Materialni tekshirishga tayyorlash. 1. Keltirilgan patologik material bir vaqtda botulizm toksinlari va qo’zg’atuvchisiga tekshiriladi; qon esa faqat botulizm toksinlariga tekshiriladi.
2. Oziqa namunasi, oshqozon massasi, jigar bo’lakchalari 25-30 g miqdorda steril havonchada steril qum bilan yaxshilab eziladi va teng miqdorda yoki ikki barobar ko’p hajmda fiziologik eritma quyib aralashtiriladi. Hosil bo’lgan bir xil gamogen massa 2 soat uy haroratida ekstraksiya bo’lishi uchun turadi. Uchdan ikki qismi toksinni ajratish uchun, bir qismi esa - qo’zg’atuvchini ajratish uchun ishlatiladi.
3. Kasal hayvonning qoni suyultirilmasdan tekshiriladi. Botulizm toksini qonda tez buziladi, shuning uchun uni joyida (xo’jalikda) tekshirish kerak.
Botulizm toksinini ajratish.
1. Patmaterial va oziqa namunalari paxtadan o’tkazib filtrlanadi yoki daqiqaiga 3000 aylanma tezlikda 30 min. sentrifuga qilinadi, keyin ikkiga bo’linib, uning bir qismi qaynoq suv hammomida 20-30 daqiqa qizdiriladi.
2. Tekshirilayotgan materialning har bir (qaynatilgan va qaynatilmagan) filtrati bilan 16-18 g vazndagi ikkita oq sichqon venasiga yoki qorin bo’shlig’iga 0,5-0,8 ml dozada yuborib zararlantiriladi. Dengiz cho’chqalari (300-350 g massali) terisi ostiga material 3-5 ml dozada yuboriladi (bittasiga qaynatilgan filtrat, ikkinchisiga - qaynatilmagani).
Materialda botulizm toksini bo’lsa, qaynatilmagan filtrat bilan zararlangan laboratoriya hayvonlari, 2-5chi sutkada botulizmga xarakterli klinik belgilari bilan (muvozanatni yo’qotish, nafas olishining tezlashishi, skelet mushaklarining bo’shashishi, qorin devorining tushishi «ari beli»dek) o’ladi . Qaynatilgan filtrat yuborilgan hayvonlar esa, sog’ qoladi.
3. Kasal hayvonlardan qon olingan zahoti ikkita oq sichqon yoki dengiz cho’chqalar qorin bo’shlig’iga 2 bandda ko’rsatilgandek dozada yuboriladi. Hayvonlar 5 sutka davomida kuzatiladi va klinik belgilar namoyon bo’lishiga qarab toksinning bor yo’qligi aniqlanadi.
4. Tekshirilayotgan materialdan toksin ajratilsa, maxsus botulizm toksinlari tiplari zardobi bilan neytralizasiya reaksiyasi qo’yiladi.
Buning uchun sog’liqni saqlash korxonalarida amaliyotda qo’llash uchun ishlab chiqarilgan maxsus botulizm tiplari zardobi ishlatiladi.
5. Tekshirilayotgan materialda ikki (yoki ko’p) toksin tiplari bo’lishi mumkin, shuning uchun neytralizasiya reaksiyasi quyidagi sxemada qo’yiladi: a). A. B, C, D, E tiplardagi zardoblar 0,2 ml hajmda olinib bitta probirkaga solinadi va unga 1,0 ml tekshirilayotgan material qo’shiladi. Aralashma 45 daqiqa uy haroratida yoki 30 daqiqa 35-37°C haroratda turishi kerak. Keyin 0,8 ml dan massasi 16-18 g keladigan oq sichqonlarning qorin bo’shlig’iga yuboriladi. Bir vaqtda tekshirilayotgan materialga teng miqdorda fiziologik eritma aralshtirilib undan boshqa ikkita hayvonga xuddi shu dozada yuboriladi (nazorat uchun). Agar botulizm toksini bo’lsa, tekshirilayotgan material bilan maxsus zardoblar qo’shilgan aralashma yuborilgan oq sichqonlar tirik qoladi, nazoratdagilari esa 2-4 sutkada botulizmning xarakterli klinik belgilarini namoyon qilib o’ladi. Toksinning tiplarini aniqlash zarurati bo’lmasa, olingan natijalar diagnoz qo’yishga asos bo’la oladi.
b). Botulizm toksinlarining tiplarini aniqlash uchun ushbu sxemada neytralizasiya reaksiyasi qo’yiladi: Tekshirilayotgan material 2,4 ml dan oltita probirkaga quyiladi, uning 5 tasiga 0,6 ml dan har xil tipdagi zardoblar: birinchisiga - A tip, ikkinchisiga - B tip. Uchinchisiga - C tip, to’rtinchisiga - D tip, beshinchisiga - E tip, oltinchisiga esa shu hajmda fiziologik eritma quyiladi. Aralashmali probirkalar 5 band a) da ko’rsatilgandek haroratda turishi kerak. Keyin har bir aralashma (zardob tekshirilayotgan material) alohida alohida shprislar bilan ikkita oq sichqon venasiga yoki qorin bo’shlig’iga 0,8-1,0 ml dozada yuboriladi. Neytralizasiya reaksiyasi natijasi 4 kun davomida hisobga olinadi.
Tekshirilayotgan materialning o’xshash zardob bilan aralashmasi yuborilgan hayvonlar tirik qoladi, qolganlari esa - botulizmning klinik belgilarini namoyon qilib o’ladi.
Tekshirilayotgan materialdan botulizm toksini aniqlansa, kultura ajratish uchun tekshirish o’tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |