13
shakllangan. Karbonning o’rtalarida Atlas geosinklinal zonasida burmalanish
jarayoni sodir bo’lib, Atlas tog’lari vujudga keladi. Janubiy Afrikada ham yirik
o’zgarishlar bo’lib, botiqlarning (Kongo, Kalaxari, Karru) qiyofasi qisman
o’zgaradi. Permda Mozambik bukilmasi hosil bo’lib, Madagaskar orolini
materikdan ajratgan. Triasning oxirida burmalanish va ko’tarilishlar materikning
eng janubidagi Kap zonasini qamrab olib, Kap tog’larini vujudga keltiradi.
Afrika hududi oligosendan boshlab umumiy ko’tarilish bosqichiga qadam
qo’yadi. Yangi ko’tarilish bosqichi ayniqsa, materikning sharqiy qismida shiddat
bilan davom etib, Sharqiy Afrika va Efiopiya tog’liklarini hosil qilgan. Bu yerda
avval vujudga kelgan uzilmalar va yoriqlar zonasi uzil-kesil shakllanib, uzoq
masofaga cho’zilgan ko’p tarmoqli grabenlarni barpo etadi. Qizil dengiz, Adan
qo’ltig’i, Sharqiy Afrikadagi yirik ko’llar - Rudolf, Tanganika, N’yasa va boshqalar
ana shu grabenlarda vujudga kelgan. O’sha davrda tektonik yoriqlar harakatiga
shiddatli vulkanlar faoliyati hamrohlik qilgan. Avvalo yoriqlar tipidagi bazaltlar
oqib chiqib tog’liklarni, neogenga kelib markaziy tipdagi ulkan vulkanik tog’larni
hosil qilgan. Jumladan, Kilimanjaro, Keniya, Meru, Nyamlagira, Niragonga va
boshqa vulkanlar vujudga kelib, ularning ayrimlari hozir ham faol harakat qilib
turadi.
Al’p burmalanishi davrida (neogen va antropogen davrlar) yosh vulkanizm
materikning g’arbiy qismida ham meridional polosa buylab namoyon bo’lgan. Bu
polosa Gabes qo’ltig’idan boshlanib, Axaggar massivi orqali Kamerun massivi va
undan Angolagacha davom etadi. Ikkinchi vulkanlar polosasi Gvineya qo’ltig’idagi
vulkanik orollardan boshlanib, Tibesti vulkan massivigacha cho’zilgan. Yosh
vulkanlar G’arbiy Afrika sohillarida, Senegal va Liberiya hududlarida ham uchraydi.
Oligosenning boshlarida Afrikaning deyarli hamma qismi quruqlikka aylangan
bo’lib, dengiz sharoiti faqatgina materikning shimoli-g’arbiy chekkasidagi Rif-Tel
geosinklinalida hamda shimolda Liviya va Misrning qirg’oq polosasida saqlanib
qolgan. Miotsenda yuz bergan burmalanish natijasida Afrikaning shimoli-g’arbidagi
va shimolidagi suv havzalari butunlay chekinib, ularning o’rnini quruqlik egallagan.
So’nggi burmalanish Atlas tog’larining janubiy zonalarini ham qamrab olgan.
Afrikaning g’arbiy va sharqiy qismlarida tog’ hosil bo’lish jarayoni hozirga
qadar ham o’z faoliyatini yangi tektonik harakatlar shaklida davom ettirib kelmoqda.
Vulkanlarning vaqti-vaqti bilan otilib turishi va kuchli zilzilalarning takrorlanib
turishi buning isbotidir. Materikda yangi tektonik harakatlarning intensivligini
regional xususiyatga ega ekanligi shundan iboratki, Afrikaning sharqiy va g’arbiy
hududlari uchun kuchli seysmik harakatlar xarakterli bo’lsa, shimoliy, markaziy va
janubiy hududlari uchun kuchsiz seysmik harakatlar xarakterlidir. Antropogen
davrida Afrika hududi Yevrosiyo va Shimoliy Amerika materiklaridan farq qilib,
qoplama muzlik ta’sirida bo’lmagan. Lekin o’sha davrda yuz bergan iqlimiy
o’zgarishlar natijasida vujudga kelgan plyuvial (muzliklar davriga to’g’ri keladi) va
qurg’oqchil (muzliklararo davrga to’g’ri keladi) epoxalar galma-gal almashingan.
Do'stlaringiz bilan baham: