BIR TO'P KABUTAR
Hatto turmaning ham osmonlari bor,
Toshyo'lak chokida giyohlar bitar.
Garchi tovushtutar posbonlari bor...
O'mbaloq oshadi bir to'p kabutar.
Qanotlar elidan lang'illar quyosh,
Shamollar bir nafas nafasin yutar.
Yaraqlab ketadi bir hovuch to'ptosh,
O'mbaloq oshadi bir to'p kabutar.
Simlar o'ramida bo'g'ilgan havo,
Simlar o'ramida havolar zahar.
Harir havolarni to'zg'itib har yon,
O'mbaloq oshadi bir to'p kabutar.
Kabutarxonaga aylanadi ko'z,
Yurak potirlaydi, o'ynaydi battar.
Xo'rsiniq uchadi: O'n... yigirma... yuz...
O'mbaloq oshadi bir to'p kabutar.
...Hukmingni bekor qil, taqdiri azal,
Yulduzim, uchaylik yulduzlar qadar.
Osmon buncha cheksiz, bunchalar go'zal!
O'mbaloq oshadi bir to'p kabutar...
1989
Do'stlaringiz bilan baham: |