YAXSHILIK QILISH
Umuminsoniy axloqiy qadriyatlar orasida yaxshilik qilish fazilati muhim o’rin egallaydi. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi yodgorligi-“Avesto” da ezgu fikr, yaxshi so’z va yaxshi ishlar insoniy fazilat sifatida ulug’lanadi. Islom ta‘limotida boshqalarga yaxshilik qilish insonning tabiiy ehtiyoji, vojiboti bo’lishi kerakligi tushuntiriladi, ayniqsa, ota-onalar, ayollar, yosh bolalarga yaxshilik qilish juda qadrlanadi.
Ota-bobolarimiz doimo yaxshi niyat, yaxshi orzu-istaklar bilan intilganlar. O’zlaridan yaxshi nom qoldirishga intilganlar. “Yaxshilarga-yaxshilik qildim, yomonlarni esa o’z yomonliklariga topshirdim” (Amir Temur o’gitlari. Toshkent, “Navro’z”, 1992 yil, 17-bet).
Kishilarning fe‘l-atvori, yurish-turishi, xatti-harakati, gap-so’zi ularning xulqiga bog’liq. Yaxshi xulq egasi bo’lgan kishi odamlarga yaxshilik qila oladi. Abdulla Avloniy yaxshi xulqlar qatoriga: fatonat, diyonat, islomiyat, nazokat, g’ayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi, vijdon, vatanni so’ymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat, avf kabilarni kiritadi. “Emdi bu yaxshi xulqlarni qo’lga olmak uchun ota-ona, muallim, ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulog’i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo’lmak, axloqi buzuq, yomon kishilardan qochmoq lozimdur” (Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent, “O’qituvchi”, 1992 yil, 16-bet).
Ulfat Mahkamovning “Axloq-odob saboqlari” (Toshkent, “Fan” 1994, 134-bet) asarida: adolat, aql, baxt, burch, vatanparvarlik, vafo, do’stlik, iymon, insof, insonparvarlik, kamtarlik, latofat, lafz, mardlik, mehmondo’stlik, mehnatsevarlik, milliy g’urur, odamiylik, poklik, sabr-qanoat, saxiylik, to’g’rilik, yaxshilik, hayo, himmat kabi umuminsoniy va milliy-axloqiy sifatlarning mazmuni ochib berilgan. Ular kishilarni yaxshilikka da‘vat etuvchi fazilatlardir. “Inson dunyoga yaxshi ish qilish, yaxshi iz qoldirish uchun keladi, yaxshi farzandlarni tarbiyalab, qilgan yaxshi ishlari va qoldirgan yaxshi so’zlariga munosib vorislar tayyorlaydi”. (Karimov I.A. Xalqning otashqalb farzandi. Toshkent, “O’zbekiston”, 1992, 28-bet).
Yaxshilik-ijobiy axloqiy fazilat bo’lib, xulqiy sifatlarning majmuini, inson faoliyati yoki biror xatti-harakatiga ijobiy munosabatning yig’indisini aks ettiradi. Yaxshilik-kishining axloqiy ongi va axloqiy tajribasida jamiyat va shaxs manfaatlarining birligini aks ettirib, shaxsga va jamiyatga manfaat keltiradigan, ijtimoiy taraqqiyotga mos keladigan fazilatdir.
O’qituvchi odobida yaxshilik fazilatiga pedagogik faoliyat bilan bog’iq holda, o’qituvchining yaxshiligi shaklida aniqlik kiritiladi. Unda o’qituvchi va o’quvchilar jamoasi manfaatlarining birligi, muallim va o’quvchi maqsadining birligi, ta‘lim va tarbiyaning samarasi uchun kurashning birligi aks etadi. Yaxshilik fazilati muallimning ham, o’quvchilarning ham, ota-onalarning ham yaxshi niyatli, xayrixoh, mehribon bo’lishini taqazo qiladi. Yaxshilik qaror topishi uchun pedagoglik jarayonida yomonlikka murosasiz bo’lish yaxshi istak bilan xush muomala qilish, yaxshi qiliq, yaxshi xatti-harakatlarning birligi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |