Mehnat resurslari va qurilishning kadrlar salohiyati
Mehnat resurslari - bu aholining jismonan rivojlangan, aqliy qobiliyat va bilimlarga ega, mehnatga layoqatli qismidir. Odatda ularni aholining iqtisodiy faol qismi deb ataladi.
Mehnatga layoqatli aholining katta qismi (moddiy ishlab chiqarish sohasida band bo‘lganlarning taxminan 8-10 foizi) bugungi kunda qurilish sohasida ishlamoqda. Aynan ular qurilishning asosiy fondlarini ham, aylanma fondlarini ham harakatga keltiradilar, xalq xo‘jaligi va aholi uchun kerakli ob’ektlarni vujudga keltiradilar.
Bozor va bozor munosabatlari sharoitlari mehnat resurslarini mahorat bilan boshqarish va avvalo, kadrlarni makroiqtisodiy miqyosda ham, uning birlamchi bo‘g‘inlari - korxonalar, tashkilotlar va boshqa xo‘jalik sub’ektlar miqyosida ham kadrlarni to‘g‘ri tanlab, to‘g‘ri joylashtirish ham muhim ahamiyatga egadir. Bugungi kundagi kadrlar ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyasini yaxshi tushunish bilan birga, iqtisodiyot va iqtisodiy rivojlanish qonunlarini, biznes-strategiyalarni, ilmiy menejment asoslarini, xo‘jalik yuritishning huquqiy masalalarini bilishlari, ishlab chiqarishda yuzaga keladigan vazifalarni tezkor echa olishlari kerak.
Islohotlardan avvalgi davrda kadrlar bilan ishlashning tahlili unda quyidagicha salbiy jihatlar bo‘lganligini ko‘rsatmoqda:
- kasbga yo‘naltirishning, kadrlarni ya’ni ishchilarni va rahbarlarni (menejerlarni) tanlash va joylashtirishning rasmiyligi;
- ayrim ishlovchilarning shaxsiy sifatlariga, ularning mehnat natijalariga ortiqcha baho berish yoki etarli baholamaslik;
- ishlovchining o‘z ish lavozimiga mos emasligi yoki ishga qabulqilishdagi proteksionizm;
- mehnat natijalari uchun javobgarlikning so‘sayishi;
- o‘z-o‘zini tanqid va o‘z-o‘zidan norozilikni bilmaslik;
- mehnatga haq to‘lashda tenglashtirish, mahorat va tashabbuskorlikka, mustaqillikka etarli e’tibor bermaslik.
Bugungi kunda qurilishdagi kadrlar siyosati boshqa tarmoqlardagi bilan deyarli bir xil bo‘lib, avvalo bozor talablari va bozor munosabatlariga, qarorlar qabulqilishda mustaqillikka asoslangandir. Bunda asosiy e’tibor inson omilining kuchaytirilishiga qaratiladi, chunki iqtisodiy taraqqiyotning taqdirini zavod va fabrikalar, mashinalar, asbob-uskunalar yoki ishlab chiqarish zahiralari emas, balki avvalo insonlar, ishchilar hal qiladi. Korxona yoki tashkilotning faoliyatini samarali yoki samarasiz qiluvchilar ham aynan ishchilar, mehnat jamoasidir.
SHu munosabat bilan inson omilining qurilishning samaradorligini oshirishga inson omilining ta’sir ko‘rsatishidagi asosiy jihat quyidagilardan tashkil topgan:
kadrlarni tanlash va ilgari surish;
kadrlarni tayyorlash va ularni o‘zluksiz o‘qitish;
kadrlar tarkibining barqarorligi va ixchamligi;
ishchilar mehnatini moddiy va ma’naviy baholashni takomillashtirish.
Bu vazifalarni hal qilishda qurilish tashkilotlari (firmalari) boshqa korxonalar kabi keng faoliyat miqyosiga egadirlar. Ammo bu erdagi umumiy qoida shundayki, ishlab chiqarishga ma’lumoti va kasbiy mahorati bilan ajralib turadigan kishilar kerak. Bugungi kunda, talab va taklif ko‘pincha bir-biriga qarama-qarshi turgan, endi shakllanib kelayotgan mehnat bozorida aynan ana shunday kishilarga bo‘lgan talab kuchlidir.
Qurilishda mehnat resurslarini boshqarish tizimi hozirgi kunda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan uch blokni o‘z ichiga oladi:
1) korxonaning mehnat resurslarini shakllantirish;
2) korxonaning mehnat resurslarini rivojlantirish;
3) hayotning mehnat davrining sifatini oshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |