Foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olish
toʼgʼrisida tushuncha.
Konchilik sanoati - zamonaviy industriyaning asosiy xom ashyo va yoqilgʼi bazasi hisoblanadi. U energetika va xalq xoʼjaligining boshqa tarmoqlarining asosiy yoqilgʼi manbaidir. Shuningdek, konchilik sanoati qora va rangli metallurgiya, ximiya sanoati, oʼgʼitlar ishlab chiqarish sanoati uchun xom-ashyo bazasi hisoblanadi. Xalq xoʼjaligida foydalanilayotgan tabiiy resurslarni 70% ni mineral xom-ashyolar tashkil qiladi.
Jahon miqyosida qazib olinadigan foydali qazilmalarning umumiy miqdori yiliga 9-10 mln. t ni, kon massasining yillik unumdorligi esa 35-37 mlrd. t ni tashkil etadi.
Ochiq usulda qazib olish ishlarining rivojlanishi, yer osti usulida qazib olishga nisbatan unumdor, iqtisodiy jihatdan samarador va xavfsizligidadir. Ochiq usulda qazib olishda ish unumdorligi yer osti usuliga qaraganda 5-8 marta yuqori, tannarxi esa 2-4 marta kam. Ushbu farq soʼnggi 30-40 yil ichida oshib borishda davom etmoqda.
Foydali qazilma boyliklariga xoʼjalik, qurilish, sanoat va ilmiy maqsadlar uchun qazib olinadigan va xom ashyo holida yoki qayta ishlangandan soʼng ishlatiladigan barcha turdagi togʼ jinslari kiradi. Foydali qazilmalar qurilish va sanoatning asosi hisoblanib, mamlakat iqtisodiyotida katta oʼrin egallaydi. Uni xom-ashyo sifatida qazib olish va qayta ishlash miqyosi esa davlatning ishlab chiqarish saviyasini, boyligi va iqtisodiy rivojlanishini belgilaydi.
Foydali qazilmalarni ochiq usul bilan qazib olishda qoplovchi va oʼz ichiga oluvchi togʼ jinslari ham qazib olinadi. Foydali qazilmalar va qoplovchi hamda oʼz ichiga oluvchi togʼ jinslari birgalikda kon massasi tushunchasi bilan birlashtiriladi. Togʼ jinslarini foydali qazilmalarga va qoplovchi jinslarga ajratish bu nisbiy tushunchadir. Qazib oluvchi va qayta ishlovchi texnikalarning rivojlanishi bilan koʼpgina qoplovchi togʼ jinslaridan foydali qazilmalar kabi foydalana boshlandi va bularning soni yildan-yilga oshib bormoqda.
Har xil togʼ jinslarini qazib olishda va turli-tuman qazilmalar, chuqurliklarni kovlash maqsadida yer ustida turib olib boriladigan ishlar yigʼindisiga ochiq kon ishlari deb aytiladi. Katta miqyosdagi ochiq kon ishlari foydali qazilma boyliklarini qazib olish bilan uzviy aloqadadir. Bunda yer ostida yotgan foydali qazilma boyliklarini qazib olish bilan aloqador barcha ishlar va jarayonlar, ochiq kon inshoatlari orqali amalga oshiriladi. Yer osti usulida qazib olishda esa foydali qazilma boyliklarini maxsus jihozlangan yer osti inshoatlari yordamida qazib olinadi. Konlarni ochiq usul bilan qazib olishda konchilik ishlari ikki qismga boʼlinadi:
ochish ishlari (qoplovchi jinslarni qazish, tashish va joylashtirish ishlari); qazib olish ishlari (foydali qazilma boyliklarini qazish, tashish, bir joyga toʼplash yoki tushirish ishlari).
Ochish ishlari foydali qazilmani qoplab turgan boʼsh togʼ jinslarini olib tashlashdan iborat. Ushbu jarayon foydali qazilmaga yetib borishni taʼminlashi va uni xavfsiz holda qazib olishga sharoit yaratishi lozim. Ochish va qazish ishlari natijasida karьer hosil boʼladi.
Karer – foydali qazilma konlarini ochiq usulda qazib olish uchun moʼljallangan va jihozlangan ochiq kon lahimlari kompleksidir.
Ishlab chiqarish asoslari va maqsadlari uchun ochuvchi va tayyorlovchi lahimlarni birlashtiradigan alohida kon tayyorlov ishlari oʼtkaziladi (asosiy xandak va yarim xandak, qirqma xandak va yarim qirqma xandak va boshqa lahimlar). Kon tayyorlov ishlarini oʼtkazishdan maqsad shundan iboratki, bu qazish joylariga (zaboylarga) va kon ishlarining boshlanish frontiga transportni kelishini taʼminlash uchun yoʼl ochib beradi.
Ochiq usulda qazish qoʼyidagilarni ham oʼz ichiga oladi:
kon va uning alohida uchastkalarini tayyorlash ishlari (asosan ustki qismini tayyorlash);
qazib olinayotgan togʼ jinslari massivi mustahkamligini taʼminlashdagi kon-zaxira muxofazasi va inshoatlarini hisobga olish ishlari (suv muvozanatini taʼminlash, kon jinslarining oʼz-oʼzidan yonib ketishini va yuzaning deformatsiyasini oldini olishdagi qayta tiklash ishlari va h.k. ishlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |