Zichlanmalar
Haydalayotgan suyuqlik muhitining nasos korpusidan o‘tadigan joyida nasos agregatidan oqib chiqib ketishining oldini olish maqsadida zichlanmalar joylanadi.
2.8-rasm. Markazdan qochma nasoslar otvodlarining tuzilishi:
a — halqali otvod; b — spiralli otvod
2.9-rasm. Markazdan qochma nasosning juft spiralli otvodi:
a — juft spiralli otvodi bo‘lgan nasos tuzilishi; b — nasos juft otvodining sxemasi
Barcha mavjud zichlanmalar ikki guruhga bo‘linadilar. Birinchi guruh — kontaktli zichlanmalar. Ular zarur samarani zichlashtiruvchi element: halqa, manjeta, qistirma, diafragma va shu kabilarning zichlanayotgan yuza bilan kontakti hisobiga ta’minlaydilar. Ikkinchi guruh — kontaktsiz zichlanmalar
Bu erda zichlanayotgan yuzalar orasida maxsus kichik oraliq (zazor) yaratilib, ular orqali haydalayotgan suyuqlik muhitining ozroq miqdorda oqib ketishi muqarrar. Suyuqlik oqib ketishini cheklab turadigan zichlovchi samaraga kontaktsiz zichlanmalarda suyuqlik muhitining kichik zazor orqali oqishida gidravlik qarshilik yuzaga kelishi hisobiga erishiladi.
Asosan markazdan qochma nasoslarda kontaktli — salnikli, manjetli, chekka (toretsli) (mexanik) zichlanmalar, kontaktsiz zichlanmalardan esa — labirintli turi qo‘llanadi. Zichlanmalarning boshqacha turlari ham mavjud bo‘lib, ular salnikli, manjetli, chekka (toretsli) (mexanik) zichlanmalar va labirintli zichlanmalar bilan birga turli qurilmalarda (kompressorlar, havo haydagichlar va h.k.) qo‘llanadilar.
Salnikli zichlanma (salnik) — bu ko‘pdan beri ma’lum bo‘lib, konstruksiyasiga ko‘ra sodda, yumshoq salnikli to‘ldirgichli zichlanma. Bu kabi zichlanma zichlagichdan — salnikli to‘ldirgich paketidan; to‘ldirgich halqalari joylashgan salnik kamerasidan; to‘ldirgich paketini vaqti-vaqti bilan aylanib turgan valga bosib turish uchun mo‘ljallangan qopqoqdan iborat (2.10, a-rasm).
Salnik to‘ldirgichini valga bosish natijasida ular orasida kichik zazor va kontaktning muayyan darajadagi germetikligini ta’minlaydigan kontakt zo‘riqishi yuzaga keladi. Bu bilan ortiqcha bosim ostida bo‘lgan haydalayotgan Suyuqlikning zichlama orqali atrof muhitga oqib chiqib ketishining oldi olinadi.
2.10-rasm. Markazdan qochma nasosning cho‘kindilarni uzatish uchun salnikli zichlanmasi:
a — salnikli zichlanma tuzilishi; b — salnikli to‘ldirgichning umumiy ko‘rinishi
Zichlanma salnikli to‘ldirma shnuridan kesib tayyorlangan bir necha alohida halqalardan tashkil topadi (2.10, b-rasm). Ishlab chiqariladigan salnikli to‘ldirmlarning aksariyati antifriksion modda (grafit, talk va b.) qo‘shilgan surkov materiali shimdirilgan tolasimon to‘qima asosdan iborat bo‘ladi.
Nasosning ish jarayonida uning salnikli zichlanmasiga moylash va sovutish maqsadida uzluksiz tarzda suv haydab keltiriladi. Noagressiv suyuqlik muhitlarini
(texnik suv, ichimlik suvi va sh.k.) uzatadigan nasoslarda zichlanmaga haydalayotgan suvning o‘zi nasos korpusi yoki dam quvuridadagi ortiqcha bosim sohasidan uzatiladi. Salnikli zichlanmalar agressiv, gidroabraziv va boshqa shu kabi suyuqlik muhitlarda ishlaganida (masalan, cho‘kindi haydashda) suv zichlanmaga texnik suv ta’minoti tizimidan uzatiladi. Bunda salnikli kameraga suv uzatadigan quvurda undagi suyuqlik muhiti bosimini muvofiqlashtirish uchun manometr va ventil o‘rnatiladi.
Nasoslar valining diametri, tipa haydalayotgan (zichlashtirilayotgan) suyuqlik muhitiga va boshqa omillarga bog‘liq holda toza suv uzatishga mo‘ljallangan nasoslarning salnikli zichlanmalari uchun suvga bo‘lgan ehtiyoji — 0,1-10 l/s, cho‘kindi uzatadigan nasoslarda — soatiga bir necha litrdan bir necha kubometrga qadar bo‘ladi.
Salnikli zichlanmalarni moylash va sovutish uchun ishlatilgan suv nasosdan chiqarib tashlanadi. Suvni chiqarib tashlash joyi har gal alohida aniqlashtiriladi. Ba’zi tipdagi nasoslarda ishlatilgan suv salnik kamerasidan haydalayotgan suyuqlik muhiti bilan birga olib ketiladi.
Vaqt o‘tishi bilan salnikli to‘ldirmadan yog‘ va boshqa moddalar ajralib chiqib, u zichlashadi va o‘z germetikligini yo‘qotadi. Ana shu sabab tufayli zichlanmalar germetikligini ta’minlash maqsadida to‘ldirmani vaqti-vaqti bilan tortib turish talab etiladi.
Salnikli zichlanmalarning ustun jihati – konstruksiyasining soddaligi va nasosni qismlarga ajratmagan holda to‘ldirmani tez almashtirish imkoniyati. Shunga qaramay, salnikli zichlanmalar nasoslar konstruksiyasidan yangicha zichlanma turlari bilan asta-sekin siqib chiqarilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |