Facebook ishlamayaptimi, unda sizga VPN yordam beradi. kun.uz 22:40 / 08.09.2018
Bugungi kunda internet insonlar hayotidan shu darajada chuqur o‘rin oldiki, odamlar internet bilan uxlab, internet bilan uyg‘onishyapti. Tasavvur qiling, yaqinlaringiz bilan har kuni Facebook orqali hol-ahvol so‘rashasiz, fikr almashasiz. Va kutilmaganda u ochilmay qoldi. Sayt o‘rniga ekranda oppoq sahifa nur sochib turibdi. help-wifi nashri ana shunday paytda xususiy virtual tarmoq – VPNdan foydalanish kerakligini bildirmoqda.
VPN qanday ishlaydi
Kompyuter o‘zining aniq IP-manziliga ega bo‘lib, u orqali ma'lum bir saytlar bloklanadi. VPN texnologiyasi dastur yoki kengaytma orqali ishlaydi. VPN kompyuter manzilini boshqa mamlakat serveridagi manzilga o‘zgartirib qo‘yadi.
So‘ngra provayder bloklay olmaydigan himoyalangan ulanish tarmog‘i yaratiladi. Natijada internetdagi kirish imkoni bo‘lmagan saytga kirish mumkin bo‘ladi.
Barcha texnologiya ikkita qatlamda ishlaydi. Qatlamlarning birinchisi ichki, ikkinchisi tashqi tarmoqdan iborat bo‘ladi. Mazkur texnologiya orqali ulanganda, tizim tarmoqni identifikatsiya qiladi, so‘ngra avtorizatsiya uchun so‘rov yuboradi. Bu texnologiya biror ijtimoiy tarmoqda avtorizatsiyadan o‘tishga o‘xshab ketadi, faqat bu himoyalangan protokol orqali va provayder ishtirokisiz amalga oshiriladi.
Virtual tarmoqlarning o‘zi ham bir nechta toifaga bo‘linadi. Eng asosiy toifalash himoyalanish darajasi bo‘yicha, ya'ni pullik va bepul VPN’dan foydalanish qay darajada xavfsiz ekanligi bo‘yicha aniqlanadi.
Ular o‘rtasidagi farq himoyalangan ulanishda. Masalan, pullik tizimlar PPTP, IPSec kabi himoyalangan protokollar taqdim etadi. Bepul VPN esa ko‘pincha faqatgina «ishonchli» kanallarni beradi. Ya'ni buning uchun tarmoq kuchli himoyalangan bo‘lishi kerak, VPN esa himoya darajasini kuchaytirib beradi.
VPN texnologiyasi foydalanuvchilarga quyida imkoniyatlarni taqdim etadi:
- ma'lumotlar himoyasi. Bu ayniqsa, bepul Wi-Fi orqali internetga ulanib, keyin bank kartasi haqidagi ma'lumotlar o‘g‘irlanganidan boshini changallab qoladiganlar uchun foydali.
- to‘liq maxfiylik. Foydalanuvchi biror saytga kirganida, uning harakati provayder serverida aks etadi va provayder uning internetdagi sayohati haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ladi. VPN orqali kirilganida esa boshqa IP-manzil ko‘rsatilgani uchun foydalanuvchining qanday saytlarga kirganini aniqlab bo‘lmaydi.
- xorijiy resurslardan foydalanish imkoniyati.
Oddiy brauzerda VPN orqali saytlarga kirishning ikki yo‘li bor:
- kompyuterga VPN-kliyent (dastur) o‘rnatish;
- brauzerga kengaytma o‘rnatish.
Kompyuterga VPN-kliyent o‘rnatish uchun internet orqali dastur, masalan «Betternet» ko‘chirib olinadi. So‘ngra o‘rnatish fayli orqali dastur kompyuterga o‘rnatiladi. O‘rnatilgan dastur ishga tushirilib, «Connect» yozuvi bosiladi va bo‘ldi, hammasi tayyor. Faqat muammoli joyi shundaki, dastur avtomatik ravishda tasodifiy IP-manzilni taqdim etadi va mamlakatni tanlashning imkoni bo‘lmaydi, ammo birgina tugmachani bosish orqali VPN’dan foydalanish mumkin bo‘ladi. Yana bir minus tarafi – dasturni muntazam ravishda ishga tushirish zaruriyati, ammo kompyuter yoqilishi bilan ishga tushishi mumkin bo‘lgan dasturlar ham mavjud.
Ikkinchi usul – brauzerga kengaytma o‘rnatish. Buning minus tarafi foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tish va yana bir salbiy jihat – kengaytmaning ko‘pincha o‘chib qolishi. Ammo kengaytmadan foydalanish juda oson – brauzerdagi ikonka bosiladi, kerakli mamlakat va profit tanlanadi.
Opera brauzeri uchun bepul VPN
Avvalo brauzerning oxirgi versiyasi o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. So‘ngra «Menyu» orqali sozlamalar («Nastroyki»), xavfsizlik («Bezopasnost») tanlanadi va VPN’ni yoqish uchun «Vklyuchit VPN» yozuviga belgi qo‘yiladi.
Mazkur xizmat bepul hamda cheklanmagan trafik va tezlikka ega. Bundan tashqari, foydalanish ham qulay.
Google Chrome uchun VPN
Google Chrome brauzeri uchun ko‘plab VPN kengaytmalar mavjud. Ularni Google rasmiy do‘konidan topish va o‘rnatish mumkin.
Buning uchun menyu ochiladi, qo‘shimcha uskunalar («Dopolnitelnyye instrumenty») bo‘limiga o‘tiladi va kengaytmalar («Rasshireniya») tanlanadi.
So‘ngra «Yeshchyo rasshireniya» bo‘limi bosiladi. Shunda Chrome brauzeri uchun kengaytmalar joylashgan do‘kon sayti ochiladi. Qidiruv bo‘limida VPN deb yoziladi va kengaytmalar ro‘yxati chiqadi.
O‘rnatish («Ustanovit») tugmasi bosilsa kifoya, kengaytma brauzerga o‘rnatiladi. So‘ngra «Menyu» tugmasi yonida kengaytmaning ikonkasi paydo bo‘ladi.
Chrome uchun ayrim VPN kengaytmalar:
Hotspot Shield. Bepul rejim mavjud. Istasangiz, 7 kun davomida pullik versiyasini sinab ko‘rishingiz mumkin. Kengaytmalar do‘konining qidiruv tizimidan «Hotspot Shield» deb yozib topish va o‘rnatish mumkin.
Menyu yonida belgi paydo bo‘ladi. Belgi ustiga sichqoncha ko‘rsatkichi bosiladi. Ish rejimi tanlanadi (bepul yoki pullik sinov. So‘ngra ulanish tugmasi bosiladi. Ulanish amalga oshgach, belgi yashil tusga kiradi.
Qaysi mamlakat orqali kirishni istasangiz o‘sha mamlakatni tanlashingiz mumkin.
Touch VPN. Qidiruv orqali topib o‘rnatiladi, ikonka bosiladi va faollashtiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish shart emas.
Unlimited Free VPN - Hola. Qidiruvda shunchaki «Hola» deb izlab topish va o‘rnatish mumkin. Ikonkani bosish bilan VPN orqali ishlash faollashtiriladi.
Yana boshqa kengaytmalar: Browsec, friGate Light, TunnelBear (trafik cheklangan bepul versiyasi), ZenMate, Betternet Unlimited Free VPN Proxy.
Mozilla Firefox brauzeri uchun VPN kengaytmalar
Mozilla Firefox brauzerida ham ushbu kengaytmani o‘rnatish mumkin.
Buning uchun «Menyu» orqali qo‘shimchalar («Dopolneniya») bo‘limiga kiriladi.
Kengaytmalar (rasshireniya) bo‘limida qidiruv satrida «vpn» yoki kengaytmaning aniq nomi yoziladi hamda qidiriladi.
Pastdagi tegishli havola orqali kengaytmalarning to‘liq ro‘yxatiga o‘tish mumkin. Hotspot Shield ko‘chirib olinishi va yoqilishi bilan ishga tushadi. Hoxx va ZenMate kengaytmalarida ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.
VPN o‘rnatilganidan so‘ng kerakli saytlar ochiladi. Agarda saytning yuklanish tezligi yoki kengaytmaning ishlashi yoqmasa, boshqasini tanlab o‘rnatish mumkin.
Endi esa iOS yoki Android tizimida ishlashni ko‘rib chiqamiz.
Smartfon yoki planshetda VPN’dan foydalanish juda oson – buning uchun mobil ilovalardan foydalaniladi. Faqat muammo shundaki, ayrim dasturlar root-huquqni talab qiladi, bu esa anchagina boshog‘riq ish, buning ustiga telefon ishdan chiqishi hech gap emas. Bunday holatga yo‘liqmaslik uchun faqat root-huquq talab qilmaydigan dasturlarni o‘rnatish kerak bo‘ladi.
Masalan, Android uchun OpenVPN, iOS uchun Cloak dasturini. iPhone va iPad’da shuningdek, iOS uchun bepul Opera VPN’dan foydalansa bo‘ladi.
Dasturni yuklash qiyin emas: Play Market yoki AppStore’dan ilova smartfonga ko‘chirib olinadi va o‘rnatiladi. So‘ngra VPN faollashtiriladi, profil tanlanadi (qayerdan kirilishi, IP-manzil), keyin esa ulanish amalga oshiriladi. Internetga VPN orqali kirilganini ilovaning o‘zi xabardor qiladi.
Yuqoridagi tavsiyalarimiz keyingi kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishda qiyinchilikka duch kelayotgan o‘quvchilarimizga yordam beradi degan umiddamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |