bilan Qoʻqon xonligi tugatiladi va uning oʻrniga Fargʻona viloyati taʻsis etilib Turkiston general-gubernatorligiga kiritiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Ғаффаров Ф. ”Экономичесие и политические связи России с Кокандским ханством в первой половине 60-70-годах ХIX века: Автореф.дисс.ист.наук”. – Т., 1970. 52-бет.
2. Халфин Н. ”Россия и ханства Средней Азии”. – М., 1974. 406-бет.
3. Ishquvatov V.T. ”Qo‘qon-Rossiya diplomatik munosabatlar tarixshunosligi”. - T. 2009. 153-b.
4. Topildiyev N. ”Qo‘qon xonligining Rossiya bilan diplomatik aloqalari tarixidan”. -T. 2007. 128 b.
5.Vohidov Sh. ”Qo‘qon xonligi tarixi”. - T. 2014. 1495-b.
6. Набиев Р.Н. ”Из истории Кокандского ханства”. - T. 1973. 388-б.
Do'stlaringiz bilan baham: |