Dumbulli sho`rva
Bu taom yozda va kuzda makkajo'xori doni dumbul, ya`ni sutli bo'lgan davrda pishiriladi. Eritilib, jizzasi olingan qo'y yog'ini yaxshi dog'lab, bunga to'g'ralgan piyoz, go'sht, pomidor solib qovurasiz. So'ng suv qo'yasiz. Qaynab chiqqunga qadar dumbul makkajo'xori to'nini archib, har bir so'tani 2 - 3 bo'lasiz va sho'rvaga solib, bir soat davomida mildiratib pishirasiz. Sho'rva pishishiga 20 minut qolganda qozonga to'g'ralgan kartoshka solasiz, batamom pishganida esa tuzini rostlaysiz. Har bir kosaga 1 - 2 bo'lakdan dumbul solib, ustidan sho'rva qo'yib, yuziga qirqilgan oshko'klar sepib mehmon dasturxoniga keltirib qo'yasiz. Masalliq: 300 gr go'sht, 100 gr qo'y yog'i, 6 ta makkajo'xori so'tasi, 2 bosh piyoz, 2 - 3 ta pomidor, 2 dona kartoshka, tuz va ziravor hamda oshko'k ta`bga ko'ra olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |