XVII-XVIII asrlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
17-asr boshlariga kelib, Xorazm taxti uchun boʻlgan sulolaviy kurashlardan soʻng, taxtga oʻtirgan Arab Muhammadxon davrida Xiva xonligida davlat parokandaligi oʻzining yuqori choʻqqisiga yetgan. Rus kazaklari, qozoqlar va qalmiqlarning talonchilik yurishlari, Arab Muhammadxonning oʻgʻillari Habash va Elbarslarning otalariga qarshi chiqishlari parokandalikni avj oldirgan. Bu kurashda ularning qoʻli baland kelib, otalarini qatl ettirishga erishadilar. Padarkush Elbars va Habash sultonlar (1621—23) akalari Asfandiyor (Isfandiyor, 1623—43) tomonidan taxtdan tushirilib, qatl qilingan. Eron shohi Abbos I homiyligida taxtga chiqqan Asfandiyorxon davrida mamlakat siyosiy hayotidagi keskinlik saqlanib qoldi. Orol boʻyidagi oʻzbek qoʻngʻirotlari Asfandiyorga boʻysunmay qoʻyishgan. Mamlakatda tarqoqlik va zulm kuchaygan. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar Abulgʻoziy Bahodirxonni 1643 yilda xon qilib koʻtarishgan. Abulgʻoziy Bahodirxon akasi vafotidan keyin 1644 yilda Xiva xonligi taxtiga oʻtirgan. U markaziy hokimiyatni mustahkamlab, Buxoro xonligining Chorjoʻy, Vardanza, Qorakoʻl, Karmana atroflariga bir necha marta harbiy yurishlar qildi.
Abulgʻoziy Bahodirxon 1662 yilda Buxoro xoni Abdulazizxon bilan sulh tuzib, 1663 yilda hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonga topshirgan. Shunga qaramay Xiva qoʻshinlari Buxoro, Samarqand, Qarshiga talonchilik yurishlarini davom ettirgan. 1685 yilda Xiva qoʻshinlari Gʻijduvon yaqinida magʻlubiyatga uchragach, Buxoroning Xiva xonligiga taʼsiri kuchaygan. Buxoro xoni Subhonqulixon Anushaga qarshi fitna uyushtirib, uning oʻgʻli Arang Muxammadxonga taxtni egallashga yordam berdi. Lekin uning hukmronligi juda qisqa boʻlgan. 17-asrning oxiri — 18-asr boshlarida Xiva xonligida Xudoydodxon (1687—88), Oʻzbekxon—Arnakxon (1688—90), Joʻji Sulton (1694—97), Valixon (1697—99), Shohniyozxon (1699—90), Shohbaxtxon (1702—03), Sayid Alixon (1703—05), Musaxon (1705—06), Yodgorxon (1706—13) kabi oʻnlab xonlar almashgan. Bu mamlakat ahvolini yanada ogʻirlashtirgan. Xuddi shu davrga kelib Rossiyaning Sharqqa boʻlgan qiziqishi ortgan va Petr I 1714—17 yillarda Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida Xivaga harbiy ekspeditsiya joʻnatgan. Xiva xoni Shergʻozixon (1714—28) Qayragʻoch darasidagi ochiq toʻqnashuvda katta talafotga uchragach, harbiy hiyla ishlatib, rus qoʻshinlarini 5 ta shaharga boʻlib yuborgan va ularni alohida-alohida qirgʻin qilgan. Bu paytda ichki nizolar, zulm avj olgan, Orol boʻyi aholisi Xivaga boʻysunmay qoʻygan edi. 1728 yilda Xivadagi Shergʻozixon madrasasi qurilishida qullar qoʻzgʻolon koʻtarib, xon va uning mulozimlarini qatl qilishgan. Shu voqeadan keyin Xiva xonligida siyosiy oʻyin yana avj olgan. Xiva xonligidagi oʻzaro urushlarda Elbarsxon (1728—39) hokimiyatni qoʻlga kiritgach, ichki nizolarni bostirib, qoʻshni hududlarga bosqinchilik yurishlarini amalga oshirgan. 1740 yilda Eron shohi Nodirshoh Xiva xonligiga bostirib kirib, uni oʻziga boʻysundirgan. 1741 yilda xorazmliklarning qoʻzgʻoloni eroniylar tomonidan bostirilgan.
Buxoro xonligi bilan Oʻrta Osiyoda hukmronlik huquqi yoʻlidagi kurashda Xiva askarlari Qorakoʻl, Chorjoʻy, Vardanzini xorabazorga aylantirdi va Karmanagacha yetib keldi. 1662 yil Xiva xoni Abulgʻozi navbatdagi urushdan soʻng Buxoro xoni Abulaziz bilan sulh tuzdi. Lekin uning oʻgʻli Anushaxon (1663-1687yy.) davrida Buxoroga hujumlar yana davom ettirildi. 1685 yil xivaliklar Samarqandni egallab olishga muvaffaq boʻlishdi. Lekin Gʻijduvon yonida Anushaxon magʻlubiyatga uchradi va Samarqandni tashlab chiqishga majbur boʻldi. Koʻp oʻtmasdan Buxoro xoni Anushaxonga qarshi fitna uyushtirdi, unda Anushaning oʻgʻli Ernak(Ereng) ham ishtirok etdi. 1687 yil Anusha hibsga olinib, koʻzi koʻr qilindi. 1668 yil Buxoro xoni Subxonquli Xorazmni oʻziga boʻysindirdi va uning hukmdori etib Shohniyozni tayinladi- keyinchalik u xonlik unvonini qabul qildi. Shohniyoz xonlik hokimiyatini mustahkamlash va Buxoroga tobelikdan xalos boʻlishga intildi. Shu maqsadda 1700 yil Buxorodan yashirin holda Petr I ga elchi joʻnatib, qoʻl ostidagi xalqi bilan oʻzini Rossiya fuqaroligiga qabul qilishni soʻradi. Xon Arab Muhammad (1702-1714yy.) ham Rossiya koʻmagiga umid qilgan koʻrinadi. Shergʻozixon (1715-1728yyy.) hukmronligi davrida feodal fitnalari davlatni boʻlak-boʻlakka ajratib tashlagan. 1717 yil Xiva xonligi Rossiya davlatining A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi harbiy ekspedisiyasi hujumini bartaraf etishga muvaffaq boʻlgan. Shergʻozidan soʻng xonlik taxtiga Ilbars (1728-1740yy.) oʻtirdi. Eron shohining Afgʻoniston va Hindistonga qilgan yurishidan foydalangan Ilbars Xurosonga hujum qildi. Ushbu voqea, shuningdek Xiva tomonidan Eron hukmronligining rad etilishi va Buxoroni harbiy jihatdan qoʻllab quvvatlanishi Nodirshohni Xorazmga yurish qilishga undadi. Hazorasp yonida Ilbars magʻlub boʻldi. Toʻrt kunlik qamaldan soʻng Nodirshoh poytaxtni zabt etdi. Xiva armiyasining katta qismi Nodirshoh qoʻshinlari tarkibiga kiritildi. Xivada Nodirshoh vakili va Eron harbiy garnizoni qoldirildi. Lekin xonlikning shimoliy qismida Eron hukmronligi kuchga ega emas edi. Bu yerda orolliklar orasida 1730—1732 yillarda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Kichik qozoq ulusi xoni Abul Xayrning oʻgʻli Nuralining mavqei baland edi. 1741 yil xivaliklar Eronga qarshi bosh koʻtarishdi. Xiva qoʻzgʻolonchilar tomonidan ozod etildi hamda vakil va garnizon yoʻq qilindi. Xonlik taxtini Nurali egalladi. Bu voqealardan xabar topgan Nodirshoh oʻgʻli Nurullomirzoga Xorazmga qarshi yurishni buyuradi. Nuralini taxtga koʻtargan Xiva korchalonlari Marvga boʻyin egib borishadi. Ularning iltimosiga koʻra Nodir Xiva xonligiga Ilbarsning oʻgʻli Abu Muhammadni tayinlaydi. 18 asrning 40-yillarida Xivada bir necha xon almashdi.
18-asr oʻrtalaridagi xonlar goh Eron shohlarining xohishi, goh Buxoro hukmdorlarining taʼsiri, goh mahalliy aholi qoʻngʻirot urugʻining yordami bilan tez-tez almashinib turgan. Bu davrda Tohirxon (1739—40), Abulxayrxon (7—8 kun), Nuralixon (1740—42), Abulgʻoziyxon II (1742—46), Gʻoyibxon (1746—56), Qoraboyxon (1756—57), Temurgʻoziyxon (1757—64) va boshqalar Xiva xonligida rasman hukmronlik qilishgan. 18-asrning 60-yillaridan badavlat shaharliklar va ruhoniylarning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan oʻzbek qoʻngʻirot urugʻlari Xiva xonligida hokimiyatni qoʻlga ola boshlagan. Inoq Muhammad Amin (1770—90) 1770 yilda turkmanlarning qarshiligini sindirib, 1782 yilda Buxoro amirligi hujumini qaytarib, Xiva xonligida oʻzbek qoʻngʻirotlarning amaldagi hokimiyatini mustahkamlagan. Avaz Muhammad Inoq davrida Xiva xonligida markaziy hokimiyat mustahkamlanib, iqtisodiy ahvol birmuncha yaxshilangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |