Gofri strukturali mineral paxta buyumlar tarkibida 30% gacha vertikal yo'naltirilgan tolalar bo'lib. o'rtacha zichligi 140-200 kg/m3. Ular deformativligi kichik va mustahkamligi gorizontal yo'nalgan tolali plitalarga nisbatan 1,7-2,5 marta yuqori bo'ladi.
Mineral paxta bikr plitalar va fason buyumlar (qobiqlar, segmentlar, yarim silindrlar) polimer, bitum va mineral bog'lovchilar (sement, giltuproq, suyuq shisha va boshq.) asosida ishlab chiqariladi. Mustahkamligini oshirish maqsadida bikr plitalar tarkibiga kalta tolali asbest kukuni kiritiladi. Plitalarning o'rtacha zichligi 100-400 kg/m3, issiqlik o'tkazuvchanligi 0,051-0,135 W/(m∙°C), qalinligi 40-100 mm.
Mineral paxta yarimbikr va yumshoq plitalar polimer, bitum va kraxmal bog'lovchilar asosida ishlab chiqariladi. Polimer bog'lovchilar asosidagi buyumlar (plitalar, silindrlar, segmentlar, matlar) mustahkamligi yuqori va ko'rinishi chiroyli bo'ladi. Plitalarning o'rtacha zichligi 35-250 kg/m3, λsi 0,041-0,07 W/(m∙°C). Ular cherdaksiz yopmalar va cherdak orayopmalarini isitish, fuqariolik
va sanoat binolarining devorlarini hamda texnologik uskunalar sirtining issiqlik izolatsiyasi uchun ishlatiladi.
Bazalt tolasi bazalt toshini eritib, tolaga aylantirib tayyorlanadi. Bazalt tolali paxta olovbardosh matolar, tasmalar, plitalar olishda ishlatiladi. Ular agressiv muhitlarga chidamli, paxta o'rtacha zichligi (harorat 0°C) 130 kg/m3 bo'lsa, λ= 0,35 W/(m.°C) bo'ladi.
14.3.2. Shisha-paxta asosidagi buyumlar
Oson eriydigan shishalar maxsus texnologiyalar bilan paxtaga aylantiriladi. Xomashyo sifatida shisha olish shixtasi (kvars qumi, kalsiylashtirilgan soda va natriy sulfat) va shisha siniqlari ishlatiladi. Shisha-paxta olish jarayoni quyidagicha: shisha massasi 1300- 1400°C haroratda vannali pechlarda eritiladi; shisha tolalar tayyorlanadi; buyumlar qoliplanadi. Shisha tolalar suyultirilgan massadan cho'zish va puflash usullarida tayyorlanadi.
Ishlatilish sohasiga ko'ra tekstil va issiqlik izolatsiyasi (shtapel) shishatolalari ishlab chiqariladi. Tekstil tolalarining o'rtacha diametri 3-7 mkm, issiqlik izolatsiyasi tolasi esa 10-30 mkm. Shisha tolalar uzunligi, kimyoviy muhitlarga bardoshliligi hamda mustahkamligininig yuqoriligi bilan mineral tolalardan farqlanadi. Shisha-paxtaning o'rtacha zichligi 75-125 kg/m3 issiqlik o'tkazuvchanligi 0,04-0,052 W/(m.°C), issiqlikka chidamliligi 450°C. Shisha toladan plitalar, polosalar, armaturalar, to'qima va noto'qima buyumlar tayyorlanadi (14.2-rasm). Toshlar va polosalar shisha tolalari shisha ip bilan tikib mahkamlab olinadi. Ularning o'rtacha zichligi 175 kg/m3 gacha, issiqlik o'tkazuvchanligi ko'pi bilan 0,04-0,05 W/(m.°C). Toshlar uzunligi 1000-3000 mm, eni 200-700 mm tayyorlanadi. Shishatolalar va polimer bog'lovchilar asosida yarim bikr plitalar olinadi. Ularning o'rtacha zichligi 75 kg/m3, λsi 0,047 W/(m.°C). Plitalar uzunligi 1000 mm, eni 500-1500 mm va qalinligi 30-80 mm o'lchamlarda ishlab chiqariladi. Shisha tolasi asosidagi buyumlar qurilish konstruksiyalarini, texnologik uskunalarni, 200°C haroratda ishlatiladigan truboprovodlarni, sanoat sovuqxonalari devorlarini issiqlik izolatsiyasida ishlatiladi.
14.2-rasm. Shisha-paxta
Do'stlaringiz bilan baham: |