Topshiriq berish – oʻquvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida qoʻllaniladigan usul.
Tarbiya vositalari tarbiya jarayonining ta’sirchanligini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan moddiy buyumlar, narsalar, ma’naviy omillar, faoliyat (oʻyin, oʻqish, mehnat, muloqot), hissiy yondashuv koʻrinishidir.
Tarbiya turlarining umumiy tavsifi. Tarbiya turlari turli sohalarga koʻra tasnif etiladi. Koʻproq umumlashgan tasnif oʻzida aqliy, mehnat, jismoniy tarbiyani qamrab oladi. Ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlarning turli yoʻnalishlari bilan bogʻliqlikda fuqarolik, siyosiy, baynalmilal, axloqiy, estetik, mehnat, jismoniy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy tarbiyaga boʻlinadi. Institutsional belgilariga boʻyicha oila, ta’lim muassasasi, ta’lim muassasasidan tashqari, diniy, bolalar, yoshlar tashkilotlaridagi tarbiya, maxsus ta’lim muassasalaridagi tarbiyaga boʻlinadi.
Tarbiya va tarbiyalanuvchilar orasidagi munosabatlar uslubiga koʻra avtoritar, demokratik, liberal, erkin tarbiya; turli falsafiy konsepsiyalar bilan bogʻliqlikda pragmatik, aksiologik, jamoaviy, individual tarbiya farqlanadi.
Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining bir qismi boʻlib, u tarbiyaviy jarayonning mazmuni, metodi va tashkiletilishimasalalarini oʻrganadi. Jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqiyoti oʻsib kelayotgan barkamol avlod tarbiyasi bilan bogʻliq jarayonni hamqaytadan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Tarbiya nazariyasi Oʻrta Osiyo faylasuflarining tarbiya haqidagi fikrlariga va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalariga tayanadi. Tarbiya nazariyasi oʻz qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya fanlari ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa boʻlimlari: pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, maktabshunoslik bilan uzviy bogʻlangandir.
Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya tarbiyachining tarbiyalanuvchi shaxsiga oddiy ta’sir koʻrsatishi emas, balkitarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning aniq bir maqsadga qaratilgan,bir-biri bilan hamkorlikda qiladigan munosabatlari va oʻzaro ta’sir koʻrsatishi ekanligi alohida ta’kidlanadi.
Tarbiya aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sogʻlom, e’tiqodli, dili pok, ruhi komil, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, baynalminal, insonparvar barkamol shaxsni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tarbiya mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar, milliy an’analar va mintaqalararo xususiyatlarni hisobga olgan holda olib boriladi.
Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, xarakteri, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi.
Bola kattalarning tajribalarini sust holda emas, balki faol ravishda oʻzlashtiradi: bu oʻzlashtirishda uning ongli harakati, tirishqoqligi ahamiyatga ega boʻladi. Tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat koʻrsatmasalar tajriba va bilimni oʻzlashtira olmaydilar. Bolaning yoshi ulgayib borgan sari bu faollik tobora koʻproq mustaqillik xususiyatlariga ega boʻlib boradi: tarbiyalanuvchilar oʻzlarida dunyoqarashni tarkib toptirishga, oʻz-oʻzini takomillashtirish, tabiat, jamiyat va turmushda uchraydigan hodisalarni tushunishga hamda idrok etilgan narsalarga tanqidiy munosabatda boʻlishga koʻnika boradilar.
Hamma davrlarning ilgʻor kishilari tarbiyaga yuqori baho berganlar. Xalq donishmandlari va mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zavqiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Hamza, Abdulla Avloniy inson kamolotini ilm-fan va tarbiyada deb bildilar.
Tarbiya jarayonida kattalar, tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilar jamoasi oʻzaro munosabatda boʻladi. Bu munosabat oʻzaro tushunish, ishonch, hamkorlik asosida qurilishi lozim.
Maktab butun tarbiya ishini hayot bilan hamohangi, oʻquvchilarga oʻtmish, tarix, san’at haqidagi ma’lumotlarni chuqur oʻrgatishi, xalq pedagogikasi asosida ish yuritishi, buyuk allomalarning farzand tarbiyasi borasidagi pedagogik qarashlari, inson ruhini chuqur oʻrganib, sharqona urf-odatlar, an’analar asosida yoshlarga mehnat malakasini singdirishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |