[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.02.00 Ta’lim
tizimini boshqarish;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.09.00 O‘rta ta’lim]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoyishi
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish, sohaga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish va ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya sifatiga bevosita va bilvosita ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilish, mas’ul vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha milliy kengash (keyingi o‘rinlarda — Milliy kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy kengashlar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda;
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlari (keyingi o‘rinlarda — tuman (shahar) kengashlari) 3-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.
2. Milliy kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
milliy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ularning
yangi avlodini yaratish, o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida optimallashtirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish;
Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-odat, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar g‘oyalari asosida ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashning samarali pedagogik shakl va metodlari tatbiq etilishini tashkillashtirish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bino va inshootlarini qurish,
rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish, mazkur ishlarda zamonaviy texnologiyalar va energiya tejamkor materiallar qo‘llanilishini ta’minlash;
xalq ta’limi sohasidagi ishlarning ahvolini tizimli tahlil va monitoring qilish, mas’ul vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining bu borada qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlarini tinglash, shu asosda ularni rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘rish;
xalq ta’limi tizimida islohotlarni amalga oshirishda vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati o‘zaro kelishilgan tarzda, samarali olib borilishini, sustkashliklar va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymasligini ta’minlash,
shuningdek, hududiy hamda tuman (shahar) kengashlari ishini sifatli tashkil qilish, mazkur farmoyishda belgilangan chora-tadbirlar bilan bir qatorda ularning qo‘shimcha vazifa va funksiyalarini belgilash;
xalq ta’limi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, mazkur sohadagi qonunchilik hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish;
xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tuman (shahar) kesimida ishlab chiqilgan yillik hududiy dasturlarning vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish.
3. Milliy kengashning joriy faoliyatini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov boshchiligida Respublika shtabi tashkil qilinsin.
4. Respublika shtabi tomonidan joylarda amalga oshiriladigan ishlar rejasi (keyingi o‘rinlarda — ish reja) va hududlarni o‘rganish reja jadvali 4 va 5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilarga:
vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar,
Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklariga — ish rejada nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitovga — ish rejada nazarda tutilgan tadbirlarni to‘liq hajmda amalga oshirish bo‘yicha vazirlik, idora va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Hududiy kengashlar tuman (shahar) kengashlari bilan birgalikda:
2022-yil 15-fevralga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlari, pedagog kadrlar, o‘quvchilarning ota-onalari, malakali mutaxassislar va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tuman (shahar) kesimida yillik hududiy dasturlarni ishlab chiqsin va keng muhokama qilish uchun rasmiy veb-saytlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy
tarmoqlarda joylashtirsin;
2022-yil 1-martga qadar muhokama doirasida kelib tushgan takliflardan kelib chiqib qayta ishlangan hududiy dasturlarni tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlarida taqdimot qilsin;
2022-yil 5-martga qadar hududiy dasturlarni tasdiqlasin va Milliy kengashga kiritsin;
har oyning 20-sanasiga qadar hududiy dasturlar ijrosi bo‘yicha hisobotini hamda xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha taklif va tashabbuslarini Respublika shtabiga kiritsin.
Bunda, tashabbuslar va takliflar Respublika shtabiga taqdimot ko‘rinishida kiritiladi hamda ularga tahliliy ma’lumotnoma va jadvallar, rivojlangan mamlakatlarning tajribasini o‘rganish bo‘yicha ma’lumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, zarur hollarda, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ilova qilinadi.
Respublika shtabi (Abduvaxitov, Saidov) har oyning 25-sanasigacha hududiy kengashlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlar, tashabbuslar va takliflarni umumlashtirib Milliy kengashga kiritsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimlari:
uch kun muddatda kengashlarning tashkiliy yig‘ilishlarini o‘tkazib, tegishli yo‘nalish doirasida belgilangan vazifalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha savolnoma, tarmoq grafigi va taqdimot materiallari namunalarini tasdiqlasin hamda kengash a’zolarining vazifalar taqsimotini belgilasin;
kengashlar ishini samarali tashkil qilish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirsin, ularning faoliyatiga ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va
maslahatchilarni jalb qilsin;
har kuni tegishli kengashlar tomonidan tayyorlanayotgan takliflarning, shu jumladan joyiga chiqqan holda muhokamasini tashkil etib borsin;
takliflarni tayyorlash jarayonida kengash a’zolari o‘rtasida samarali va doimiy kommunikatsiya hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
kengashlar tomonidan har tomonlama asoslantirilgan takliflar ishlab chiqilishini va ularning o‘z vaqtida Respublika shtabiga kiritilishini ta’minlasin.
7. Belgilansinki, 2022-yil 1-martdan boshlab har oyda ikkita hududiy kengashlar xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha tayyorlagan taklif va tashabbuslarini Milliy kengashga taqdimot qiladi.
Respublika shtabi (Abduvaxitov, Saidov) hududiy kengashlarga taqdimot materiallarini tayyorlashda ko‘maklashsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi (Kamilov):
Respublika shtabi so‘roviga asosan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda xalq ta’limi tizimini isloh qilish yuzasidan rivojlangan davlatlarning tajribasini chuqur o‘rganib, ular bo‘yicha ma’lumotlarning tezkor taqdim etilishini ta’minlasin;
ushbu ma’lumotlarni tayyorlashda xorijiy davlatlarning nufuzli ekspertlari, olimlari va mutaxassislari bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish (shu jumladan, videokonferensaloqa shaklida), ulardagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarni tarjima qilish choralarini ko‘rsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlaridan xalq ta’limi tizimini isloh qilish yuzasidan tayyorlangan tahliliy axborotlar va hisobotlar, shuningdek, tavsiya va takliflarni Respublika
shtabiga taqdim etsin;
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda zarur hollarda kengash a’zolarini rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.
9. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-fevral,
F-22-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga
1-ILOVA
Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha milliy kengash
TARKIBI
1.
|
Sh.M. Mirziyoyev
|
—
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy kengash raisi
|
2.
|
A.N. Aripov
|
—
|
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Milliy kengash raisi o‘rinbosari
|
3.
|
A.A. Abduvaxitov
|
—
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Milliy kengash raisi o‘rinbosari
|
|