Bitiruv malakaviy ishi mavzusining dolzarbligi.
Muammoning o‘rganilganlik darajasi.
Bitiruv malakaviy ishining maqsadi.
Bitiruv malakaviy ish vazifalari.
Bitiruv malakaviy ishning tuzilishi.
Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlar: xalqaro huquqiy kvalifikatsiyalash masalalari
Kirish
Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash maqsadida 1973-yil konvensiyaning maqsadi bunday jinoyatlarning oldini olish va jazolash bo‘yicha samarali choralarni belgilashdan iborat.(Konvensiya).
1. Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlar tushunchasi, turlari va ularning oʼziga xos xususiyatlari
1.1 Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlar tushunchasi va turlari
Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga va diplomatik agentlarga qarshi qaratilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi uning sodir etilishi natijasida davlatlar o‘rtasidagi tinch hamkorlik uchun zarur bo‘lgan va normal xalqaro munosabatlarni saqlab qolishning real shartlari buzilganligi hamda bu harbiy mojaro qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan tahdid sifatida davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik uchun zarur boʻlgan normal xalqaro munosabatlarni saqlashga jiddiy tahdid solib kelmoqda. Ushbu jinoyatlar orqali xorijiy davlatlar vakillarining, xalqaro himoyadan foydalanayotgan xalqaro tashkilotlar xodimlarining xavfsizligini taʼminlash asoslariga putur yetmoqda. Mazkur jinoyatlar qilmishining jamiyat uchun xavfi shundaki, u xalqaro munosabatlarga, jahon huquqiy tartibiga putur etkazishga qaratilib, urush qo‘zg‘atadi yoki xalqaro aloqalarni zaiflashtiradi. Demak, xalqaro muhofaza qilingan shaxsga qilingan jinoyatning maqsadi xalqaro munosabatlarning murakkablashtirishga qaratilgan bo‘lib, xalqaro munosabatlarni yomonlashtirish, ularning darajasini pasaytirishga qaratilgan turli salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishda namoyon bo‘ladi. Ular quyidagilar: diplomatik munosabatlarni buzish, davlatlar o‘rtasidagi muzokaralarni buzish, xalqaro shartnomada yoki xalqaro tashkilot faoliyatida shartnoma va bitimlarni bekor qilish, turli sohalarda xalqaro hamkorlikni cheklash, hududiy da’volar va shunga o‘xshash boshqa nizolar.
Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlar tushunchasini sharhlashdan oldin, xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga kimlar kirishini aniqlab olish zarur. Ushbu shaxslar toifasi 1973-yilgi “Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyada va boshqa bir qator konvensiyalarda hamda olimlar tomonidan yoritib o‘tilgan.
1973-yildagi “Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi Konvensiyaning
1-moddasida “xalqaro himoyadan foydalanadigan shaxs” atamasiga kimlar kirishini aniq belgilab beruvchi norma keltirib o‘tilgan. Ushbu moddaga muvofiq ular:
davlat rahbari (shu jumladan, davlat rahbari vazifasini bajaruvchi kollegial organ a’zosi);
hukumat rahbari;
Tashqi ishlar kotibi;
shaxsi, erkinligi va qadr-qimmatiga qarshi jinoyat sodir etilgan paytda xalqaro himoyaga ega bo‘lgan davlat vakili yoki mansabdor shaxsi;
shaxsi, erkinligi va qadr-qimmatiga qarshi jinoyat sodir etilgan paytda xalqaro himoya qilish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro hukumatlararo tashkilotning vakili yoki mansabdor shaxsi1.
“Xalqaro himoyalangan shaxslar” atamasi yangi bo‘lib, konvensiya mazmunidan tashqarida alohida ma’noga ega emas. Maqsad xalqaro huquqqa muvofiq, uning shaxsi, erkinligi va qadr-qimmatiga har qanday tajovuzdan alohida himoyalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha shaxslarni qamrab olish bo‘lgan. Bu “Diplomatik munosabatlar to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 29-moddasi va “Imtiyozlar va immunitetlar to‘g‘risida”gi boshqa konvensiyalarning tegishli moddalari mohiyatini aks ettiradi. 1973-yilgi konvensiyaning 1-moddasidagi ta’rif davlat rahbarlari, hukumat rahbarlari va tashqi ishlar vazirlarini o‘z ichiga oladi va shu bilan davlatning ushbu uchta mansabdor shaxslar pozitsiyasini alohida ta’kidlaydi. Ushbu mazmundagi tushunchalar “Shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 7-moddasi va “Maxsus missiyalar to‘g‘risida”gi konvensiyaning 21-moddasida ham berilgan2.
Yuqoridagi shaxslarga qarshi jinoyat sodir etilgan vaqtda, xalqaro huquq normalariga muvofiq, ularning shaxsi, erkinligi va qadr-qimmati, shuningdek, u bilan birga yashayotgan oila a’zolari har qanday tajovuzdan alohida himoyalanish huquqiga ega hisoblanishadi.
1973-yilgi konvensiyadan tashqari, quyidagi maxsus xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham xalqaro himoya huquqidan foydalanuvchi shaxslar ta’kidlab o‘tilgan. Jumladan:
1961-yildagi “Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida”gi Vena konvensiyasi;
1963-yildagi “Konsullik munosabatlari toʻgʻrisida”gi Vena konvensiyasi;
1975-yildagi “Umumjahon xarakterdagi xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda davlatlarning vakilligi toʻgʻrisida”gi Vena konvensiyasi;
1975-yildagi “Maxsus missiyalar toʻgʻrisida”gi konvensiya;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1946-yildagi “Imtiyoz va immunitetlar toʻgʻrisida”gi konvensiyasi;
1947-yildagi BMTning “Ixtisoslashgan idoralarning imtiyozlari va immunitetlari toʻgʻrisida”gi konvensiyasi;
1980-yildagi “Ayrim sohalarda faoliyat yurituvchi davlatlararo iqtisodiy tashkilotlarning huquqiy maqomi, imtiyozlari va immunitetlari toʻgʻrisida”gi konvensiya;
1994 yilgi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va unga aloqador xodimlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi konvensiya.
Ushbu hujjatlarga muvofiq xalqaro himoya huquqidan foydalanadigan shaxslarga diplomatik, konsullik, tashqi savdo xodimlari va mazkur xalqaro hukumatlararo institutlar hamda tegishli tashkilotlarning xodimlari ham kiradi:
Xalqaro mehnat tashkiloti;
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti;
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi;
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki;
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti;
Umumjahon pochta ittifoqi;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boshqarmasi;
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti;
Yevropa Kengashi;
Xalqaro tribunal.
Xalqaro himoya huquqiga ega bo‘lgan shaxslar Birlashgan Millatlar Tashkiloti xodimlari va unga aloqador xodimlar ham bo‘lishi mumkin. Ular:
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan harbiy, politsiya yoki BMT operatsiyasining a’zolari sifatida yollangan yoki yuborilgan shaxslar;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki uning ixtisoslashgan agentliklari yoki Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik tomonidan rasmiy ravishda BMT faoliyati hududida bo‘lgan boshqa mansabdor shaxslar va ekspertlar;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti organining roziligi bilan hukumat yoki hukumatlararo tashkilot tomonidan tayinlangan shaxslar;
BMT Bosh kotibi tomonidan jalb qilingan yoki ixtisoslashgan agentlik xodimlari;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti operatsiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun BMT Bosh kotibi yoki ixtisoslashgan agentlik yoki Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan tuzilgan kelishuvga muvofiq gumanitar nodavlat tashkilot yoki gumanitar tashkilot tomonidan yuborilgan shaxslar.
Demak, nodavlat xalqaro tashkilotlar (jamoat, xayriya va boshqalar) vakillari rasmiy funksiyalarni bajarayotganda xalqaro himoya huquqidan foydalanadigan shaxslar toifasiga kirishi mumkin. Bunga Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot xodimlarini misol bo‘la oladi.
Xalqaro himoyadan foydalanayotgan shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlar ro‘yxati “Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra:
qotillik;
odam o‘g‘irlash yoki shaxs yoki erkinlikka qarshi boshqa tajovuzlar;
xalqaro miqyosda himoyalangan shaxsning shaxsi va erkinligiga tahdid qilish, uning transport vositasiga, xizmat binolariga yoki turar-joy binolariga zo‘ravonlik bilan hujum qilish;
xalqaro miqyosda himoyalangan shaxsning shaxsi va erkinligiga tahdid qilish, uning transport vositasiga, xizmat binolariga yoki turar-joy binolariga zo‘ravonlik bilan hujum qilish tahdidi;
xalqaro miqyosda himoyalangan shaxsning shaxsi va erkinligiga tahdid qilish, uning transport vositasiga, xizmat binolariga yoki turar-joy binolariga zo‘ravonlik bilan hujum qilishga urinish;
xalqaro miqyosda himoyalangan shaxsning shaxsi va erkinligiga tahdid qilish, uning transport vositasiga, xizmat binolariga yoki turar-joy binolariga zo‘ravonlik bilan hujum qilishga sheriklik3.
Ko‘rinib turibdiki, xalqaro huquq normalarida o‘ldirish, o‘g‘irlash, shaxsning erkinligiga qarshi harakatlar, ularning rasmiy binolari, turar joylari yoki transport vositalariga zo‘ravonlik orqali qilingan hujumlar, tahdidlar yoki har qanday hujumga urinishlar, shuningdek har qanday bunday hujumda hamkorlikda ishtirok etish, uni tashkil etish yoki buyurtma qilish boshqa hujumlar xalqaro himoyadagi shaxslarga qarshi jinoyatlar sifatida e’tirof etilar ekan. Tarixda davlatlar va xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillariga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlarning ko‘plab misollari keltirib o‘tilgan. Masalan: 1914 yilda Sarayevoda Frans Ferdinandning o‘ldirilishi va bu Birinchi jahon urushiga sabab bo‘lgani; nemis elchisi Mirbaxning so‘l sotsialistik-inqilobchi Abramovich tomonidan o‘ldirilishi Brest tinchlik shartnomasini buzilishiga va bu Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi jangovar harakatlarni qayta boshlanishiga olib kelgan; 2000-yil 23-fevralda Poznan shahrida Rossiya Federatsiyasi Bosh konsuliga qarshi hujumlar; 2016-yil 6-mart kuni jangarilar tomonidan Rossiya Federatsiyasining Kiyevdagi elchixonasiga hujum4. Ushbu jinoyatlarni sodir etilishi davlatlar o‘rtasida jiddiy nizolarni keltirib chiqarganligiga tarix guvoh.
1.2 Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlarni xalqaro huquqiy kvalifikatsiyalashning oʼziga xos jihatlari
Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish murakkab fikrlash jarayoni bo‘lib, u ko‘plab faktlar, belgi va holatlarga asoslanib, qilmishga huquqiy baho berishni talab etadi. Jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish jarayoni jinoyatlarning obyekti va obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomonlarining yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan belgilarining qonunchilikda nazarda tutilgan jinoyat tarkibi belgilariga aniq mos kelish zaruriyatini anglatadi. Kvalifikatsiya so‘zi lotincha “qualis” – “qanday”, “qanday sifatli” va “facere” – “qilish” ma’nolarini anglatadi. Xususan V.N.Kudryasevning nazarida “jinoyatni kvalifikatsiya qilish – qilmishga yuridik baho berishni, ushbu jinoyat alomatlarini aks ettirgan tegishli jinoiy-huquqiy normani ko‘rsatishni bildiradi”5. Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlarni xalqaro huquqiy kvalifikatsiya qilishda ham jinoyatning obyekti va obyektiv tomoni, subyekti va subyektiv tomoni aniqlab olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu turdagi jinoyatlarning bevosita obyekti bo‘yicha olimlar o‘rtasida kelishuv mavjud emas, va ular buni turlicha izohlaydilar. Ushbu jinoyatning obyekti sifatida: xalqaro himoyaga ega bo‘lgan shaxslar va muassasalarning himoyasini ta’minlovchi ommaviy munosabatlar; davlatlarning xalqaro hamkorligini ta’minlovchi xalqaro aloqalar6; davlatlar va xalqlar o‘rtasida tinch yashash; xalqaro tashkilotlar xodimlarining, xorijiy davlatlar rasmiy vakillarining xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xalqaro institutlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha munosabatlar; normal xalqaro munosabatlar; xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning rasmiy vakillari, shuningdek xalqaro institutlar xodimlarining xavfsizligini ta’minlovchi munosabatlar7. Demak, xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatning asosiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri obyekti sifatida xorijiy davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar xodimlarining himoya holatini, shuningdek, mansabdor shaxslar, turar-joy va shaxslarning transport vositalari xavfsizligini ta’minlaydigan ijtimoiy munosabatlar kiradi. Ushbu jinoyatning qo‘shimcha obyekti xalqaro hamkorlikni ta’minlaydigan jamoat munosabatlari bo‘ladi. Jinoyatning fakultativ obyekti – sog‘liq, shaxsiy daxlsizlik, sha’ni, qadr-qimmati, davlat yoki xalqaro tashkilotning mulki bilan bog‘liq munosabatlar.8 Mazkur jinoyatning obyekti maxsus yoki individual belgilarga ega bo‘lishi mumkin. Maxsus belgi – jinoyat tarkibidagi obyektning hammasiga xos bo‘lmagan, faqat qaysidir qismiga xos bo‘lgan belgilar; individual belgi – bir obyektga tegishli bo‘lgan va boshqa obyektlarda mavjud bo‘lmagan xususiyatlardir9. Ko‘rinib turibdiki, bir guruh olimlar xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlarning asosiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri obyektini yetarlicha yoritib berganlar. Jinoyatning bevosita obyektini kengroq talqin qilish qilmishni baholash chegaralarini, ular ortidagi muhim belgilar va sodir etilgan jinoyatning yo‘nalishini yanada aniqlashtiradi.
Mazkur jinoyatning obyektiv tomoni xorijiy davlat vakiliga yoki xalqaro himoyadan foydalanadigan xalqaro tashkilot xodimiga va xalqaro himoyadan foydalanadigan shaxslarning turar-joy binolari yoki transport vositalariga hujum qilishdir. Jinoiy-huquqiy jihatdan hujum jabrlanuvchiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash yoki uni sodir etilish xavfini yaratish orqali jinoiy natijaga erishishga qaratilgan har qanday tajovuzkor noqonuniy harakatlar tushuniladi. Ularga:
ofis yoki turar-joy binolariga, transport vositalariga hujum;
noqonuniy, ruxsatsiz (muassasaga kirishga ruxsat berish vakolatiga ega shaxsning roziligisiz ) bostirib kirish;
harakatlanishga to‘sqinlik qilish;
o‘t qo‘yish, qirg‘in qilish, ofis yoki turar-joy binolarida joylashgan mulkni yo‘q qilish yoki buzish.
Shuningdek, hujum to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq yoki yashirin, ya’ni kutilmagan zo‘ravonlik kabi harakatdan iborat bo‘lishi mumkin. Hujum harakati jismoniy kuch, qurol va aqliy zo‘ravonlik orqali sodir etilishi mumkin. Zo‘ravonlik o‘z tabiatiga ko‘ra kaltaklash, sog‘likka o‘rtacha og‘irlikdagi zarar etkazish, harakat erkinligini cheklash bilan ifodalanishi mumkin. Xalqaro huquq normalarida qo‘riqlanadigan obyektlar sifatida ma’lum bir ro‘yxat belgilab qo‘yilgan, xususan, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Xalqaro himoyalangan shaxslarning rasmiy binolari, turar-joylari, transport vositalari;
Diplomatik vakolatxona binolari – ya’ni vakolatxona maqsadlarida foydalaniladigan bino yoki binoning bir qismi, shu jumladan hukumat rahbarining qarorgohi, ushbu bino yoki uning bir qismiga kiradigan yer maydoni, vakolatxonaning shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan buyumlar va diplomatik vakillarning shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan buyumlar;
Konsullik binolari, ya’ni faqat konsullik muassasasi maqsadlari uchun foydalaniladigan binolar yoki binolarning qismlari, shuningdek, ushbu binoga yoki binolarning qismlariga xizmat ko‘rsatuvchi yer hududi;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining binolari, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, va BMT xodimlarining yuklari, BMT xodimlarining har qanday a’zosi va xodimlarning ofislari, turar joylari yoki transport vositalari.
Yuqoridagi ro‘yxatdagi ba’zi obyektlar “Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisida”gi konvensiyaning 1, 20, 36-moddalari va “Konsullik munosabatlari to‘g‘risida”gi konvensiyaning 1, 31-moddalarida mustahkamlangan. Obyektiv tomonning xususiyatiga ko‘ra, jinoyat tarkibi formal bo‘lib, davomiyligi va natijasidan qat’i nazar, hujum sodir etilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. 1973-yilgi konvensiyaning tegishli normalarini tahlil qilish xalqaro himoya huquqidan foydalanuvchi shaxsning “aktus reusi” jabrlanuvchiga zo‘ravonlik va tajovuzkor ta’sir ko‘rsatishni nazarda tutadi, degan xulosaga kelishga imkon beradi10. Xalqaro himoya huquqiga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan jinoyatning obyektiv tomonining majburiy belgisi uning sodir etilgan joyi – xorijiy davlat hududi hisoblanadi. Qilmishning obyektiv tomoni shundan kelib chiqadiki, xalqaro himoya huquqiga ega shaxslarga qarshi jinoyatlar tinchlik davrida ham, qurolli to‘qnashuv sharoitida ham sodir etilishi mumkin.
Jinoyat subyekti huquqbuzar jismoniy shaxs hisoblanadi.
Jinoyatning subyektiv tomoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qasd ko‘rinishidagi aybning qasd orqali sodir etilishi bilan tavsiflanadi. Jinoyatchi xorijiy davlat vakiliga yoki xalqaro tashkilotning xalqaro himoyadan foydalanayotgan xodimiga, uning xizmat yoki turar-joy binolariga yoki transport vositalariga qilingan hujumning ijtimoiy xavfli xususiyatini anglab etadi va bunday harakatlarni amalga oshirishni xohlaydi. Qilmish motivlari xilma-xil bo‘lishi mumkin va jinoyatning kvalifikatsiyasiga ta’sir qilmaydi, lekin jazo tayinlashda hisobga olinishi mumkin. Ular shaxsiy manfaatlar, milliy yoki diniy nafratni qo‘zg‘atish istagi, haqiqiy yoki xayoliy zarar uchun qasos bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha motiv siyosiy xususiyatga ega bo‘ladi. Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarning motivlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ular normal xalqaro huquqiy tartib sifatida qabul qilinishi mumkin emas. Misol uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 360-moddasida jinoyatning subyektiv tomoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qasd va maxsus maqsad – urushni qo‘zg‘atish yoki xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish bilan tavsiflanadi. Jinoyatchi sanab o‘tilgan harakatlarni amalga oshirayotganini bilib turadi. 1973-yilgi “Xalqaro himoyadagi shaxslarga, shu jumladan diplomatik agentlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyaning 2-moddasi qasddan sodir etilgan qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi, bu bizga ularni bevosita jinoyat degan xulosaga kelishimizga imkon beradi.
Bundan tashqari, ushbu harakatning subyektiv tomoni maxsus niyat (dolus specialis) bilan ham murakkablashishi mumkin. Ya’ni, xalqaro huquqda har qanday terroristik jinoyat kamida ikkita ajralmas xususiyat bilan ajralib turadi degan nuqtai nazar ustunlik qiladi: jinoyat subyekti tomonidan sodir etilgan harakatlarning yuqori ijtimoiy xavfliligi va aholini qo‘rqitish yoki davlat yoki xalqaro tashkilotni muayyan harakatlarni amalga oshirishga yoki ularni qilmaslikka majburlash maqsadida maxsus maqsadning mavjudligi11.
Livan maxsus tribunalining Ayyash ishi – Jamil Ayyash 2005-yilda sobiq bosh vazir Rafik Haririga nisbatan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan – bo‘yicha amaldagi qonunga ko‘ra vaqtinchalik qarorida ko‘rsatilgan xulosalarida, xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatning subyektiv tomoni, albatta, alohida niyatga ega bo‘lishi kerak. Maxsus niyat, jinoyat subyektining aholini qo‘rqitish (terrorni yoyish) yoki davlat yoki xalqaro hukumatlararo tashkilotni biron bir harakatni qilishga yoki qilmaslikka majburlash (majburlash) istagida ifodalanadi12. Shu bilan birga, doktrinada qayd etilganidek, mafkuraviy yoki siyosiy maqsadning mavjudligi majburiydir13. Demak, mazkur jinoyat subyektiv tomonining maxsus niyatining siyosiy jihati davlat yoki xalqaro tashkilotni muayyan harakatlarni amalga oshirishga yoki ularni qilmaslikka majburlash maqsadida namoyon bo‘lsa, mafkuraviy jihati aholini qo‘rqitishda aks etadi. Xalqaro himoya huquqidan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatning subyektiv tomoni har doim jinoiy niyat bilan belgilanadi va u huquqbuzarning noqonuniy harakatlarida ifodalanadi hamda ko‘p hollarda davlatga yoki xalqaro hukumatlararo tashkilotga qo‘rqitish yoki bosim o‘tkazish niyati mavjudligi bilan tavsiflanadi14.
Shuni ta’kidlash kerakki, Kvochka va boshqalarga nisbatan Xalqaro jinoyat sudi tomonidan belgilanganidek, agar jinoyatni kvalifikatsiya qilish maxsus niyatni belgilashni talab qilsa, bunday belgilash majburiydir15. Tahlil qilinayotgan jinoyatning huquqiy mavqei xuddi shu nuqtai nazardan qaralganda, terrorizmni kvalifikatsiya qilish uchun belgilangan “maxsus niyat” (dolus specialis) talab qiladigan qoidaning mavjudligi xalqaro ximoyalangan shaxslarga qarshi jinoyatlarda ham shunday xususiyat talab etilishi ta’kidlanadi16.
Xalqaro jinoyat sudi apellyatsiya palatasi Strugar ishida ta’kidlaganidek, jinoyat sodir etgan shaxsda aniq noqonuniy niyat mavjud bo‘ladi va qasdning o‘ziga xos xususiyati bilvosita qasd yoki qo‘pol ehtiyotsizlik kabi ehtimollarni istisno qiladi17. Bundan tushunish mumkinki, bunday qilmish tarkibi faqat bir maqsadni, shu jumladan faqat bevosita qasd (dolus directus) bilan sodir etilgan harakatlarni o‘z ichiga oladi. Shunday qilib, maxsus niyat faqat bevosita bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, huquq nazariyasi nuqtai nazaridan, jinoyat tarkibi faqat bevosita qasdga ega bo‘lishi mumkin – harakatning subyektiv tomonida maxsus niyat mavjudligi masalasiga e’tibor bermasdan. Xalqaro himoya huquqidan foydalanuvchi shaxslarga qarshi jinoyatlarda tarkibi qisqa yoki maxsus qasd bilan murakkablashganligidan qat’i nazar, bilvosita qasd yoki jinoiy beparvolik kabi xususiyatlar bo‘lish yoki bo‘lmasligi bilab bog‘liq ehtimollar istisno qilinadi18. Shunday qilib, 1973-yilgi konventsiya ma’nosida mazkur jinoyatning subyektiv tomoni, albatta, noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun bevosita niyatning mavjudligi bilan tavsiflanadi, ba’zi hollarda esa, yuqorida qayd etilgan maxsus niyatning mavjudligi bilan murakkablashishi mumkin.
Xalqaro muhofaza qilinadigan shaxslarga nisbatan jinoyatlarni xalqaro-huquqiy kvalifikatsiya qilishda huquqbuzarning niyati haqida so‘rash juda muhimdir. Agar terroristik (dolus specialis) niyat mavjud bo‘lsa, jinoyat terrorizm bilan bog‘liq deb kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, huquqbuzarning maqomi va u davlat agentimi yoki xususiy shaxsmi, yoki u davlat agenti bo‘lsa ham, o‘z-o‘zidan harakat qiluvchi shaxs ekanligini aniqlash kerak19.
Xalqaro huquqiy himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi qaratilgan jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jinoyatning predmetlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur jinoyat predmeti xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlarning mulki (ofis, turar joy, transport vositalari), shuningdek, xalqaro himoya huquqidan foydalanayotgan shaxslarning mulkidir. Ularning har biriga ta’rif beradigan bo‘lsak:
Turar joy – xalqaro himoyaga ega bo‘lgan shaxsning doimiy yoki vaqtincha rasmiy bo‘lgan istiqomat qiladigan joyi. Bunday binolar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak: uy, kvartira, dam olish uchun olingan joylar, mehmonxona xonasi, shu jumladan yashash uchun ijaraga olingan uylar.
Xizmat binolari – belgilangan tartibda rasman ajratilgan bino, xalqaro muhofazadan foydalanadigan shaxslarning rasmiy faoliyati amalga oshiriladigan alohida xona.
Xalqaro muhofaza qilinadigan shaxsning transport vositasi – bu shaxs tomonidan doimiy yoki vaqtincha foydalaniladigan texnik transport vositasi, masalan, avtomobil yoki yuk mashinasi, avtobus, vertolyot, samolyot va boshqalar20.
Xalqaro huquqiy himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi jinoyatning belgilari sifatida urush qo‘zg‘atish yoki xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish maqsadida sodir etilgan qilmish sifatida namoyon bo‘ladi. Urush qo‘zg‘atish – sun’iy ravishda qurolli to‘qnashuvga olib kelishi mumkin bo‘lgan tajovuzkor harakatlar yoki hujum qilish tushuniladi. Provokatsiyaning maqsadi jinoyatchining xalqaro himoyaga ega bo‘lgan xorijiy davlat vakiliga yoki xalqaro tashkilot xodimiga, shuningdek, xalqaro himoyaga ega bo‘lgan shaxslarning xizmat yoki turar-joy binolariga yoki transport vositalariga hujum qilib, davlatlarni tajovuzkorlik bilan kurashishga undashga intilishini anglatadi21.
Shuningdek, ushbu turdagi jinoyatni kvalifikatsiya qilishda urush qonunlari va urf-odatlari bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni obyektiv jihatdan jinoyat qurolli to‘qnashuv vaqtida va qurolli to‘qnashuv bilan bog‘liq holda sodir etilgani, jinoyatda jabrlanuvchi har doim xalqaro himoya huquqiga ega shaxs bo‘lishi lozimligini,22 jinoyat xalqaro gumanitar huquq qoidalarini buzishi va urush qurbonlarini himoya qilish bo‘yicha 1949-yilgi Jeneva konvensiyalari va ularning 1977-yildagi qo‘shimcha protokollari qoidalariga muvofiq noqonuniy xatti-harakatlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Shu bilan birga, xalqaro huquq fanida bunday jinoyatlarni huquqiy kvalifikatsiya qilish bilan bog‘liq ayrim kelishmovchiliklar mavjudligini ham ta’kidlash lozim. Bir tomondan, xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga qarshi jinoyatlar xalqaro xarakterdagi jinoyatlar sifatida qaralishi mumkin va ba’zi hollarda terrorizm shakllaridan birini tashkil qiladi, boshqa tomondan, muayyan sharoitlarda ular huquqbuzarliklar toifasiga kiruvchi milliy qonunchilik asosida jazolanadigan jinoyatlar sifatida qaralishi mumkin.
Ammo ushbu turdagi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish qoidalari mutlaq va o‘zgarmaydigan deb bo‘lmaydi. Ularning mazmuni xalqaro qoidalar bilan bog‘liq qonunchilikning o‘zgarishi hamda qonunchilik huquqi nazariyasining rivojlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |