TRAVMATIK ShOKNING OLDINI OLISH VA DAVOLASH
Shokning oldini olish va davolash ishlarini bemorni evakuatsiya qilishning hamma bosqichlarida: hodisa ro‘y bergan joyda, tez yordam mashinasida va kasalxonalarda amalga oshirish mumkin.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda bemorga birinchi yordam berish quyidagi eng muhim tadbirlardan iborat bo‘lishi kerak: bemor shikastlovchi faktorning ta’siridan xalos qilinadi, tashqi qon oqishi vaqtincha to‘xtatiladi (jgut, zakrutka va hokazo bog‘lanadi), og‘riqsizlantirish chorasi ko‘riladi — teri ostiga morfin (1% eritmasidan 1 ml, pantapon (2% li eritmasidan 1 ml) yoki promedol (2% li eritmasidan 1 ml) yuboriladi, bemor isitiladi (issiq choy ichiriladi, issiq ko‘rpa bilan o‘raladi), yordamchi vositalar (tayoq, taxta va shunga o‘xshash) yoki shinalar bilan immobilizatsiya qilinadi, «og‘izdan-og‘izga» yoki «og‘izdan-burunga» sun’iy nafas oldiriladi. Iloji boricha, bemor darrov zambilga yoki taxtaga olib, yaqin orada joylashgan kasalxonaga jo‘natiladi. Urush vaqtida esa OMPdagi shokka qarshi palatalarga yuboriladi (47-rasm). Bemorlarga, ayniqsa, terminal holatda yotgan kishilarga barvaqt malakali yordam berish uchun so‘nggi vaqtda ixtisoslashtirilgan tez yordam mashinalari tatbiq etilgan. Bu mashinalarda intubatsiya qilish va azot (I)-oksid bilan narkoz berish, apparatlar yordamida kisloroddan sun’iy nafas oldirish, traxeotomiya qilish, venaga va arteriyaga qon hamda suyuqliklar quyish uchun hamma zarur narsalar bor.
Shikastlangan organga, shuningdek, butun organizmga orom berish zarur. Bemorni ehtiyotlik bilan goh u yoniga, goh bu yoniga, goh chalqanchasiga yotqizish, avaylab to‘g‘ri tashish, shikastlangan qo‘l (oyoq o‘z vaqtida va to‘g‘ri immobilizatsiya qilish muhim ahamiyatga ega. Bemor shok holatidan chiqarilguncha immobilazatsiya buzilmasligi lozim. Og‘riqqa qarshi kurashish uchun mahalliy infiltratsion anesteziya (novokain blokadasi), shuningdek, analgetiklar qo‘llaniladi. Naysimon suyaklarning singan joyiga novokain (1-2% li eritmasidan 10-20 ml) yuboriladi. Ko‘krak qafasi jarohatlanganda Vishnevskiy usulida vagosimpatik blokada qilish, qorin jarohatlanganda buyrak atrofidagi kletchatkaga novokain eritmasini yuborish samara beradi.
Analgetik moddalardan morfin, promedol, pantopon ko‘proq ishlatiladi, 0,25% li novokain eritmasini venaga tomchilab yuborish og‘riqni bosadi. Venaga qon quyish shokni davolashning asosiy usullaridan biridir. Shokka qarshi eritma yuborish bilan birga qon yoki plazma quyish ham kerak. Qonning o‘rnini bosadigan eritmalardan poliglyukin, sinkol, polivinil-alkogol samaralidir, ular shokda har gal 500 ml dan 2000 ml gacha tomchilatib quyiladi.
Qon tomirlari tonusini oshirish uchun kamfora, kofein, kordiamin, noradrenalin ishlatiladi.
Nafas olishni normallashtirish va kislorod yetishmovchiligiga qarshi kurashish uchun kislorod bilan davolash kerak; yostiqlardan yoki yanada yaxshisi burun yo‘liga halqumning orqa devoriga kiritilgan kateter orqali kislorod beriladi. Nafas olish og‘ir darajada buzilgan bo‘lsa, maxsus apparatlar yordamida boshqariladigan nafas olishga o‘tiladi, shuningdek, traxeotomiya qilib, o‘pka ventilyatsiyasi osonlashtiriladi.
Ko‘pincha og‘ir shikastlanishlardan keyin, kuyganda, operatsiya vaqtida hamda operatsiyadan keyin bolalarda shok holati yuzaga kelishi mumkin. Shok bolalarda kattalarga nisbatan juda o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shuning uchun bolalarga orom berish, novokain blokadasi qilish, har xil narkotik dorilarni qo‘llash katta ahamiyatga ega. Og‘riqni kamaytiradigan dorilar sifatida 1% li promedol, morfin yoki pantopon eritmasidan foydalanish mumkin. Bu narkotik moddalarga yosh bolalar juda sezgir bo‘ladi. Shuning uchun ham juda ehtiyot bo‘lish kerak. Ko‘pincha bu maqsadda promedol ko‘p ishlatiladi, chunki u boshqa narkotik moddalarga nisbatan nafas markazini kamroq ta’sirlaydi. U faqat teri ostiga yuboriladi, dozasi esa yoshga qarab kamaytiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |