XITOY XALQ RESPUBLIKASINING MARKAZIY OSIYODAGI ENERGETIKA SIYOSATIGA OID
Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodi rivojlangan va kelgusi 30 yillikda mazkur sohada yetakchilikni qo’lga kiritishga harakat qilib kelayotgan davlatdir. XXI asrda sanoat va ishlab chiqarish quvvati yuqori suratlarda o’sib borayotganligi sababli yirik sanoatlashgan davlatlar juda ulkan miqdorda energiya1 resurslariga ehtiyoj sezib bormoqdalar. Yoqilg’i energiyaning birinchi raqamli iste’molchisi Xitoy hisoblanib 2019-yida 33 512 terravvatt-soat yoqilig’i energiyasi ishlatgan. Xitoydan keyingi o’rinda esa 21 891 terravvatt-soat bilan AQSh turadi. Tabiiyki Xitoyning energetik resurslarga bunday yuqori talabini qondirish uchun boy energiya resurslarga ega va uni olib kelish eng arzonga tushadigan davlatlar kerak. Ayni shu sababli Xitoyning Markaziy Osiyo mintaqasi bo’yicha olib boradigan siyosati juda muhim hisoblanadi va bu borada bir qancha loyihalarni ham yo’lga qo’yib kelmoqda.
Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlariga bo’lgan qiziqishining eng katta omillaridan biri mazkur mintaqada joylashgan energetik resurslari hisoblanadi. Chunki, mazkur mintaqadagi energetik resurslar Xitoy uchun ochiqligi kafolatlanishini istaydi. Energiya manbalari – bu Markaziy Osiyoda taʼsir uchun raqobatlashayotgan Xitoy va boshqa mamlakatlarning bosh qiziqishi hisoblanadi. Ayni shu maqsadda hozirda 2017-yilda Xitoy va yana boshqa 30 ta mamlakat ishtirokida tasdiqlangan “Bir makon, bir yo’l loyihasi” ancha jadal rivojlanmoqda. Bu loyiha ko’plab savdo aloqalaridan tashqari energiya resurslaridan foydalanish borasidagi shartnomalarni ham qamrab oladi.
Hozirda oʻzining energetik manfaatlarini amalga oshirish uchun Xitoy eng avvalo, mintaqaning energetik resurslariga kirib borishni taʼminlanishini xohlaydi. Garchi, Pekin bu resurslar ustidan nazoratni oʻrnatishga intilmasada, u energetik zaxiralarni qazib chiqarish va uning eksporti ustidan tashqi yirik davlatlarning monopoliyasini oʻrnatishga qaratilgan har qanday urinishlariga qarshilik qilib keladi. Xitoy o’zining asosiy raqobatchi davlatlarini Osiyo mamlakatlaridan siqib chiqarishni maqsad qilib olgan.
Xitoy Markaziy Osiyoda energetika bo’yicha ulkan loyihalarga qo’rqmay qo’l urayotgan katta davlatlardan biri hisoblanadi va mazkur davlatlarga qarz berishda Jahon bankining kredit berish qonun-qoidalarini ham inobatga olmayapti. Shu sababli Xitoyning olib borayotgan siyosati Yevropaning ko’plab davlatlari tomonidan tanqidlarga uchrab kelmoqda. Xitoyning olib borayotgan bunday siyosatiga sabab qilib 3 ta omilni keltirish mumkin:
Birinchidan, Xitoy o’z banklariga yirik mijozlarni jalb qilyapti xolos, ya’ni banklar odatda kredit foizlaridan daromad ko’radi ma’lumki katta qarzdorlikdan katta foizlarda daromad keladi;
Ikkinchidan, Xitoy ulkan qarz berib uni evaziga qarzdor davlatning energetik resurslaridan foydalanishni qo’lga kiritishni maqsad qilib olgan, ya’ni, qarz berib o’ziga qo’shimcha arzon narxlarda tabiiy resurslar jalb qilish va uni tasarruf etish;
Uchinchidan, Xitoy qarz bergan davlatlaridan o’zi anchagina katta foyda olish yo’llarini o’ylab qo’ygan.
Bularni hammasini o’tmishdagi bo’lib o’tgan ishlar bo’yicha tahlil qilib ko’rilsa, quyidagi holatlarni guvohi bo’linadi.
Birinchi omilga to’xtaladigan bo’lsak, 2011-yilda Xitoy gazetalarida Tojikistonning Xitoydan qarzi ko’payib ketganligi sababli o’zining Tog’li Badaxshon hududini katta qarzini soqit qilish evaziga sotganligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. 2020-yil 21-dekabrda esa ayni masala bo’yicha Xitoy va Tojikiston qo’shma majlisi bo’lib o’tdi. Ushbu majlisda Tojikiston rahbari Emomali Rahmon mazkur ma’lumotlar asossiz ekanligi va kelajakda ham o’z yerlarini hech kimga xatlab bermasligini aytib o’tgan.
Ko’pchilik davlatlar Xitoyning Tojikistonga va boshqa davlatlarga qarz berayotganda hech qanday garovsiz va ortiqcha talablarsiz oson qarz beradi deb hisoblashadi. Aynan shu sabab Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa davlatlar ham Xitoy kreditlarini afzal ko’rishadi. Aslida esa Xitoy ham qarz berayotganda ikkita shart qo’yadi:
birinchidan, ajratgan kreditiga rejalashtirilgan loyihalar uchun Xitoy texnologiyasini sotib olinishi;
ikkinchidan esa, Xitoy ishchi kuchi jalb qilinishi kerak bo’ladi.
Aynan, bunday qarzdorlikdan qiynalgan Tojikiston esa Tog’li Badaxshon hududida Xitoyga energiya resurslarni qidiruv va qazuv ishlariga ruxsat berishga majbur bo’ldi. Topilgan energiya resurslari esa tojik xalqi qarzi evaziga Xitoyga beriladigan bo’ldi.
Qirg’izistonga kelsak, 50 foiz qarzi Xitoydan hisoblanadi. Xitoyliklarga vizalar cheklanmagan miqdorda berilayotgani va hamma yirik loyihalarda xitoylik ishchilar ishlayotgani sababli 2019-yilda aholi orasida ko’plab noroziliklar keltirib chiqargan. 2020-yilning oxirlarida esa, Pekin hukumati “Jetim-Tov” tog’ tizmasidagi “Qorakeche” ko’mir konini Xitoy tasarrufiga taqdim qilinsa, qarzini katta qismidan voz kechishini ta’kidlab o’tgan va bu bo’yicha hozirda murosalar davom etmoqda.
Turkmaniston yopiq mamlakatligi sababli, uning qarzi haqida hech qanday rasmiy ma’lumotlar uchramaydi lekin ba’zi ekspertlarning xabariga ko’ra 2015-yildan buyon Turkmaniston o’zining 90 % energiya resurslari (asosan tabiiy gaz)ni gaz quvurlar orqali Xitoyga yetkazib bermoqda. Ma’lumot o’rnida aytish mumkinki Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasi bo’yicha jahonda to’rtinchi o’rinda turadi.
So’ngi yillarda CNPC (Xitoy milliy neft kompaniyasi) tabiiy gaz va neft eksporti bo’yicha O’zbekiston bilan keng qamrovli ishlar olib bormoqda. 2009-yilda Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-XXR o‘rtasida 2000 kilometrga cho‘zilgan Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvuri qurilishi boshlangan edi. Dunyodagi eng uzun gaz quvurlaridan biri hisoblanadigan ushbu loyiha 2015-yilda o’zining ilk faoliyatini boshlagan. Ushbu quvur o’zbek xalqi uchun gaz eksportini dversifikatsiya qilish imkonini berdi. Shu sabab O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida energetika sohasidagi hamkorlik eng muhim soha sanaladi. O’zbekistonning XXR bilan gaz sotish bo‘yicha tuzilgan hukumatlararo shartnoma 30 yil davomida amal qilishi belgilab qo’yilgan.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, Xitoyning energetika siyosati ham Pekin hukumati uchun ham Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun ham foydali hisoblandi. Bir tomondan ortiqcha resurslar eksport qilinsa, ikkinchi tomondan Agar Xitoyning say harakatlari kelajakda o’zini oqlaydigan bo’lsa, u o’zining 2000 kilometrga cho’zilgan quvurini yanayam uzoqroqqa ya’ni Eron, Qatar, BAA va boshqa yirik energiya resurslariga ega davlatlar tomon cho’zishni maqsad qilib olgan. Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlaridan tranzit tarzda foydalana olish uchun Xitoy mintaqa davlatlarini bir muncha o’ziga tobe qilib olishi kerak bo’ladi. Hozirda Pekin hukumati o’zining ulkan qarzlarni ajratishi orqali ushbu niyatini sekin-asta amalga oshirib bormoqda hamda Markaziy Osiyo yoqilg’i energiyasining yagona haridoriga aylanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |