«Xamsa» asari ma'naviyatimiz boyligidir.
Sultonov Sardorbek Noʻmonjon oʻgʻli
Fargʻona Davlat Universiteti. Harbiy ta'lim fakulteti.
Annotatsiya. Ushbu maqolada.bobomiz Alisher Navoiyning bizga qoldirib ketgan katta boyligi, uning kitoblari to'g'risida muzokaralar olib borilgan. Bobomizni yoshlik davrlari va qilgan ishlari haqida gap ketgan. Bobomizni qilgan amallari, yozgan kitoblari va g'azallari haqida ma'lumotlar berilgan.
Kalit soʻzlar. Alisher Navoiy, Xamsa, Mantiq ut-tayr, Ta'lim, Tarbiya, Hayrat ul-abror, Farhod va Shirin, Murabbiylar, Ixlosiya,
Alisher Navoiy ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surdi. U aql, ilm insonning eng goʻzal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisobladi. Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, degan shoirning oʻzi ham juda yoshligidan taʼlim oladi, oʻqishga beriladi. U yoshligidanoq koʻp sheʼrlarni yod bilgan. Jumladan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qush nutqi”) asarini bolalik chogʻlaridayoq qayta-qayta oʻqib, yod olgan. Alisher Navoiy keyinchalik maktab va maorif masalalariga katta ahamiyat berdi. U mehnatkash xalq bolalarini oʻqitish va tarbiyalash uchun maktablar ochish va madrasalar qurish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qildi. Alisher Navoiy Astrobodda surgunda yurganida podsho Husayn Boyqaroga yozgan xatida oʻgʻil va qiz bolalar uchun maktablar ochishni talab qilgani, shaxsan oʻzi madrasalar qurishda tashabbus koʻrsatgani buning yaqqol dalilidir. Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, bolalarni bilimli qiladi. U oʻzining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim boʻlgan mablagʻ ajratadi. Navoiy dars beruvchini quyoshga oʻxshatadi va bu quyosh oʻz atrofidagi yulduzlarga nur sochadi, yaʼni hali ilmdan bexabar boʻlgan toliblarga ilm nurini sochadi, maʼrifat beradi, deydi.
Alisher Navoiy taʼlim-tarbiya toʻgʻrisidagi fikrlarini koʻproq barkamol insonni ifodalovchi ijobiy obrazlar yaratish orqali bayon qiladi. Ilm-maʼrifat, axloq-odob masalalariga doir fikrlarini esa ilmiy-falsafiy va didaktik asarlarida bayon qiladi. Navoiy aql kuchiga cheksiz ishonadi, komil ishonch bilan ilm-fanning fazilati juda katta, deb hisoblaydi.
Buyuk soʻz sanʼatkori va mutafakkiri oʻzining bir qancha asarlarida bolalar tarbiyasiga oid fikrlarini aytish bilangina kifoyalanib qolmasdan, balki “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlarining ayrim boblarini shu masalaga bagʻishlaydi. “Hayrat ul-abror” (Yaxshi kishilarning hayratlanishi) falsafiy-taʼlimiy dostondir. Navoiy bu asarida oʻzining falsafiy, ijtimoiy-siyosiy hamda kishilarga taʼlim va oʻgit berish masalalariga katta eʼtibor beradi. Dostonda zolim hukmdorlarni qoralab, ikkiyuzlamachi, riyokor ruhoniylarning sir-asrorlarini keskin fosh etadi. Xususan, shoir saxiylik, odob va kamtarinlik, ota-onaga hurmat, rostgoʻylik va toʻgʻrilik, ilmning foydasi va kambagʻal oʻquvchilarning bu yoʻlda chekkan azoblari haqida batafsil toʻxtalib oʻtadi.
“Hayrat ul-abror”ning oʻninchi maqoloti rostgoʻylik, halollik va toʻgʻrilikka bagʻishlangan. Navoiy unda kishilarni rostgoʻy va toʻgʻri boʻlishga chaqiradi, yolgʻonchilik va egrilikning zararli oqibatlarini keskin fosh etadi. Shoir yolgʻon soʻzlashning yomon oqibatini “Sher bilan Durroj” masalida ovchining tuzogʻiga tushgan Durroj timsolida hikoya qiladi.
Dostonning oʻn birinchi maqolotida Navoiy ilm-fanga, ilm ahliga yuksak baho beradi. Kishilarni ilm olishga, olimlarni izzathurmat qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, shoir oʻsha davrda mehnatkash va musofir talabalarning ilm olish yoʻlida chekkan mashaqqatlaridan, ilm-fan egalarining muhtojlikda yashaganlaridan afsus-nadomatlar chekadi.
Navoiy yaramas odat va xulq-atvorlarni shafqatsiz qoralashi, oliyjanob insoniy fazilatlarni qadrlashi, bolalarni oʻqish, oʻrganish va yuksak odobli, aʼlo xulqli boʻlishga chaqirishi katta ahamiyatga ega boʻlib, bolalar adabiyotining shakllanishida juda muhimdir. Uning bir qator axloqiy-taʼlimiy qarashlari hozirgi kunda ham oʻz qadr-qimmatini saqlab kelmoqda.
“Farhod va Shirin” dostonida shoir chin sevgi va vafo, doʻstlik va sadoqat, mehnat va ijodkorlik, vatanparvarlik hamda qahramonlik gʻoyalarini tarannum etadi. Doston yoshlar va bolalarga atab yozilmagan, lekin asarning koʻpgina boblari bolalar va yoshlar hayotiga, ularning tarbiyasiga bagʻishlangandir. Shoir dostonda Farhodning bolalik chogʻlaridanoq ilm-hunarga, mehnatga boʻlgan muhabbatini zoʻr mahorat va chuqur samimiyat bilan tasvirlagan. Bu Navoiyning bola tarbiyasiga va uning bilim olishiga katta eʼtibor bilan qaraganligini koʻrsatadi.
Farhod yoshlik chogʻidanoq juda aqlli, zehnli bola boʻlib oʻsadi. U maktabda zoʻr havas va qunt bilan oʻqiydi. Tabiiyot, matematika, mantiq kabi fanlarni tez orada oʻrganib oladi. Yosh Farhodning ilmga boʻlgan havas va muhabbatini sezgan ota-onasi unga bilim berishni munosib koʻrdi. Jahonning mashhur olimlari Farhodga turfa fanlardan saboq oʻqitardi. Natijada eng murakkab va pinhoniy ilmlar unga oʻz sir-asrorini toʻliq namoyon etadi. U qunt va chidam bilan oʻqib, bilimdon va zukko inson boʻlib yetishadi. Shoir Farhod hayotini bunday jonli lavhalarda tasvirlash orqali bolalar tarbiyasiga alohida eʼtibor berishga chaqiradi, ularni yoshligidan boshlab oʻqitish zarurligini, bunda ota-onaning vazifasi nihoyatda katta ekanligini, bolalarga ilm oʻrgatish muhimligini taʼkidlaydi.
U davrda bolalar chuqur, yodaki oʻqitilar edi. Bolalar oʻzlari yodlagan narsalarining maʼnosiga tushunmas ham edilar. Shunday bir vaqtda Navoiy bolalarni ilm-fanga qunt qilish, oʻqilgan narsaning maʼno-mazmunini tushunib olishga undar edi:
Oʻqib oʻtmak, uqib oʻtmak shiori,
Qolib yonida, safha-safha bori…
Farhodning qunt qilib, maʼnosini tushunib oʻqishi natijasida koʻp ilmlarni egallaganligi taʼkidlanadi:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.
Bundan tashqari, dostonda Farhod jismoniy tomondan chiniqqan yigit sifatida tasvirlanadi. U suvda suzish, chavandozlik va qilichbozlik sirlarini mehr bilan oʻrganadi. Alisher Navoiy yoshligidan boshlab ilmga berilgan, jismoniy jihatdan chiniqqan Farhodni har tomonlama mukammal, maʼnaviy, jismoniy goʻzal, yetuk yigit timsolida beradi. Shuningdek, Navoiy Farhodni mehnat va hunarga katta havasli, sartaroshlik, rassomlik va naqqoshlik hunarlarini ham mukammal egallab olgan yigit sifatida ulugʻlaydi.
Ilm va hunarni egallagan, jismoniy jihatdan chiniqqan, mehnatsevar Farhod kamtarin, mazlumlarga gʻamxoʻr, sofdil, mard va oliyjanob, jasur inson boʻlib yetishadi.
Farhod boshchiligida va uning bevosita fidokorona mehnati natijasida katta kanal (“Hayot daryosi”) va hovuz (“Najot dengizi”) qaziladi. Navoiy Farhodni suvsiz yerlarga suv chiqargan qahramon, mehnat sohasida moʻjizalar koʻrsatgan bahodir yigit sifatida taʼriflaydi. U ilm va hunarni omma manfaati uchun xizmat ettirish lozim deb hisoblaydi. Farhod Shirinni qidirib, Armanistonga borganda, arman yurtida togʻda kanal qazish uchun qiynalib ishlayotgan kishilarni koʻradi va:
Hunarni asrabon netkumdir oxir,
Olib tufroqqamu ketkumdir oxir! –
deya, oʻz bilimi, hunar va gʻayratini ishga soladi, kanal qazuvchilar mashaqqatini yengillashtiradi va xalq oʻrtasida katta shuhrat qozonadi.Bu qahramonning muhim xislatlari undagi qahramonlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik va doʻstlik tuygʻularidir. Farhod elyurtining obodonligi uchun kurashadi hamda insonlarga ofat keltiruvchi dushmanlarga qarshi jang qilib, ularni mardona yengadi.
Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida ilgari surilgan yuksak insoniy xislatlar, insonparvarlik gʻoyalari yosh kitobxonlar maʼnaviyatiga ham chuqur taʼsir etadi, ularni xalq, vatan uchun kerakli inson boʻlib yetishishlariga xizmat qiladi.
Buyuk shoir bolalarning oʻqishi va tarbiyasiga doir fikrlarini “Layli va Majnun” dostonida ham ilgari surgan. Yangi maktablar bino qilish gʻoyalarini targʻib qilgan Navoiy maktablarda oʻgʻil bolalar bilan bir qatorda qizlarning ham oʻqishlarini orzu qiladi.Alisher Navoiy oʻzining Farhod, Qays, Iskandar va boshqa ijobiy obrazlarida tarbiyalanish, taʼlim olish borasida bosib oʻtgan yoʻlini, kamolotga yetish bosqichlarini tasvirlab, bolaning voyaga yetishida tarbiyaning katta kuch-qudratga ega ekanligini alohida uqtiradi.Shoirning 1500yilda yaratgan “Mahbub ul-qulub” (Koʻngillarning sevgani) asari ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-taʼlimiy qarashlari bayon etilgani bilan qiziqarlidir.
Navoiy bu asarida sabr, qanoat, kamtarinlik (Muqbil va Mudbir), vafo, hayo, karam (muruvvat), saxovat, himmat, oliyjanoblik, mardlik, hilm (muloyim tabiatlilik), doʻstlik, ilmga amal qilish, shirinsoʻzlik, rostgoʻylik kabi fazilatlarni ulugʻlaydi, aksincha, baxillik, badfeʼllik, hasadgoʻylik, chaqimchilik, xasislik, yolgʻonchilik, tamagirlik, nodonlik (bilimsizlik), takabburlik, mayxoʻrlik (badmastlik), badnafslik (ochkoʻzlik) kabi yomon illatlarni qattiq qoralaydi: “Chin so ‘z – mo ‘tabar, yaxshi so ‘z – muxtasar. Ko ‘p so ‘zlovchi – zeriktiruvchi. Kishi aybini gapiruvchi – o ‘ziga yomonlik sogʻinuvchi (birovlarning aybini izlashdan koʻra, odam oʻz ayblarini topib, ulardan qutulishi oqillikdir, demoqchi boʻladi shoir). Agar so ‘z go ‘zallik ziynati bilan bezalmasa ham, unga chinlik bezagi yetarlidir! Yolgʻonchining gapi qanchalik chiroyli boʻlsa, shunchalik qabihdir. Aqlli odam yolgʻon gapirmas, ammo barcha rost gaplarni aytaverish ham toʻgʻri emas”
Navoiy xushmuomala, ochiq yuzli odamlarni maqtaydi: “Ochiq yuzidan xaloyiqqa xursandlik, chuchuk so ‘zidan el-yurtga xurramlik. Tilini tiyolgan odam – donishmand, oqil. So ‘ziga erk bergan (koʻp vaysagan) odam – beandisha va pastkash. Yolgʻonchi Haq oldida gunohkor, xalq oldida sharmanda. Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”.
“Mahbub ul-qulub” 3 qismdan iborat. Kitobning 1qismi “Halollik ahvoli va afoli va ahvolining kayfiyatida”, yaʼni kishilarning feʼl-atvori va gap-soʻzlarining ahamiyati haqida boʻlib, bunda Navoiy donishmand va murabbiy, ulkan madaniyat arbobi sifatida ilm-fan, sanʼat va adabiyotning ahamiyatini targʻib qiladi, malakali, iqtidorli oʻqituvchilarni, olimlarni, shoirlarni, sanʼatkorlarni maqtaydi, ularni hurmat qilishga va qadrlashga chaqiradi. Oʻqish ham, oʻqitish ham ogʻir va masʼuliyatli ish, u qunt, havas va mehnat talab qiladi, deb uqtiradi Navoiy. Bu oʻrinda u murabbiylarning halol xizmatlarini alohida taʼkidlaydi.
Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Kitobning 2-qismi, asosan, axloqiy masalalarga bagʻishlangan. Bu bobda yaxshi fazilat va yomon xislatlar tahlil qilinadi. Toʻgʻrirogʻi, insonda boʻlishi kerak boʻlgan odob-axloq haqida gap boradi. Masalan, qanoatni olaylik. Navoiy qanoatli odamlarni sevadi, ularga havasi keladi. Kimki qanoatli boʻlsa, unday odamni el sevishini, eʼzozlashini taʼkidlaydi. Mutafakkir qanoatni bir buloqqa – chashmaga oʻxshatadi. Negaki buloq suvini qancha olgan bilan qurimaydi, u bir xazinadirki, undagi boylik sochilgan bilan kamaymaydi. U bir ekinzorki, urugʻi izzat va shavkat hosilini beradi. U bir daraxtki, unda qaram boʻlmaslik va hurmat mevasi bordir. Bu bobda sabr, tavoze haqida ham koʻp ibratli gaplar aytiladi.“Turli foydali maslahatlar va maqollar”, deb nomlagan 3qismida turli tashbehlar berilgan. Bu qismda koʻproq oʻqish, ilm olish, kasb-kor egasi boʻlish va boshqa masalalar oʻrtaga tashlanadi.Alisher Navoiy oʻz asarlarida xalq ogʻzaki ijodidan, ayniqsa, maqollardan samarali foydalanish bilan birga, oʻzi ham taʼlim-tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan, maqollarga yaqin boʻlgan bir qancha hikmatlar yaratadi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Alisher Navoiy «Xamsa» asari.(1-5betlar)
Ziyo-net internet sayti.
kh-davron.uz/kutubxona/alisher-navoiy/alisher-navoiy-hikmatlari
Do'stlaringiz bilan baham: |