I bosqich – 1997-2001 yillarda dasturni amalga oshirish uchun zarur bо‘lgan huquqiy-meyoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan qо‘shimcha ravishda 65 milliard sо‘m mablag‘ sarf qilindi. Bu bosqich kadrlar tayyorlash dasturining moddiy-texnik ba’zasini yaratish davri deb nomlandi.
II bosqich – 2001-2005 yillarni о‘z ichiga olib, milliy dastur keng miqyosda joriy etildi. Bu bosqich Kadrlar tayyorlash milliy dasturining sifat bosqichi deb nom oldi.
III bosqich – 2005 yildan boshlanib, undan keyingi yillarni ham о‘z ichiga olmoqda. Bu bosqichda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosi yakuniga yetkazilib, erishilgan natijalar, tо‘plangan tajribalar umumlashtirilib, tahlil etilmoqda hamda shu asosda yurtimizda yangi ta’lim tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Shu boisdan bu bosqich ta’lim tizimini modernizatsiyalash davri deb atalmoqda.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi quyidagi maqsadlarni о‘z oldiga qо‘ygan:
ta’lim tizimida kadrlarning salohiyatini har tomonlama takomillashtirish va о‘qituvchilar, ustozlar va ilmiy xodimlarning professional nufuzini oshirish;
ta’lim tizimini tarkibiy qayta qurish, ta’lim va professional dasturlarni tubdan о‘zgartirish, ta’lim, fan, texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat sohasidagi jahon yutuqlariga tayanish;
majburiy о‘rta umumta’lim, о‘rta maxsus, professional ta’lim va tarbiya tizimiga о‘tishni ta’minlash.
«Ta’lim tо‘g‘risida» gi Qonunning yangi tahriri va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinganidan sо‘ng respublikamiz butun ta’lim tizimi, jumladan, oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yо‘nalishini ham tubdan isloh qilishning aniq strategik dasturiga ega bо‘ldi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining О‘zbekistonga xos eng muhim xususiyati – yangi turdagi 3 yillik о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini yaratishdan iborat vazifa sobitqadamlik bilan amalga oshirildi. Zamonaviy о‘quv va ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar barpo etildi, yangi ta’lim standartlari va axborot texnologiyalari, interaktiv usullar о‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Oliy ta’limda bakalavriat va magistratura tizimi joriy qilindi. jahon standartlariga xos oliy ta’lim tizimiga о‘tildi. О‘zbekiston respublikasining Birinchi prezidenti Islom Karimov ta’biri bilan aytganda: «Bilimdon, professional jihatdan savodli hamda g‘ayrat-shijoatli shaxslarni, о‘z mamlakatining chinakam vatanparvarlarini tarbiyalay oladigan, ularni buyuk milliy madaniyatning ulkan ma’naviy merosi bilan boyita oladigan, jahon fani va madaniyati durdonalaridan bahramand eta oladigan mamlakatgina, millatgina buyuk kelajakka erishishi mumkin».
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi Prezident Islom Karimovning bevosita rahbarligida ishlab chiqilib, amaliyotga izchil joriy etildi. Bugungi kunda turli mamlakatlar bizning bu boradagi tajribalarimizni katta qiziqish bilan о‘rganmoqda. 2009 yildan boshlab, yurtimizda 12 yillik majburiy talim joriy etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |