Ikkinchi sharti- tavakkalchilik zamonaviy ilmiy-texnika bilimlari va tajribalariga mos kelishi lozim, shunday tajribalarni e`tiborsiz qoldirish mumkin emas.
Tavakkalchilik bilan bog`liq qilmishlarning zamonaviy bilim va tajribalarga mosligi haqidagi qonun talablari, avvalambor, bunday qilmishlarning subyektiv bilimlar va subyektiv tajribalarga muvofiq bo`lishini bildiradi.
Uchinchi sharti- o`z oldiga qo`yilgan maqsadga tavakkal qilmay erishishning iloji bo`lmasa, shaxs boshqalarning huquq va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishining oldindani olish uchun tegishli choralarni ko`rgan bo`lsa, bunday tavakkalchilik asosli deb topiladi. Ya`ni bunday hollarda shaxs o`z-o`ziga ishonish orqali harakat qilmasdan, balki aniq hisob-kitob olib boradi va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazilishining oldindani olishga harakat qiladi.
Oldindani olish choralarini ko`rish zarurligi obyektiv va subyektiv mezonlar asosida belgilanadi.
Obyektiv tomondan xavfsizlik choralarini ko`rish zarurligi shundan iboratki, tavakkalchilik bilan bog`liq harakatlarni amalga oshirish sharoiti aynan shu choralarning ko`rilishini talab qiladi (masalan, yong`in bilan bog`liq tajribalarni o`tkazishda yong`in xavfsizligini ta`minlash choralarini ko`rish).
Subyektiv tomondan xavfsizlik choralarini ko`rish zarurligi shuni bildiradiki, shaxs kelib chiqishi mumkin bo`lgan salbiy oqibat va uning hajmini anglay oladi, shu sababli zarar kelib chiqmasligi yoki ahamiyatsiz bo`lishi uchun ham u shunday choralarni ko`radi.
Yuqorida sanab o`tilgan barcha shartlar mavjud bo`lgan taqdirdagina tavakkalchilik asosli va huquqiy hisoblanadi, yetkazilgan zarar esa jinoiy emas deb topiladi. Bu borada yetkazilgan zararning hajmi ahamiyatga ega bo`lib, agar u erishilgan ijtimoiy foydali maqsaddan kamroq bo`lsa jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Kasb yoki xo`jalik faoliyatiga bog`liq asosli tavakkal qilishdan ko`zlangan ijtimoiy foydali natijaga erishilmagan va “yetkazilgan zarar” ijtimoiy-foydali maqsadga erishish natijasida olinishi mumkin bo`lgan natijadan ko`proq bo`lgan taqdirda ham tavakkalchi shaxsni javobgarlikka tortishga sabab bo`lmaydi.
Tavakkalchilik, agar muayyan maqsadga erishish uchun qilinmasdan, unga eksperimentlar o`tkazmasdan turib ham erishish mumkin bo`lsa va tavakkalga yo`l qo`ygan shaxs huquq va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarga zarar yetkazishining oldindani olmagan bo`lsa, asossiz deb topiladi.
Ayni vaqtda tavakkalchilik odamlarning halok bo`lishi xavfi, ekologiya holatining buzilishi yoxud boshqa og`ir oqibatlarning kelib chiqishi mumkinligini bila turib qilingan bo`lsa, masalan, sifatsiz oziq-ovqatlarni sotuvga chiqarish, katta maydondagi yerlarni zaharlash xavfi, suv shaxobchalarining zaharlanishi va hokazolar ro`y bersa asosli tavakkalchilik hisoblanmaydi.
Demak, quyidagilar:
A) ko`pchilik shaxslar hayoti uchun xavfli tarzda amalga oshirilgan;
B) ekologik halokat yoki ommaviy qashshoqlik xavfini tug`diruvchi;
D) boshqacha og`ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi tavakkalchilik asosli deb topilmaydi.
Odamlarning halok bo`lish xavfi deganda, tavakkalchilikni amalga oshirish oqibatida ikki yoki undan ortiq odamlarning hayoti xavf ostida qolishi tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |