Qisqacha xulosalar
Davlat byudjeti ijtimoiy munosabatlarning bir qismini ifoda etib, davlatning ixtiyoriga mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning nisbatan kattagina qismini to’plash va uni jamiyat taraqqiyotining turli sohalarini rivojlanishiga yo’naltirish imkonini beradigan muhim taqsimlash vositasidir.
Mamlakatning asosiy moliyaviy rejasi ko’rinishida qonuniy rasmiylashtirilgan, davlat pul fondlarini yaratish va ulardan foydalanish borasidagi iqtisodiy munosabatlar majmuiga davlat byudjeti deyiladi. Davlat byudjeti taqsimlash va nazorat funktsiyani bajaradi.
Davlat byudjetining daromadlari mamlakat yalpi ichki mahsulotini taqsimlash va qayta taqsimlash umumiy jarayonining elementlaridan biri bo’lib, ular oraliq (tranzit) xarakterga ega. Ular yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli
bo’lgan daromadlar va jamg’armalarning bir qismini byudjetga o’tkazilishi natijasida vujudga keladi. Byudjet daromadlarining moddiy-buyumlashgan mazmunini davlatning ixtiyoriga borib tushgan pul mablag’lari tashkil etadi. Bu byudjet kategoriyasining namoyon bo’lish shakli byudjetga tushuvchi turli soliqlar, to’lovlar, yig’imlar, bojlar va ajratmalardan iborat.
Milliy iqtisodiyotga byudjetdan xarajat qilinishi davlatning xo’jalik yurituvchi asosiy sub’ektlardan biri ekanligidan darak beradi.
Davlat byudjeti xarajatlarining tarkibi va uning tuzilmasi davlatning tabiatiga, u tomonidan bajarilayotgan funktsiyalarga, milliy xo’jalikning ehtiyojlariga bog’liq hamda byudjet mexanizmi orqali ishlab chiqarish va iste’molning ba’zi bir omillariga davlatning ta’sirchanligini ta’minlash kabilar bilan belgilanadi.
Tayanch so’z va iboralar: davlat byudjeti, soliqlar, soliqli daromadlar, to’g’ri soliqlar, egri soliqlar, byudjet daromadlari, byudjet xarajatlari, byudjet kamomadi (defitsiti), byudjet ortiqchaligi (profitsit)
Nazorat savollari
Davlat byudjeti nimalarga bog’liq holda vujudga keladi va rivojlanadi?
Davlat byudjeti o’zida qanday munosabatlami ifodalaydi?
Davlat byudjeti uchun qanday xarakterli xususiyatlar xos?
Davlat byudjeti deb nimaga aytiladi?
Davlat byudjeti qanday funktsiyalarni bajaradi?
Davlat byudjetining taqsimlash va nazorat funktsiyalari qanday xarakterli xususiyatlarga ega?
Davlat byudjetining daromadlari o’z manbalariga ko’ra qanday guruhlarga bo’linadi?
Byudjetning soliqli daromadlari tarkibi nimalardan iborat?
Davlat byudjetining soliqsiz daromadlari tarkibiga nimalar kiradi?
To’g’ri (bevosita) va egri (bilvosita) soliqlarning tarkibi nimalardan iborat?
O’zining ijtimoiy-iqtisodiy belgisiga ko’ra davlat byudjetining daromadlari qanday guruhlarga bo’linishi mumkin?
Mulkchilik shakliga ko’ra davlat byudjetining daromadlari qanday ko’rinishlarga ega bo’lishi mumkin?
Hozirgi sharoitda davlat byudjeti daromadlarining tarkibi nimalardan iborat va uning tuzilmasi qanday?
Davlat byudjetining xarajatlari qanday xarakterli belgilarga ega?
Iqtisodiy mazmuniga ko’ra davlat byudjetining xarajatlari qanday xarajatlarga bo’linadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |