GURUNTLARNING TARKIBI VA KLASSIFIKATSIYASI
REJA:
1. Zamin va poydevor tushunchalari. Poydevorsozlik sohasi rivojlanishining qisqacha tarixi
2.Gruntlarning tabiati va turlari
3.Gruntlarning qattiq zarrachalari va donadorlik tarkibi
4.Gruntdagi suv va gazning turlari hamda xossalari
5.Gruntlarning tuzilishi
Zamin va poydevor tushunchalari. Poydevorsozlik sohasi rivojlanishining qisqacha tarixi
Inshootdan uzatiladigan bosimni o`ziga qabul qiladigan grunt qatlami zamin deyiladi. Bunda tabiiy va sun`iy zaminlar bir-biridan farqlanadi. Agar poydevor ta`sir zonasidagi gruntdan uning tabiiy tuzilishini o`zgartirmasdan foydalanilsa, u tabiiy zamin bo`ladi. Sun`iy zaminda esa grunt turli usullar bilan zichlanadi yoki qotiriladi.
Ma`lumki, inshootni juda kamdan-kam holda yer sirti bo`ylab joylashtirish mumkin. Chunki, yer yuzasidagi gruntlar namlik, harorat, shamol, o`simlik dunyosi, inson faoliyati natijalari va shunga o`xshash omillar ta`sirida o`zlarining shakli va tuzilishini doimiy ravishda o`zgartirib turadi, natijada ularning yuk ko`tarish qobiliyati ko`pincha unchalik yetarli bo`lmaydi. Bundan tashqari yer sirti bo`ylab quriladigan inshootning ustivorligi ham birmuncha kam bo`ladi. Yuqorida bayon etilgan omillar inshootni yer sathidan biroz quyiroqda joylashtirish zarurligini ko`rsatadi. Inshootni zaminning ishonchli qatlami bilan bog`lovchi uning yer osti yoki suv ostida joylashadigan qismiga poydevor deyiladi. Poydevor inshootdan tushayotgan yukni o`ziga qabul qiluvchi va uni zaminga uzatuvchi hamda zaminning ustivorligini ta`minlovchi konstruktsiyadir.
Zamin va poydevorlarni loyihalash va barpo etish bilan insoniyat juda qadim zamonlardan beri shug`ullanib keladi. Eramizdan bir necha ming yillar ilgari ham Xitoy, Hindiston, Yunoniston, Arabiston, Markaziy Osiyo va Yevropaning taraqqiy etgan mamlakatlarida zaminga ko`p yuk uzatuvchi muhtasham bino va inshootlar barpo etilgan. Misol tariqasida Nil daryosi sohilida bundan 4,5 ming yil avval qurilgan, zaminga 120 N/sm2 bosim uzatuvchi Xeops piramidasini keltirish mumkin. Zamin va poydevor turlarini tanlash hamda ularni qurish haqidagi ma`lumotlar eramizdan bir asr ilgari yashab o`tgan rimlik me`mor Vitruviyning «Arxitektura haqida o`nta kitob» asarida ham yozib qoldirilgan.
Agar tarixga nazar tashlasak, O`zbekiston hududida yashagan xalqlar ham qadimdan ishonchli poydevorlarni qurish bo`yicha katta tajriba va bilimlarga ega bo`lganligiga guvox bo`lamiz. Bobokolonimiz Abu Rayxon Beruniy o`zining geologiya va qurilishga oid asarlarida zamin tayyorlash ishlariga jiddiy e`tibor bilan yondoshish zarurligini alohida ta`kidlab o`tgan. Ajdodlarimizning poydevorsozlik bo`yicha bilim va tajribalari darajasini Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va ulardan keyingi davrlarda qurilgan inshootlar misolida ham ko`rish mumkin.
Zamin va poydevorlarning birgalikda ishlashini ta`minlash ayniqsa yirik gidrotexnika inshootlari uchun juda muhimdir, chunki suvga to`yingan yoki suv ta`sirida bo`lgan gruntlarning xossalari, quruq holdagi gruntlarnikidan keskin farq qiladi. Ajdodlarimizning gidrotexnika inshootlarini qurish sohasida ham katta tajribaga ega bo`lganligini X-asrda Forish tumani hududida qurilgan Xon tug`oni yoki XVI-asrda barpo etilgan Abdullaxon tug`onlarining konstruktsiyalari tasdiqlay oladi.
Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar fanining zamonaviy asoslarini yaratishda K.Tertsagi, N.M.Gersevanov, N.A.Tsitovich, M.I.Gorbunov-Posadov, D.Ye.Polshin, B.I.Dolmatov, N.N.Maslov, A.I.Simvulidi, S.S.Vyalov va boshqalarning katta hissalari bor. O`zbekiston olimlaridan G.O.Mavlonov, X.Z.Rasulov, T.SHirinqulov, Ye.S.Pesikov, I.O.Odilov va boshqalar fanning asosiy qoidalarini Markaziy Osiyo mintaqalari sharoitlariga muvofiqlashtirish va yanada rivojlantirish bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlarini bajarganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |