O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
ARXIV ISHI BO‘YICHA ME’YORIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Arxivlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida” 1999-yil 15-apreldagi 769-I-son qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Tartibi 2-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxiv to‘g‘risida Namunaviy nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, davlat qo‘mitalari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar o‘z me’yoriy hujjatlarini “Arxiv to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va mazkur qaror bilan tasdiqlangan arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarga muvofiqlashtirsinlar.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Respublikada arxiv ishini boshqarish sxemasi to‘g‘risida” 1988-yil 31-oktabrdagi 389-son qarorining 1-bandi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) to‘g‘risidagi Nizom va respublika markaziy davlat arxivlari tarmog‘ini tasdiqlash haqida” 1992-yil 19-iyundagi 296-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 30-oktabr,
482-son
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan barcha arxiv hujjatlarining to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining yaxlitligini saqlab qolishga va fuqarolar, jamiyat va davlatning ijtimoiy, madaniy, ilmiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish maqsadida arxiv hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, jamlash, ekspertizadan o‘tkazish, hisobga olish, saqlash hamda ulardan foydalanishning yagona tartibini belgilashga qaratilgandir.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi — O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui.
Milliy arxiv fondi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi va davlatga tegishli bo‘lmagan qismidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |