XALQ PEDAGOGIKASIDA DINNING O`RNI
Ilmiy rahbar: Q.Seytmuratov-pedagogika fanlari nomzodi,dotsent
Talaba: D.Gulmonova- Boshlang`ich ta`lim fakulteti talabasi
Jamiyatda barcha shaxslar o`z ichki dunyosi va o`ziga xos fikrlash qobilyatiga ega. Individning shaxs sifatida shakllanishida unga turli xil omillar ta`sir qiladi. Jumladan, irsiyat, tashqi muhit va albatta tarbiyaning o`rni beqiyosdir. Bu borada hech bir omil insonni tarbiyalash jarayonidek mukammal va izchil tuzilmagandir. Albatta, u mudom izchil yoki mukammallik darajasiga yetmasligi ham mumkin, lekin tarbiya individning-shaxs, shaxsning esa-haqiqiy inson bo`lishida xizmati katta. Ta`lim jarayonida o`ziga xos shunday jihatlar borki, uni na inkor etib, na yo`q qilib bo`ladi. U hamisha inson ichki dunyosida ishonch, suyanch, tayanch va taskin vazifalarini bajaveradi. U har bir millat tarbiya jarayonida ishtirok etadi va o`z o`rniga egadir. Bu shubhasiz- din hisoblanadi.
“Din azaldan insoniyat va jamiyat hayotining poydevori bo`lib kelgan. Din vositasida insonning tabiati, hayvonot olami bilan umumiy jihatga ega bo`lgan fiziologik mayllar, ehtiyoj va instinktlari jilovlandi ularga insoniy qiyofa berildi. Diniy ongning asosida “yaxshilik va yomonlik”, “ezgulik va yovuzlik”, “adolat va adolatsizlik” kabi kategoriyalarning dastlabki elementlari shakllangan.”{1:5}
Demak, din inson paydo bo`lgan qadimgi davrlardan bizgacha yetib kelgan va shakllangan. U insonlarni birlashtirish , muvozanatlashtirish , bo`ysuntira olish, to`ldirish kabi qator vazifalarni bajargan.
“Din kishilarning ga`yritabiiy kuchlarning mavjudligiga ishonishdan yuzaga kelgan. Zero, “din” so`zi arab tilidan olingan bo`lib o`zbek tilida “ishonch” “ishonmoq” degan ma`nolarni anglatadi.” [1:13]Din jamiyatning yuksalishida, uning rivojida, birlashishida va ularni tar`gib etishdada bevosita xizmat qiladi. Xususan , bu borada bularning barchasining tub mohiyatida yotuvchi tarbiyada dinning o`rni juda katta. Diniy ong insonlarning fikrlashlarida, his-tuyg`ularini ifoasida kayfiyatlarining va dunyoqarashlarining tizimidir. Dining vazifalari ko`p bo`lgani kabi, tarbiyaning ham o`ziga xos vazifalari ko`p, lekin eng ahamiyatli joyi shundaki, tarbiya jarayoni din bilan bevosita bog`liq. Masalan, dunyo xalqlari urf-odatlari, ananalari va marosimlari ularning diniga chambarchas bo`gliq bo`ladi. Mana shu bog`liqlik din va tarbiyaning uzilmas zanjiridir. Shuningdek, dinning psixologiyada o`ziga xos o`rni bor bu har bir insonning ichki dunyosini shakllantirishda, rivojlantira olish xususiyatiga ega. Bu borada, ayniqsa, din insonni o`zini-o`zi tarbiyalashida ishtirok etadi. U ruhni , tanni, vujudni poklashning va muvozanatlashtirishning eng yaxshi usulidir.
Masalan, musulmonlarning muqaddas dini bo`lmish islomda, nafaqat qalb pokligi va yaxshi tarbiya ulug`langan. Shu bilan birga islomning hech bir o`rinda insonning o`z manfaatlari ustun qo`yilmagan, balki, atrofidagilarga yaxshilik ulashish, ularga mehr oqibatli bo`lishlik, eng avvallo, ota–onaga bo`lgan hurmat, e`zoz chin ma`noda insoniy fazilat sifatida tan olingan. Dinimizda yuksak tarbiyaning misoli sifatida inson qanchalik yaxshi amallar bajarmasin, avvallo , uning qalbi, vujudi pok bo`lmasa bulardan uning ruhiga va ichki dunyosiga haqiqiy o`zgarish sezilmaydi. Shuningdek, yuqorida aytib o`tilgan fikrlar isboti sifatida Payg’ambarimiz (s.a.v)hadislarini keltirib o`tamiz: ”Kimki qalbini imonga holis qilsa va dilini pok qilsa, tilini rostgo`y qilsa, ko`nglini xotirjam qilsa,xulqini to`g`ri qilsa, qulog`ini ibratli eshitadigan va ko`zini ibratli ko`radigan qilsa, demak u najot topadi. ” [2:97]Bundan shuni anglashimiz mumkin- inson yaxshilikni, tarbiyani, avvallo,o`ziga va o`z ichki dunyosiga tuhfa qilmog`i lozim, o`zgarishni ichidan, ichki dunyosidan boshlab uni amallarida aks ettirsagina, u o`z amallaridan, qilgan savobli ishlaridan qoniqish, zavq olishi mumkin. Ko`rinib turibdiki, din tarbiya borasida biror kimni o’zgartirmaydi, balki o`z-o`zini, qalbini tarbiya qilishni o`rgatadi, xolos. Qalbi pok bo`lgan hech bir inson, shubhasiz, kelajakda yomon shaxs bo`lib yetishmaydi. U bu bilan nafaqat o`zini balki atrofidagi barcha insonlarga oz ta`sirini ko`rsatadi va ularni hatto tarbiyalashga qodir.
Payg’ambarimiz (s.a.v) hadislarida shunday yoziladi: ”Mo`minlarning musulmonchilikda afzali musulmonlarga qo`lidan va tilidan ozor yetkazmagan kishidir. Mo`minlarning imonda afzalrog`i hush xulqlisidir. Alloh uchun hijrat qilguvchilarning afzalrog`i Alloh man qilgan narsalarni tark etuvchidir. Jihodning afzali Alloh yo`lida kishi o`z nafsiga qarshi kurashuvidir .‘‘[2:152]Bu hadislarda keltirlib o`tilgan barcha ibratli g`oyalar asrlar davomida o`z kuchini, jozibasini, haqiqatini, qadr-qimmatini yo`qotmagan. Mana, necha asrlarki hayotimizda o`z izohi va isboti bilan ko`rinib kelyabdi. Bundan ma`lumki, dinimiz nafaqat o`zimizni, o`zimizni tarbiya qilgandan so`ng butun jamiyatimiz tarbiyasini yuksaltirishda muhim omildir.
Nima uchun? –sababi bu hadislarning barcha-barchasi chin va haqiqatdir, shuning uchun ham haqiqat hech qachon so`nmaydi va o`lmaydi. U inson qalbida abadiy saqlanadi, insonlarga najot, umid, kelajakka ishonch kabi tuyg`ularni, hayotga muhabbat, o`zaro hurmat va oqibatni, inson umri davomidagi qadrli chin tuyg`ularni, tarbiya borasidagi eng kuchli, samarali yo`llarini taqdim etaveradi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
A.V.Nazarbekov “Dinshunoslik asoslari “-Toshkent -2012 .
X.Davronov , A.Muminov “Muhammad payg`ambar qissasi.Hadislar “-
Toshkent “Kamalak”-1991.
R.Ergashev, M.Eshonqulov “Xalq pedagogikasi”-Guliston:2012.
Do'stlaringiz bilan baham: |