XI-XIV asrlarda yaratilgan asarlarning ko`pchiligi turkiy xalqlarning mushtarak merosidir. Bunga Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u bilik”, Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`otit turk” (XI asr), Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar”i (XI asr oxiri XII asrlar), Ahmad Yugnakiyning “Hibat-ul haqoyiq” (XII asr oxiri XIII asrlar), Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Qutbning “Xusrav va Shirin”, Rabg`uziyning “Qissasi Rabg`uziy”, “Nahjul farodis” (XIV asr), “Me`rojnoma” kabi asarlarni ko`rsatish mumkin. Mushtarak durdonalardan hisoblanuvchi, mashhur alloma Mahmud Koshg`ariyning “Devonu lug`atit turk” asari turkiy xalqlarning umumiy adabiy tilini ishlab chiqish va arablarga turkiy tilni o`rganishga manba bo`lishdan tashqari, tilning keng imkoniyatlarini ochib berish va nufuzini yanada oshirish uchun xizmat qildi. Devon arab tilida yozilgan bo`lib, 3 jilddan iboratdir. O`sha davr sharoitida arab tili ilm tili, fors tili adabiyot tili va turkiy til esa hokimiyat yuritish va turmushda qo`llanuvchi kundalik maishiy til hisoblanar edi.
Mahmud Koshg`ariy “Turkiy tillar devoni”ni tuzishda butun turkiy tilllarga qardosh bo`lgan bir adabiy til normasi asos qilinishi shart ekanligini va arablarga turkiy tilni tanishtirishda, albatta, ana shunday vakillik xarakteridagi tilni tuzishi zarur ekanligini yahshi tushungan. Shuning uchun atoqli tilshunos lug`at uchun til materiallari to`plashga kirishgandan tortib toki uni tartiblab kitob shakliga kelguniga qadar har bir so`z va tovush masalasida adabiy til normasiga qattiq rioya qilgan. Til tariximizni o’rganishda ham katta o’rin tutadi. Shu ma’noda: “Til xalqning ma’naviy, ko’p asrlik hayotining eng to’liq va eng haqqoniy yilnomasidir” deya yozadi Ushinskiy. Devondagi ayrim turkiy so`zlarni izohlashda Koshg`ariy turli sohalarga oid, ya’ni tarix, ilohiyot va geografiya kabi sohalarga tegishli qimmatli ma’lumotlarni ham berib o`tgan. Mahmud Koshg`ariy “Devonu lug`atit turk” asari o`z asrininggina emas, balki keying davrlarning ham nodir asarlaridandir. Bu asarda muallif, bir tomondan XI asrgacha va shu asrda mavjud bo`lgan turkiy xalqlar og`zaki ijodi namunalarini jamlab, go`zal bir xazinani yaratgan bo`lsa, ikkinchidan, o`sha davrdagi yozma adabiyot namunalarini ham o`z asariga kiritib, ularning bizgacha yetib kelishiga sababchi bo`ldi.
Mahmud Koshg’ariyning “Devoni lug’atit- turk” asarida turkiy tilning mavqei to’g’risida shunday deyiladi: “Ishonchli bir buxorolik olimdan va nishopurlik boshqa bir ishonchli olimdan shunday eshitgan edim, ular bu so’zni payg’ambarga nisbat berib aytgan edilar: payg’ambar qiyomatning belgilari, oxirzamon fitnalari va o’g’uz turklarining xuruji haqida gapirganda, shunday degan edi: “turk tilini o’rganing, chunki ularning hukmronligi uzoq davom etadi” 7.Turkiy tilning Sharqdagi tillar orasida qadimdan mavqeini belgilovchi budalil albatta e`tiborga loyiq. E`tiborga loyiq tomoni shundaki, sharqdagi boshqa tillarga nisbatan turkiy qavmlarga va ularning tillariga alohida diqqat qaratilgan. Buning boisi esa turkiy tilning keng hududga tarqalgani edi. Shuning uchun ham bunday e`tiborli tilda badiiy asarlar, yilnomalar yaratilmasligi mumkin emas. Qadimgi turkiy tilning holati, taraqqiyoti tog’risida asl manbalar keng ishonchli va to’laqonli ma`lumotlarni beradi. Qadimgi turkiy-run yozuvidagi yodgorliklarini, moniy va eski uyg’ur-turk yozuvidagi yodgorliklarni, Qoraxoniylar sulolasi davrida yaratilgan yozma yodgorliklarni asl manba sifatida ko’rsatish mumkin.Mazkur turkiy yozma yodgorliklar hududiy jihatidan va maqsadiga ko’ra turlichadir. Ammo hamma yodgorliklarning til xususiyatlarini birlashtirib turadigan bitta omil shuki, XIII asrgacha qadimgi turkiy yozma yodgorliklar tili ayni paytda mahalliy dialektlar ham bo’lib, adabiy til sifatida foydalanilgan. Qadimgi turkiy yozma yodgorliklar - adabiy tilning taraqqiyotini ko’rsatib turadigan asosiy manbalardir. Ana shu yodgorliklarga tayangan holda, qadimgi turkiy adabiy til murakkab jarayonni bosib o’tganini e`tiborga olish lozim. Qadimgi turkiy adabiy tilning taraqqiyotida xalq og’zaki ijodi tili va tarjima asarlari tili ham katta rol o’ynagan. Qadimgi turkiy adabiy tilning mazkur manbalari bu davrdagi til xususiyatlarining xilma-xilligini ko’rsatadi. Shu bois qadimgi turkiy adabiy til tushunchasi faqat turkiy-run yozma yodgorliklari tili bilan chegaralanib qolmaydi, balki qoraxoniylar davri so’nggigacha bo’lgan adabiy tilni ham o’z ichiga oladi. Bu davr adabiy tilida ko’zga yaqqol tashlanadigan alomatlar shundan iboratki, budda va moniylik she`rlari tili o’rxun yodgorliklaridan farq qildi, budda va moniylik she`rlari orqali qadimgi turkiy adabiy til xalq og’zaki ijodi asarlari tiliga yaqinlashdi, “Oltin yorug’” dostoni o’g’uz, qorluq va boshqa ba`zi dialektlarni o’zida mujassamlashtirdi, ayni paytda grammatik shakllardagi an`anaviylik bilan birga, eski o’zbek tiliga oid qo’shimchalar paydo bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |