Tommazo Kampanella (1568-1639) italyan gumanisti, "Quyosh shahri", "Xristian monarxiyasi haqida", "Cherkov hokimiyati haqida", "Ispan monarxiyasi haqida" asarlarining muallifi. U cherkov hokimiyati va oqsuyaklar hokimiyatining birligini himoya qiladi, protestant Reformatsiyasi g‘oyalarini inkor qiladi va papaning barcha xristianlar ustidan hukmronligini e’lon qiladi.
U ilohiyot podshohligining erda hukmron bo‘lishiga erishish uchun ko‘plab ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirish zarurligi haqidagi fikrni bayon qiladi, xristianlik vijdoniga mos ravishda xususiy mulk va ekspluatatsiyani yo‘qotishga chaqiradi. Mordan farqli ravishda u ana shunday holatga ommaviy qo‘zg‘olon orqali erishish mumkinligiga ishonadi. U Kalabriyada ispanlar hukmronligiga qarshi fitnaga boshchilik qiladi, fitna muvaffaqiyatsizlikka uchragach, u umrbod qamoqqa hukm qilinadi. Kampanella turmada 25 yildan ortiqroq vaqt bo‘ladi, o‘sha erda o‘zining asosiy asarlarini yozadi.
T.Mordan farqli ravishda u o‘ziga ma’qul bo‘lmagan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy tartibotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq tanqid qilmaydi. Unda quyosh shahar-davlatlarining ifodasi ilgarigi o‘ringa chiqadi va tanqidiy fikrlar ana shu fon ortiga yashirilgan.
Hokimiyat tarmoqlari faoliyat turlariga mrs keluvchi uch yo‘nalishga bo‘linadi. Bu faoliyat turlari: birinchidan, harbiy ishlar, ikkinchidan - ilm-fan, uchinchidan – aholini ishlab chiqarish, uni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlash va tarbiyalash. Ushbu hokimiyat tarmoqlarini Qudrat, Donishmand, Muhabbat deb ataluvchi uch boshqaruvchi iroda qiladi. Ularning har biri uch rahbarga boshchi, ulardan pastda esa yana uch mansabdor mavjud. Hokimiyat tepasida Metafizik nomli boshqaruvchi turadi, u o‘z fuqarolaridan olimlik, talant, tajriba va amaliyotda ustundir. U ruhoniylik va fuqarolik hokimiyatlarining boshlig‘i, u barcha muammoli masalalarni hal qilish huquqiga ega, ya’ni so‘nggi so‘z unga tegishli. Oliy hukmronlikda Metafizik ilm-fan, davlatni boshqarish ishlari va hokazolarda undan ko‘ra yuksakroq kishi paydo bo‘lguncha turadi. Ana shunday kishi paydo bo‘lsa, Metafizikning o‘zi uning foydasiga hukmronlikdan voz kechishi kerak. Metafizikka davlatni boshqarishda uning aqlda, tashkilotchilikda, axloqda benazir bo‘lgan uch yordamchilari: Qudrat, Donishmand, Muhabbat yordamlashadilar. Ana shu to‘rtlik xalq irodasi bilan almashtirilmaydi va ularning o‘zaro munosabatlariga xalq ta’sir qila olmaydi. Boshqa barcha rahbarlar va mansabdorlar saylov yo‘li bilan amal qiladilar.
"Quyosh shahri"ning mazmuni ilk sotsialistik qarashlardagi bir-biri bilan kelishtirib bo‘lmaydigan ikki tomonni aks ettiradi. Insonning intellektual, axloqiy sifatlari uning jamiyatdagi o‘rnini aniqlovchi narsalar ekanligi haqidagi fikrlar doimo avtoritarlik, asketizm, alohida olingan kishi hayotiga e’tiborsizlik bilan qarash, shunga mos tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratilishiga befarqlik bilan yonma-yon turadi. Ana shu ziddiyatlarning birini olib ko‘raylik: Solyariylar siyosiy jarayonlarda qatnashadilar, ammo ular bunda statistlar sifatida bo‘ladilar, chunki ularning ovozi hal qiluvchi emas, nari borsa maslahat ovoziga ega. Barcha narsani yagona boshliq-ruhoniy (Metafizik)va unga yordamchi bo‘lgan Qudrat, Donishmand va Muhabbat hal qiladilar. Solyariylar hayoti ikir-chikirigacha avvaldan hal qilib qo‘yilgan. Fuqarolarning barcha hatti-harakati yo‘naltirilgan va nazorat ostida. Ammo bu bir xillik ularni zeriktirmaydi. Ular shunga o‘rganib qolishgan. Hamma narsa avtomatizmga keltirilgan. Ularning uy-joyi, kiyim-kechagi, faoliyati, o‘yin-kulgilari va boshqalari bir xil. Alohidalik, har bir shaxsning qaytarilmas xislatlari, mustaqillikka intilishi, faolligi, o‘ziga xos manfaat va qiziqishlari borligi hech qanday ahamiyatga ega emas. Hamma sohada davlat manfaatlari ustun.
Shunday bo‘lsa-da unda ijobiy elementlar ham mavjud. Masalan, u fanning katta ahamiyati, aholi ta’limi darajasining roli, urushlarga chek qo‘yilishi, xususiy mulkning tugatilishi, adolatli va aqlga muvofiq boshqaruv haqida gapiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |